Netanyahu Livanga syurpriz tayyorlaganini aytdi. Bu urushga ishorami yoki blef?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan bilan bog‘liq “aniq, muhim va hatto kutilmagan” harbiy rejalari borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu rejalarning amalga oshishi Isroil shimolida xavfsizlikni ta’minlash va aholining o‘z uylariga xavfsiz qaytishiga imkon beradi. Bu bayonot Livan janubidagi “Hizbulloh” harakatiga qaratilgan psixologik urush ko‘rinishimi yoki Isroil ikkinchi frontni ochmoqchimi?
Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida G‘azo atrofidagi shu va boshqa mavzular yuzasidan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Bektosh Berdiyev bilan suhbatlashdi.
— Netanyahu Livan haqidagi bayonotida “Hizbulloh”ga qarshi kattaroq harbiy harakatlarni nazarda tutdi, deyish mumkinmi?
Bektosh Berdiyev: — Isroilda “Hizbulloh”, HAMAS kabi kuchlar bilan kurasha olish tajribasi bor. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, “Hizbulloh” ichida Isroilning agentlari bor va ko‘p maqsadlaridan xabardor bo‘lib turadi. Umuman olganda, Isroilga “Hizbulloh” bilan konflikt kerak emas edi, chunki u G‘azo bilan band, xalqaro hamjamiyat bosimi va boshqa muammolar bo‘lib turganda ikkinchi front ochilishi vaziyatni murakkablashtiradi. To‘g‘ri, harbiy texnikaviy imkoniyati yetishi, “Hizbulloh”ni yengishi mumkin. Ammo “Hizbulloh” o‘zini juda tez tiklovchi xususiyatga ega. Uning asosiy homiysi Eron.
Livan janubida aholi juda tig‘iz joylashgan, “Hizbulloh” vakillarini topib yo‘q qilish uchun aholi orasida xam ko‘p qurbonlar bo‘lishi mumkin. Shundoq ham G‘azo sabab imiji tushib ketgan Isroilga katta zarar bo‘ladi. Bundan tashqari, “Hizbulloh” HAMASdan ko‘ra birmuncha katta kuch, qo‘lida zamonaviy texnologiyalar, raketalari bor. Umuman, Livan janubi murakkab bo‘lib, Isroilga katta muammolar olib kelgan oldingi urushlarda. Isroil “Hizbulloh”ni, falastinlik qochqinlar lagerini yo‘q qildik, deganda ham “Hizbulloh” o‘zini juda tez tiklagan.
Kamoliddin Rabbimov: — Ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS jangarilari 30-50 ming atrofida deyiladi, “Hizbulloh”niki esa 130-150 mingga boradi. “Hizbulloh”ning 1 yillik budjeti 700 mln dollar deyiladi. Eron va boshqa kuchlar “Hizbulloh”ni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llaydi. Isroil bu taxdid bilan “Hizbulloh”ni qo‘rqitib, front ochishiga yo‘l qo‘ymaslik 7 oktyabrdan keyin Isroilning birinchi qo‘rqqan narsasi “Hizbulloh” aralashuvi bo‘ldi, shuning uchun urushga aralashsangiz, Livanni yer bilan yakson qilamiz, degan ogohlantirishlar bo‘ldi.
Isroilda “Hizbulloh” urushga kirishi mumkin, degan ma’lumotlar bo‘lsa kerak, shuning uchun tahdid qilyapti. Isroilga ikkinchi front kerakmas, 7 oktyabrdan beri ancha vaqt o‘tdi, lekin HAMASni yo‘q qilolmadi. Ittifoqchi davlatlar xam yuz o‘giryapti undan. AQSh Isroilga muttasil bosim qilyapti xarakatlarni to‘xtatish bo‘yicha. Bir qancha davlatlar Isroil ustidan xalqaro tribunalga ham murojaat qildi.
Urushlarning birinchi taktikasi psixologik bosim bo‘ladi. “Hizbulloh” katta kuch, resurslari ko‘p, urush tajribasi yetarli. 7 oktyabrdan keyin Isroil Livan bilan chegaradagi 120 ming aholini ko‘chirgan, “Hizbulloh” ham 60 aholini chegara hududdan olib chiqqan va o‘rtada maydon paydo bo‘ldi. Agar HAMAS bilan urush davrida yangi front ochilsa, Isroil to‘liq holsizlanadi. Shuning oldini olish uchun tahdid qilyapti. Bunday tahdidlar har oy bo‘lib turadi.
— Nega Isroil “Hizbulloh”dan bu qadar cho‘chiydi?
Bektosh Berdiyev: — “Hizbulloh”ni xalqaro qo‘llash deyarli yo‘q, ba’zi davlatlar terrorchi tashkilot deb biladi. Lekin “Hizbulloh” o‘z safini tezda to‘ldira oladi, butun shia olamida o‘n minglab jangchilar “Hizbulloh” safida jang qilishni sharaf deb biladi. Bundan tashqari, “Hizbulloh” katta yerosti tunnellar tizimiga ega bo‘lib, urush olib borish uchun taktik tizimga aylantirgan. “Hizbulloh”dagi insoniy resurs katta, ularning jangchilari urushda o‘lishni sharaf deb biladi. Faqat Eron emas, butun shia olami qo‘llaydi ularni.
Bugungi urush sharoitida Isroildan 100 ta askar o‘lishi ham ular uchun fojia, ammo “Hizbulloh”ning minglab jangchisi o‘lsa xam fojia emas ular uchun. Shu nuqtai nazardan ham “Hizbulloh” Isroil shimolidagi sekin portlovchi katta bomba. Suriya, Iroq tomondan ham Isroilga zarba berishi mumkin bo‘lgan kuchlar paydo bo‘lyapti. Ular Isroilga hujum qilsa, u ma’lum bir davlatni jazolay olmaydi, qaysidir davlat qo‘llayotgani haqida ma’lumot bo‘lsa ham, bular rasmiy emas.
“Hizbulloh” safida katta jang tajribasiga ega jangchilar bor. Ikki marta Isroil bilan urushga ham kirgan, ma’lum bir yutuqlarga erishgan. “Hizbulloh”ning tunnellar tizimi Suriya hududigacha o‘tgani haqida ma’lumotlar bor.
— “Hizbulloh” va Isroil to‘qnashuvi ro‘y bergan taqdirda, arab davlatlarining munosabati qanday bo‘ladi?
Kamoliddin Rabbimov: — Arab davlatlari pozitsiyasi ikkilamchi bo‘ladi, ochiqdan ochiq “Hizbulloh”ni qo‘llovchi arab davlatlari kam bo‘ladi, chunki kollektiv G‘arb, AQSh, Isroil bilan vaziyatni eskalatsiya qilishdan manfaatdor emas ular. Lekin arab davlatlarida Isroil manfaatlari bilan kurashish bo‘yicha 2 standartli mexanizmi allaqachon shakllangan. Shuning uchun “Hizbulloh”ning Isroilga yetkazadigan zararlaridan xursand bo‘lishadi. Arab davlatlari hokimiyatlari boshqa bir masala, jamiyatlari boshqa. Har qanday kuch Isroilga zarar yetkazsa, musulmon dunyosi buni ijobiy qabul qiladi, chunki bu tsivilizatsion konflikt.
Keyingi paytda Isroil kichik davlat bo‘lsa ham, urushlarda arab dunyosini noqulay ahvolga solgani arab ko‘chasida kuchli komplekslarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun shia sifatida “Hizbulloh”ga achinish kamroq bo‘ladi va u erishadigan har qanday g‘alabadan xursand ham bo‘linadi. Lekin HAMAS, G‘azo nisbatan bo‘lgani kabi kuchli bayonotlar berilishi ehtimoli kam.
Livan parokanda davlat bo‘lib qolgan. Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident xristian arab bo‘lishi, bosh vazir sunniy arab va keyingi shaxs shia arab bo‘lishi kerak. Ko‘p tarkibli Livanda hokimiyat pillapoyalari konstitutsiya darajasida bo‘lingan.
“Hizbulloh” o‘rtacha bir davlatning qurolli kuchlariga teng, 130-150 mingta harbiy kam emas. Markaziy Osiyoda bunday katta armiya faqat O‘zbekiston va Qozog‘istonda bor. Buning ustiga “Hizbulloh” urush ko‘rgan, tajribali armiya.
— Livan bilan bo‘ladigan ehtimoliy urushda ham xalqaro tashkilotlar Isroilni asosiy aybdor deb hisoblaydimi?
