Iqtisodiyot | 15:10 / 24.05.2024
7771
3 daqiqa o‘qiladi

Tijorat banklari valuta kursining o‘zgaruvchanligini asosiy xatar deb hisoblaydi  

Markaziy bank 2024 yil I yarim yilligi uchun O‘zbekiston moliya tizimidagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlarni aniqlash maqsadida 35 ta tijorat banklari orasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Banklar 5ta eng dolzarb tizimli xatarlar orasidan valuta kursi o‘zgaruvchanligidan ko‘proq xavotir bildirmoqda. 

Markaziy bank 2023 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhini e’lon qildi.

Regulyator 2024 yil yanvar oyida 2024 yil I yarim yilligi uchun O‘zbekiston moliya tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlarni aniqlash hamda ularning ta’sir ko‘lamini baholash maqsadida 35 ta tijorat banklari (respondentlar) orasida so‘rovnoma o‘tkazgan.

Ushbu so‘rovnoma moliya tizimidagi asosiy tizimli xatarlar bo‘yicha kutilmalar, xatarlarning yuzaga kelish ehtimoli hamda moliya tizimida kuzatilgan so‘nggi o‘zgarishlar kabi qismlardan iborat. Respondentlarning 5 ta eng dolzarb tizimli xatarlar bo‘yicha kutilmalariga ko‘ra, valuta kursining o‘zgaruvchanligi, inflatsiyaning oshishi, geosiyosiy xatarlarning yanada avj olishi, aholi qarz yukining ortishi va kiberhujumlar bilan bog‘liq xatarlar moliya tizimiga ta’sir qiluvchi eng asosiy xatarlar sifatida baholanmoqda.

Har bir respondent tomonidan qayd etilgan 5 ta eng muhim tizimli xatarlar to‘plamining 77 foizi valuta kursining keskin o‘zgaruvchanligi, 51 foizi inflatsiya sur’atining tezlashishi, 49 foizi tashqi geosiyosiy xatarlar, 46 foizi aholi qarz yukining ortishi, 43 foizi kiberhujumlar bilan bog‘liq xatarlardan iborat.

O‘zbekiston moliya sektoridagi asosiy tizimli xatarlar

Shuningdek, respondentlar O‘zbekiston moliya tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan iqlim o‘zgarishi xavflari, iqtisodiy pasayish, likvidlilik bilan bog‘liq muammolar va sanksiyalar xavfi bilan bog‘liq xavotirlari mavjudligini ham bildirishgan. Tizimli xatarlarning sodir bo‘lish ehtimolini baholash bo‘yicha so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 66 foiz respondentlar O‘zbekiston moliya tizimida tizimli xatarlarning qisqa muddatda (0–12 oy) sodir bo‘lish ehtimollik darajasini past hisoblamoqda. Shuningdek, 54 foiz respondentlar tizimli xatarlarning o‘rta muddatda (1–3 yil) sodir bo‘lish ehtimollik darajasini o‘rtacha baholamoqda. 

Avvalroq, Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ehtimoliy xatarlarni ma’lum qilgandi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, Ukrainadagi urushning avj olishi, tovarlar narxlarining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyotidagi stagnatsiya ehtimollari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi xatarlarni tashkil etadi. Ichki xatarlar qatorida esa davlat xarajatlarini qisqartirish kechikishi, davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq majburiyatlar yuzaga kelishi va boshqalar keltirib o‘tilgan.

Mavzuga oid