Jahon | 20:19 / 12.06.2024
8106
9 daqiqa o‘qiladi

Benni Gansning iste’fosi: Isroilda saylov yaqinmi?

Isroilda urush kabineti vaziri, iste’fodagi armiya generali Benni Gans iste’foga chiqdi. U bosh vazir Binyamin Netanyahuni G‘azoda rejasiz urush olib borayotganlikda ayblayapti va navbatdan tashqari saylov o‘tkazishga chaqirmoqda. Vaziyatni Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Bektosh Berdiyev sharhlab berdi.

Beni Gansning iste’fosiga asosiy sabablar nimalar?

Bektosh Berdiyev: Gans agar Netanyahu 8 iyungacha reja taqdim etmasa, hukumatdan chiqishini aytgandi. Uning hukumatdan chiqishi Netanyahu hukumatini ma’lum ma’noda kuchsizlantiradi. Mudofaa vaziriga ham ta’sir ko‘rsata boshladi, u ham hukumatdan chiqishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bosh shtab sobiq boshlig‘i Ayzenkot ham Netanyahu harbiy kabinetidan chiqishini aytyapti. Bular Gansning ta’siri, dala qo‘mondonlari ham G‘azodagi hukumatdan chiqishini aytyapti. Umuman, ichki kelishmovchiliklar. Bu chiqishlar Isroil uchun foyda emasdir, lekin Netanyahu hukumatini zaiflashtiradi. Shuning uchun Netanyahu hukumatni saqlab qolishga urinyapti, ayniqsa harbiylarni. Netanyahuni aniq rejasi yo‘qlikda ayblashyapti. G‘azoni to‘liq bosib olsa ham, u yerdagi deyarli 2,5 mln aholini nima qiladi? Bu Isroil uchun katta muammo.

Shu sabablardan kelib chiqib Gans Bayden rejasiga ko‘nish kerakligini aytyapti. Buning uchun hukumatni tarqatib, saylov o‘tkazishni maslahat beryapti.

— Ikki siyosatchidan qaysi biri keskinroq, Netanyahumi yoki Gans?

Kamoliddin Rabbimov: Netanyahu radikal o‘ng, Gans esa markazga yaqin, nisbatan so‘lroq. Gansning harbiy kabinetdan chiqishi saylovlarga olib kelmaydi. Chunki Isroil parlamentar boshqaruvda, fraksiyasi ko‘p partiya hukumatni shakllantiradi. Netanyahu partiyasi ko‘pchilik joyni egallab turibdi parlamentda, fraksiyasi kam bo‘lgan Gansning kabinetdan chiqishi favqulodda saylovga sabab bo‘lmaydi. Lekin favqulodda saylovlarni yaqinlashtiradi. Likud boshchiligidagi koalitsiya zaiflashdi. Kimdir yana chiqsa hukumatdan, avtomatik tarzda saylovlar bo‘lishi kerak. Urush saylov bekor bo‘lishi yo surilishiga olib kelmaydi.

Gans qo‘ygan shartlar real emasdi, o‘zi ham bilgan. Bir oy ichida urushdan keyingi rejalar taqdim etilishi kerak edi, ammo Netanyahu taqdim qilolmadi, iloji ham yo‘q edi. Netanyahuning siyosiy mavqeyi zaiflashib boryapti, shu sabab o‘zini vaziyatdan qutqarish uchun shunday talab qo‘ygandi.

Isroil 4 asirni qutqarib, Netanyahu buni katta g‘alaba sifatida e’lon qildi, shu holatni zaiflashtirish uchun Gans o‘zining hukumatdan chiqayotganini e’lon qildi. Parlamentar boshqaruvda bunday siyosiy kurashlar tabiiy holat. Muxolifat lideri ham Gansning hukumatdan chiqishini olqishladi. Gans va muxolifat maqsadi taxminan kuz oylarida navbatdagi saylovlarga erishish bo‘ladi.

Bektosh Berdiyev: Mamlakatda harbiylar roli katta, Gansning chiqishi ko‘plab harbiylar noroziligiga olib keladi. Gansning talabi asirlarni ozod qilish, lekin buni Netanyahu amalga oshirolmayapti. Asosiy narsa Isroildagi murakkab vaziyatda o‘zlarini oqlab chiqib ketishga urinishyapti, barchasiga Netanyahuni aybdor qilib qoldirishmoqchi.

