Jamiyat | 21:18 / 08.06.2024
34899
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda bosh shifokor o‘rinbosari tibbiyot xodimlarini haqorat qildi

Chirchiq shahri ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokorining o‘rinbosari yig‘ilish vaqtida o‘z qo‘l ostidagi tibbiyot xodimlarini haqorat qildi. Xotin-qizlar ham ishtirok etayotgan yig‘ilishda uning og‘zidan kurakda turmaydigan uyatli so‘zlar chiqqan. 

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahri ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan yig‘ilish videosi tarqaldi. Unda yig‘ilishni olib borayotgan, bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nizom Abdullayev ekani aytilayotgan shaxs tibbiyot xodimlarini haqorat qilganini ko‘rish mumkin.

Lavhada ko‘rinishicha, ushbu yig‘ilish 2024 yilning 6 iyun kuni ertalab o‘tkazilgan. Unda ko‘plab tibbiyot xodimlari, jumladan, xotin-qizlar, hamshiralar ishtirok etgan.

“Men gapirganimda unga qarash kerak emas, og‘ayni. Gapirganda yozib olish kerak-da, keyin ana yerga olib kirib, ... kerak. Men gapirdimmi, unga qaramang, bo‘ldi. Siz qarab bo‘ldingiz. Endi menga qarang-da, bittalab yozib oling. Keyin xonangizga olib kiring-da, ..... qo‘ying”, degan Nizom Abdullayev tibbiyot xodimlaridan ikki nafarini o‘rnidan turg‘izib qo‘yib.

Bosh shifokor o‘rinbosari yig‘ilishda xotin-qizlar ham ishtirok etayotganiga qaramay, tibbiyot xodimlariga qarata haqoratli so‘zlarni ishlatgan. Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea joriy yilning 7 iyun kuni Chirchiq shahrida joylashgan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining ertalabki hisobot yig‘ilishi vaqtida kuzatilgan. Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat atroflicha o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid