Jahon | 07:54 / 27.05.2024
2590
3 daqiqa o‘qiladi

Makron: Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik juda muhim

Germaniya va Fransiya Yevropa uchun hal qiluvchi pallada hamkorlikni yanada kuchaytirishi kerak, dedi Emmanuel Makron. Fransiya prezidenti Berlinda Germaniya Federativ Respublikasi Asosiy qonunining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Foto: Clemens Bilan / Getty Images

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 26 may kuni, Germaniyaga uch kunlik davlat tashrifining birinchi kunida ikki davlat Yevropa uchun «hal qiluvchi» bir paytda sheriklikni yanada mustahkamlashi kerakligini aytdi. Global iqlim o‘zgarishi va sun’iy intellektni rivojlantirish kabi muammolar Fransiya-Germaniya birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi, dedi u.

Shu bilan birga, Makron ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlasha boshlagani haqidagi da’volarni rad etdi. «Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biz oldinga intilamiz», - dedi Fransiya rahbari Berlinda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Shtaynmayyer, o‘z navbatida, Parij va Berlinning ba’zi masalalar bo‘yicha qarashlari turlicha bo‘lsa-da, «doim yakunda bir qarorga kelishadi», dedi. «Agar Germaniya va Fransiya o‘rtasida kelishuv bo‘lsa, Yevropa hali ham ko‘p narsaga erisha oladi», dedi Germaniya prezidenti. 

O‘ng radikalizm tahdidi

Emmanuel Makron, shuningdek, Yevropa siyosatida o‘ng radikalizm kuchayishidan ogohlantirdi. U o‘ta o‘ngchi partiyalar Yevropa parlamentiga bo‘lajak saylovlarda sezilarli qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi so‘rov ma’lumotlariga tayangan.

Fransiya prezidenti, agar so‘nggi yillarda Yevropada o‘ta o‘nglar hokimiyat tepasida bo‘lganida, «tarix boshqacha bo‘lardi», dedi va COVID-19 pandemiyasi kabi inqirozlarga ishora qildi. 

Frank-Valter Shtaynmayyer, o‘z navbatida, Yevropada «demokratlar ittifoqi»ni yaratish zarurligiga ishora qildi.

Makron va Germaniya Asosiy qonunining 75 yilligi 

Berlinda Fransiya prezidenti Germaniyaning asosiy qonuni qabul qilingani 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi. «Demokratiya bayramida ishtirok etgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘lishdan faxrlanaman», deb yozdi Makron ijtimoiy tarmoqda.

Bu Fransiya prezidentining Germaniyaga so‘nggi 24 yildagi ilk davlat tashrifidir. So‘nggi paytlarda Fransiya rahbarlari Germaniyaga faqat amaliy tashriflar bilan kelgan. Shtaynmayyer idorasi Makron Germaniyaga tashrifining ikkinchi va uchinchi kunlarida Drezden va Myunsterga tashrif buyurishini aytdi. 

Mavzuga oid