O‘zbekiston | 07:44 / 01.06.2024
3229
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi havo qatnovlari haftasiga 100 taga yetkazilishi mumkin

Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyatida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, tadbirda Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati Xalqaro hamkorlik departamenti direktori o‘rinbosari Myao Sin va elchixona vakillari ishtirok etdi.

Myao Sin so‘nggi yillarda tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy va yuqori darajalardagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar sonini 18 taga yetkazilganini ma’lum qildi.

Ushbu parvozlar Uzbekistan Airways, China Southern Airlines va Loong Air aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Havo qatnovlari Pekin va Toshkent o‘rtasida 7 ta, Urumchi va Toshkent o‘rtasida 5 ta, Sian va Toshkent o‘rtasida 3 ta va Chendu va Toshkent o‘rtasida 3 tani tashkil qilmoqda.

Suhbat chog‘ida, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasi markazi sifatidagi o‘rni va qo‘shni mamlakatlar fuqarolarining respublika orqali xorijga uchishdagi imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida, tomonlar mazkur yo‘nalishdagi tizimli ishlarni izchil davom ettirishga, xususan sohaga oid shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, yaqin kelajakda ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazish to‘g‘risida kelishib oldi.

Mavzuga oid