Jahon | 14:46 / 09.06.2024
12198
3 daqiqa o‘qiladi

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti rahbari vafot etdi

2012 yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelgan fransuz jurnalisti Kristof Deluar saraton xastaligiga chalingandi.

Thomas Samson / AFP / Scanpix / LETA

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti bosh direktori Kristof Deluar 53 yoshda vafot etdi. Tashkilot xabarida aytilishicha, u onkologik kasallik bilan kurashib kelayotgandi.

Xabarda qayd etilishicha, Deluar 2018 yildan buyon Axborot va demokratiya bo‘yicha forumning asoschi prezidenti sanalgan. «[Deluar] <...> axborot xaosi sharoitida barcha qit’alarda jurnalistika erkinligi, mustaqilligi va plyuralizmining otashin himoyachisi edi. Jurnalistika uning hayoti ishi bo‘lgan va u qat’iy ishonch bilan kurashdi», — deyiladi xabarda.

Kristof Deluar tashkilotga 2012 yildan boshlab rahbarlik qilgan. Jurnalist 1998 yildan 2007 yilga qadar fransuzlarning Le Point nomli yangiliklar jurnalida siyosiy va ijtimoiy bo‘limlarida tadqiqotchi muxbir sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U shuningdek ARTE va TF1 telekanallarida ishlagan, hujjatli filmlar suratga olgan va bir necha kitob yozgan. 2008 yildan 2012 yilgacha Deluar CFJ oliy jurnalistika maktabiga rahbarlik qilgan.

U Birinchi kanal muharriri, jonli efirda urushga qarshi plakat ko‘targani uchun qamoqqa tashlanishi mumkin bo‘lgan Marina Ovsyannikovani Rossiyadan olib chiqishda yordam ko‘rsatgandi.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining maqsadi — o‘z ishini bajarganlik uchun ta’qib yoki qamoqqa uchragan jurnalistlar hamda media xodimlarini himoya qilish hisoblanadi. Tashkilot senzura va matbuot erkinligini cheklovchi qonunlarga qarshi kurashadi. U shuningdek erkin matbuot indeksini yuritadi.

Tashkilotning may oyidagi hisobotida butun dunyoda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani ma’lum qilingan — siyosiy aralashuvdan xoli jurnalistika reytingi 7,6 ballgacha tushgani qayd etilgan. O‘zbekiston bir yil oldingiga qaraganda 11 pog‘onaga pastlab, 180 ta davlat orasida 148-o‘rinni egallagan. Mamlakat 2022 yilda 2021 yildagidan 24 pog‘ona yuqorilab, 133-o‘ringa chiqqandi, ammo 2023 yilda 137-o‘ringa tushgandi.

2024 yilgi reytingda birinchi o‘rinda Norvegiya, oxirgisida — Eritreya joylashgan.

Mavzuga oid