Bektosh Berdiyev: — Chegarani buzib o‘tgan tomon aybdor sifatida ko‘riladi. “Hizbulloh” Isroilga kirsa ham, u ma’lum bir davlat emas, lekin Isroil javoban Livan chegarasini buzsa, davlatning hududiy yaxlitligiga daxl qilgan bo‘ladi. Isroil Livanga kirsa, tinch aholi qurbon bo‘ladi, infratuzilma vayron bo‘ladi. Livandagi tashqi dushmanga nisbatan birlasha oladigan xalq Isroil uchun xavf bo‘ladi.
— Agar shu urush boshlansa, Yaqin Sharq alanga ichida qoladi, deyish mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Yaqin Sharqda allaqachon alanga ichida, 70 yildan beri. Mintaqada bundan katta konfliktlar ham bo‘lgan, arab davlatlari va Isroil urushlari bo‘lgan. U paytlarda kristallashgan qutblashuv bo‘lgan, Falastin va boshqa arab davlatlarini SSSR va sotsiolistik lager qo‘llagan, Isroilni AQSh va G‘arb. Hozir bir qutblilik davr, Falastinni Rossiya yoki Xitoy kabi davlatlar to‘liq o‘z qo‘lloviga olgani yo‘q. AQSh Isroil homiysi sifatida katta tarixiy bosimda qolyapti. Ikki qutblilik davrida Isroilni himoya qilish AQShning global missiyasi sifatida ko‘rilardi. Bugun arab dunyosi AQShga kuchli bosim qilyapti, bir qutblilik davrda har ikkala tomon manfaatlarini o‘ylashi talab qilinadi AQShdan.
Arab davlatlari Falastin masalasini juda faol ko‘tarayotgani yo‘q, kutish davrida. Global kuchlar o‘zgarsa, AQShning Isroilni himoya qilishi pasaysa, arab davlatlari jonlanadi.
Bektosh Berdiyev: — Manbalarga ko‘ra, AQSh Isroil tashkil topgandan beri 260 mlrd dollar yordam bergan. Bugun G‘arbda ham demografik tarkib o‘zgaryapti, AQShda ham Yevropada ham musulmonlar jamoatchiligi paydo bo‘lyapti va hukumatdan Isroilni qo‘llamaslikni so‘rayapti. AQSh kongressida musulmonlar kongressmenlar paydo bo‘lyapti. Yevropa jamiyati-ku allaqachon Falastin tarafida. Irlandiya, Ispaniya kabi davlatlar Falastinni tan olishi ularning fikrini o‘zgartiradigan kuchlar paydo bo‘layotganidan darak.
— Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya Falastinni tan oldi. Qaror 28 maydan kuchga kiradi. Yevropaning asosiy so‘zni aytuvchi lider davlatlari ham bu tashabbusga qo‘shilishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Qo‘shiladi deb o‘ylayman, vaqt masalasi bor faqat. Yevropa jamiyati Falastin tomonida, hokimiyatlar pozitsiyasi biroz farq qiladi. Lekin tiktonik o‘zgarishlar Falastin davlati tan olinishiga qarab ketyapti. 1947 yildan keyin BMT rezolyutsiyalariga ko‘ra, 2 ta davlat tashkil topishi kerak edi. Bugungi kunda kimki Falastinni tan olsa, 1967 yildagi chegaralanish bo‘yicha tan oladi. Isroilga Falastinni tan olishlari yoqmaydi, chunki Falastinni tan olish Isroilni bosqinchi davlat sifatida tan olish degani. 1967 yildagi chegaralarni buzgan davlat — Isroil. Ispaniya, Norvegiya, Irlandiya avtomatik ravishda Isroilni bosqinchi davlat sifatida e’tirof etadi, bunday aytilmasa ham. Tan olish bo‘yicha asosiy davlatlar: Fransiya, Germaniya, Britaniya va boshqa davlatlar bor, oxirgi asosiysi AQSh bo‘ladi, albatta. AQSh Yevropa davlatlariga ta’sir qilib Falastinni tan olmang deyishi mumkin, lekin bunday qilmayapti. Bu bilan Isroilga baribir Falastinni tan olasan, bo‘lmasa mening global manfaatlarimga to‘g‘ri kelmaydi, degan signal bor deb o‘ylayman.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024
Netanyahu mudofaa vazirini bo‘shatdi: bu g‘alayonlarga sabab bo‘lmoqda
14:13 / 08.11.2024