Jahon | 19:10 / 09.06.2024
12865
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilning garovdagilarni ozod etish bo‘yicha amaliyoti tafsilotlari: yuzlab falastinliklar halok bo‘lgani aytilmoqda

Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmasi G‘azo markazidagi «Nuseyrat» qochqinlar lagerida garovdagi to‘rt nafar isroillikni qutqarish bo‘yicha o‘tkazgan amaliyot bir necha hafta davomida rejalashtirilgan.

Foto: Reuters

Isroilliklar garovdagilarning ozod etilgani haqidagi xabarni xursandchilik bilan kutib oldi. Ammo falastinliklar reyd davomida o‘nlab kishilar halok bo‘lganini aytmoqda.

Hamas matbuot xizmati isroilliklar reydi oqibatida 274 kishi, jumladan, bolalar va tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Yoz urug‘lari» nomini olgan reyd kunning yorug‘ vaqtida amalga oshirilgan. Bu ancha noodatiy amaliyotdir, ammo Isroil mudofaa armiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu harbiylarga kutilmaganlik elementidan foydalanishga imkon bergan.

Tongda ko‘chalarda yaqin atrofdagi bozordan xarid qilish uchun chiqqan odamlar ko‘p bo‘lgan.

Kunduzgi vaqtda reyd amalga oshirish orqali maxsus bo‘linma nafaqat shturm vaqtida, balki chekinishda ham tavakkalchilik qilishiga to‘g‘ri kelgan. Isroil politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bo‘linma a’zolaridan biri og‘ir jarohat olgan va keyinroq shifoxonada vafot etgan.

TsAHAL matbuot kotibi, kontr-admiral Danielya Hagarining so‘zlariga ko‘ra, bu «ko‘lami bo‘yicha „Entebbe“ga o‘xshash» amaliyot bo‘lgan — bu orqali u Isroil maxsus topshiriqli kuchlarining 1976 yilda Ugandada o‘tkazgan amaliyotini nazarda tutgan, o‘shanda Air France aviakompaniyasi samolyotida falastinlik jangarilar tomonidan garovga olingan 102 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lingandi. Isroilda u norasmiy ravishda «Yonatan» operatsiyasi deb ataladi, bu nom maxsus topshiriqli guruhning reyd vaqtida halok bo‘lgan komandiri — Isroilning hozirgi bosh vazirining akasi Yonatan Netanyahu sharafiga qo‘yilgan.

Hagarining so‘zlariga ko‘ra, razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda Isroildan G‘azoga kirib borgan maxsus topshiriqli bo‘linma bir vaqtning o‘zida «Nuseyrat»dagi ikkita turar joy kvartaliga hujum qilgan, bu hududlarda garovdagilar ushlab turilgan bo‘lgan.

Kvartiralardan birida 26 yoshli Noa Argamani joylashgan bo‘lgan. Boshqasida — 41 yoshli Shlomi Ziv, 27 yoshli Andrey Kozlov va 22 yoshli Almog Meir Yan.

Ichkariga bostirib kirgan guruhlar garovdagilarni ozod etgan va ularni ko‘chada turgan harbiy mashinalarga olib chiqishgan, bu yerda ular qurollangan falastinliklarning qattiq qarshiligiga duch kelishgan.

Hagarining aytishicha, isroillik harbiylar reydni mayda detallarigacha rejalashtirishgan vaa mashg‘ulot uchun ikki kvartira maketini ham qurishgan.

CBS News nashri amerikalik ikki amaldorga tayanib xabar berishicha, AQSh amaliyotni o‘tkazishda Isroilni razvedka ma’lumoti bilan ta’minlagan.

Isroil mudofaa armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagari G‘azodagi qutqaruv operatsiyasi «aniq razvedka ma’lumotlari»ga asoslangan va «tavakkalchilik qilingan murakkab missiya» bo‘lganini aytgan

Mobil telefon orqali olingan videoda ustidan raketalar uchib o‘tib, o‘q ovozlari eshitilayotganda panaga yashirinishga urinayotgan odamlar aks etgan.

Nisbatan keyinroq olingan kadrlarda ko‘cha bo‘ylab sochilib yotgan jasadlar aks etgan.

Hamas a’zolari garovdagilarni ushlab turgan aholi zich yashovchi hududdagi falastinliklarning aytib berishicha, qutqaruv amaliyoti chog‘ida hudud intensiv ravishda bombardimon qilingan va og‘ir qurollardan o‘qqa tutilgan.

Hamas nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, qutqaruv amaliyoti chog‘ida qochqinlar lagerida va uning atrofidagi hududlarda o‘nlab falastinliklar, jumladan ayollar va bolalar ham halok bo‘lishgan.

