Jahon | 11:40 / 31.05.2024
3785
3 daqiqa o‘qiladi

Bloger Varlamov Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirishda» ayblanmoqda

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi tomonidan «chet el agentlari» reyestriga kiritilgan Ilya Varlamovga qarshi bayonnoma Moskva sudi tomonidan ro‘yxatga olindi, deb xabar berdi RBK agentligi. Ish nima sababdan qo‘zg‘atilgani ko‘rsatilmagan.

Foto: RIA Novosti

30 may, payshanba kuni Moskvaning Tver sudi bloger Ilya Varlamovga nisbatan Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi bayonnomani ro‘yxatdan o‘tkazdi, deb xabar berdi RBK agentligi sud matbuot xizmatiga tayanib. Ishni ko‘rish sanasi hali belgilanmagan. Uning qo‘zg‘atilishiga aynan nima sabab bo‘lgani haqida ham xabar berilmagan. Varlamovga qarshi protokol «Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlaridan foydalanishni obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar» moddasi bo‘yicha tuzilgan, unga ko‘ra maksimal jarima miqdori 50 ming rublni tashkil qiladi.

Varlamovning «chet el agentligi» tarixi

Bloger Ilya Varlamov 2023 yilning 23 martida «chet el agenti» deb e’lon qilingan edi. Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligiga ko‘ra, bunga u tomonidan tarqatilgan boshqa «chet el agentlari», xususan, «Dojd» telekanali va «Mediazona» portali bosh muharriri Sergey Smirnovning nashrlari sabab bo‘lgan.

O‘sha yilning avgust oyida Moskvaning Meshchansk tuman sudi Ilya Varlamovni nashrlarda chet el agenti ekanini ko‘rsatmagani uchun 30 ming rubl, dekabrda esa yana 50 ming rubl jarimaga tortdi. Bir qator rus nashrlari Varlamovning avvalroq 1 million rubldan ortiq qarzi borligi aniqlanganini yozmoqda. 

Varlamov hozirda Rossiyadan tashqarida yashaydi. Uning Varlamov News Telegram-kanalida 1,2 milliondan ortiq obunachi bor, shaxsiy kanalida esa - 300 mingga yaqin obunachi. Hozircha ikkala kanalda ham sud bayonnomasi haqida ma’lumot yo‘q. 

Varlamov Yevropada davolanish qimmat ekanidan shikoyat qilmoqda

30 may kuni ertalab Ilya Varlamov o‘zining shaxsiy Telegram-kanalida Yevropada davolanish qimmatligi haqida shikoyat qildi. Blogerning so‘zlariga ko‘ra, u velosipeddan yiqilib, og‘ir jarohat olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Varlamov zarur tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmagani uchun undan klinikada birinchi kecha uchun xizmat haqini hisobga olgan holda 1000 yevro to‘lash so‘ralgan.

Natijada unga son suyagi bo‘yni va avvalroq shikastlangan yelka sohasida qo‘l suyagi sinishi tashxisi qo‘yilgan. Hozirda u yotibdi va jarrohlik usullarini, jumladan uning narxini o‘rganmoqda. «Mehribon odamlar o‘rnimdan turishimga yordam berishdi, bir ayol hatto velosipedimni yuklab oldi va meni eng yaqin kasalxonaga olib borishni taklif qildi», deydi bloger uning yiqilishi sodir bo‘lgan Niderlandiyada aholining odamlarga e’tiborini ta’kidlab.

Mavzuga oid