Jahon | 09:16 / 30.05.2024
10593
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil maxsus xizmatlari Haaga sudi prokurori Karim Xonni kuzatgan

Isroil Haagadagi Xalqaro jinoiy sud ishiga muntazam ravishda aralashishga uringan. U Isroil xavfsizlik kuchlarining Falastin hududidagi xatti-harakatlarini tergov qilishga xalaqit bermoqchi bo‘lgan, deya xabar beradi jurnalistlar.

Foto: Reuters

Isroil maxsus xizmatlari Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) xodimlarini keng ko‘lamli kuzatuvga olgan va Isroil xavfsizlik kuchlarining Falastin hududidagi harakatlarini tergov qilishga xalaqit berish maqsadida uning ishiga aralashishga uringan. Bu haqda Isroilning "Sixa mekomit" va "+972" nashrlari hamda Britaniyaning The Guardian gazetasi 29 may, chorshanba kuni e’lon qilgan qo‘shma surishtiruvda aytiladi. Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, kuzatuv nishonlari orasida XJS amaldagi prokurori Karim Xon ham bo‘lgan, u yaqinda Haaga sudidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy jinoyatlarda gumon qilib, hibsga olish uchun order berishni so‘ragan. 

Surishtiruv mualliflari Isroil razvedka xizmatlarining yigirmadan ortiq amaldagi va sobiq a’zolari hamda davlat xizmatchilari, XJS xodimlari, diplomatlar va advokatlar bilan suhbatlarga ishora qilmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Isroil deyarli o‘n yildan beri sudga qarshi yashirin «urush» olib bormoqda, bu nafaqat kuzatuv, balki hakerlik hujumlarini ham o‘z ichiga olgan.

Xon bir necha oy davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatilgan, bu esa «bosh vazir Netanyahuga uning rejalarini oldindan bilishga imkon berdi». Xonning tutib olingan yozishmalaridan kelib chiqqan holda, u bir muncha vaqt oldin Isroil rahbarlarini hibsga olish uchun order berishni so‘ramoqchi bo‘lgan, ammo buni istamagan «Qo‘shma Shtatlar tomonidan kuchli bosim» ostida bo‘lgan.

XJS prokuroriga tahdidlar

Kecha The Guardian gazetasining xabar berishicha, Isroil tashqi razvedka xizmati "Mossad" sobiq rahbari Yossi Koen 2017 yilgi maxfiy uchrashuvlar chog‘ida o‘sha paytdagi XJS prokurori Fatu Bensudga tahdid qilib, uni Isroilning harbiy jinoyatlari bo‘yicha tergovdan voz kechishga majburlagan. Tergov 2021 yilda boshlangan.

Isroil hukumati va armiyasi rasmiylari tergov ayblovlarini rad etdi. XJSning ta’kidlashicha, «sudga dushman» qator mamlakatlar razvedka xizmatlari maxfiy ma’lumotlarni to‘plash va kuzatuv bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, sud matbuot xizmati Isroil razvedka xizmatlarining ushbu faoliyatdagi ishtirokini na tasdiqladi, na rad etdi.

Netanyahu va Isroil mudofaa vazirini hibsga olish uchun order

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud 20 may kuni Binyamin Netanyahu va Yoav Galantni, shuningdek, Isroilga dushman bo‘lgan HAMAS guruhining uch nafar yetakchisi - Ismoil Haniya, Muhammad Deyf va Yahyo Sinvarni hibsga olish uchun order berish masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. XJS prokurori Karim Xon ularning barchasini o‘tgan yilning 7 oktyabridan beri G‘azo sektori va Isroilda sodir etilgan harbiy jinoyatlarga sherik deb atagan.

Isroil rahbarlarini Karim Xon ocharchilikdan urush usuli sifatida foydalanganlikda, ataylab katta azob-uqubatlar keltirganlikda va tinch aholini o‘ldirishda ayblagan. Ayblov xulosasida asosiy e’tibor G‘azo sektoriga insonparvarlik kirishini cheklash harakatiga qaratilgan.

Isroil rasmiylari, shuningdek, bir qator ittifoqchi davlatlar, jumladan, AQSh Xonning bayonotini keskin tanqid qildi. U, o‘z navbatida, Isroil va HAMASni tenglashtirmasligini va Isroilning o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanligini tan olishini tushuntirdi, lekin Isroil har qanday holatda ham xalqaro gumanitar qonunlarga rioya qilishi kerakligini ta’kidladi.

Mavzuga oid