G‘azodagi ikki shifoxona, «Al-Aqso» va «Al-Avda» jami 70 kishining jasadi keltirilgani haqida xabar bergan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ikki soatlik amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan 86 kishining familiyasini e’lon qilgan. 

Avvalroq kontr-admiral Hagari kamida 100 kishi jabrlangani haqida xabar bergandi.

«Al-Aqso» shifoxonasida olingan kadrlarda og‘ir jarohat olgan va yerda yotgan ko‘plab odamlarni ko‘rish mumkin. Shifokorlar harakatlanishi uchun qonga belangan polda deyarli bo‘sh joylar qolmagan.

Boshqa videoyozuvlarda shifoxona hududiga tez yordam mashinalarida ham, oddiy avtomobillarda ham yangidan yangi bemorlar olib kelinayotgani va ayrimlari olib ketilayotgani aks etgan.

«Nuseyrat» lageridagi «Al-Avda» shifoxonasi direktori Marvon Abu Nossir BBC arab xizmati bilan suhbatda shanba kuni shifoxonaga olib kelingan jasadlar soni kun davomida ortib borganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonada jasadlarni joylashtirish uchun o‘likxona mavjud emas.

Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos o‘zi «Isroil kuchlari tomonidan sodir etilgan qonli qirg‘in» deb atagan hodisa yuzasidan zudlik bilan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan.

Yevropa ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel G‘azodagi amaliyot davomida qurbonlar soni ko‘p bo‘lganini tanqid ostiga olib, bu holatni «qat’iy tarzda qoralashi»ni aytgan.

«G‘azodan tinch aholining navbatdagi ommaviy o‘ldirilishi haqida kelayotgan xabarlar dahshatga soladi», — deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Isroillik vazirlardan biri bunga javoban buning o‘rniga Hamasning harakatlarini qoralash lozimligini aytgan.

Falastindagi manbalarga ko‘ra, shanba kuni G‘azoda o‘nlab kishilar halok bo‘lgan va yaralangan

Bunga parallel ravishda vositachilar ishtirokida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish bo‘yicha muzokaralar davom ettirilmoqda.

Bosh vazir Binyamin Netanyahuga Isroilning ittifoqchilari tomonidan ham (birinchi navbatda, tezroq kelishuvga undayotgan AQSh tomonidan), unga Hamas bilan muzokaralarga rozi bo‘lgan taqdirda hukumatni parchalab yuborish bilan tahdid qilayotgan hukmron koalitsiyaning ultrao‘ng a’zolari tomonidan ham bosim ortib bormoqda.

Shanba kungi amaliyot isroillik harbiylar uchun bu urushda garovdagilarni ozod etish bo‘yicha eng muvaffaqiyatli amaliyot bo‘ldi va tahlilchilar hisoblashicha, bu Isroil hukumatidagi qattiqqo‘llik tarafdorlari foydasiga xizmat qilishi va bosh vazirning hisob-kitoblariga o‘zgarishlar kiritishi mumkin.

«Nuseyrat»dagi harbiy reydga javoban Hamasning siyosiy yetakchisi Ismoil Xoniya Isroil o‘z tanlovi uchun mas’uliyatni guruhga yuklay olmasligini aytgan.

U agar kelishuv falastinliklar xavfsizligini ta’minlamasa, guruh o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga rozi bo‘lmasligini aytgan.

Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroilga hujumi vaqtida 1200 ga yaqin kishi halok bo‘lib, 250 ga yaqin kishi asir olingandi. Noyabr oyidagi kelishuvga ko‘ra, Hamas bir haftalik o‘t ochishni to‘xtatish hamda Isroil qamoqxonalaridagi 240 nafar falastinlik mahbuslar qo‘yib yuborilishi evaziga garovdagilardan 105 nafarini qaytarib bergandi. Garovdagilarning ayrimlari asirdalik chog‘ida vafot etgan — xususan, iyul oyi boshida ham Isroil keksa yoshli to‘rt nafar asir o‘limi haqida xabar bergandi.

Bugungi kunda G‘azo sektorida 7 oktyabr kuni o‘g‘irlangan 120 ga yaqin kishi Falastin hududida qolmoqda.

«Erkaklar, ayollar, bolalar. Biz garovga olinganlarni uyga qaytarish uchun barcha ishni qilamiz deganda aynan shuni nazarda tutamiz: biz ularning ozodligi uchun kurashishdan to‘xtamaymiz, — degan Isroil mudofaa armiyasi rasmiysi Daniel Hagari. — Dunyodagi istalgan davlat ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi».

Shanba kuni Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi yarim yil ichida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 36 801 kishiga yetganini xabar qilgandi.

Mavzuga oid