— HAMAS bilan jang olib borayotgan Isroil harakatlarida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

Kamoliddin Rabbimov: Jiddiy tasir qilmaydi. Hali Isroil Bayden rejasini qabul qilgani yo‘q, xalqaro bosim davom etyapti Isroilga. Netanyahu hukumati vaziyat asiri hozir. Urushda oldiga qo‘ygan birorta maqsadiga erishgani yo‘q. Hali 4 asirni ozod qildi, ammo o‘nlab asirlar bor hali, HAMASni esa butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi, g‘oyaviy tashkilot u.

Netanyahu harakatlari AQShning global reputatsiyasiga, manfaatlariga tahdid solyapti. Bir tomondan o‘zining global hokimiyatini saqlab qolish uchun arab, musulmon davlatlari bilan murosa qilishi kerak, lekin ikkinchi tomondan Netanyahuga ham qattiq bosim qilolmaydi, yahudiy lobbisi kuchli chunki. AQShning o‘zi ham vaziyat asiri deyish mumkin. Shu sabab ham Netanyahu birdan to‘xtata olmaydi urush kampaniyasini.

Blinken bayonotlarda Isroil rozi bo‘lyapti, HAMAS rozi bo‘lmayapti dedi. Lekin teskarisi, HAMAS manfaatlariga to‘g‘ri keladi AQSh rejasi. Informatsion bosim orqali reja Isroil manfaatlariga to‘g‘ri keladi, HAMASga emas, deb Isroilni ko‘ndirmoqchi.

— Netanyahu kabinetida Gansning lavozimini kim egallashi mumkin va bu nomzodlarning qanday siyosiy yo‘nalishi bor?

Bektosh Berdiyev: Isroilning butun aholisi harbiy deyish mumkin, bu sohaga katta e’tibor beriladi, Gansning o‘rniga ham, Ayzenkotning o‘rniga ham odamlar bor. Isroildagi harbiylar urushlarda toblangan. Lekin Gans kabi siyosatchi harbiylar kam. Shu sabab Netanyahu ularni olib qolishga urinyapti.

Gans AQSh rejasini qo‘llashi, urushdan keyingi holat uchun aniq reja ishlab chiqish talablari bilan jamiyat orasida o‘z mavqeyini mustahkamlashga ham harakatni ko‘rishimiz mumkin.

— Gans o‘zini Netanyahuga muqobil nomzod sifatida tayyorlamayaptimi?

Kamoliddin Rabbimov: Gansning katta koalitsiya tuzish imkoniyati kam. Gansning partiyasi katta salohiyatga ega emas. Likud partiyasi esa o‘ng va ultra o‘nglarni yig‘gan partiya, saylovlarda baribir salohiyatini yo‘qotmaydi. Lekin Gans boshqa muxolifatchilar bilan keyingi kabinetda biror lavozim olishga intilayotgan bo‘lishi mumkin, butun hukumatni bitta partiya egallab ololmaydi. Muxolifat va Gans katta muvaffaqiyatsizliklarda ayblayapti va jamiyatga bizga imkon bersangiz, biz buni to‘g‘rilaymiz, Isroil reputatsiyasini tiklaymiz, deyapti. Isroil jamiyatida siyosiy qarashlar ancha barqarorlashgan. Shu sabab yaqin o‘rtada saylov bo‘lsa, Likud partiyasi baribir yaxshi o‘rin oladi.

Isroil ksenofobiya bilan to‘yingan demokratik davlat, ularda arablarga nisbatan ksenofobiya saqlanib qolaveradi. Gans favqulodda saylovlarga erishib va keyingi kabinetda o‘zining mavqeyini kuchaytirishga harakat qilishi mumkin. Shu sabab keyingi saylovlarda Gans partiyasi ko‘p joyni egallay olmaydi. Lekin muxolifat bilan koalitsiya tuzib, biror lavozimni egallashga harakat qilayotgan bo‘lsa, bu tabiiy narsa.

— Saylovlar bo‘lsa, Netanyahu hukumatda qoladimi?

Bektosh Berdiyev: Hali saylovni yaqinlashtirish ancha qiyin, menimcha. Netanyahuning siyosiy irodasiga bog‘liq vaziyat. Urush fonida Netanyahu hukumatni tarqatib saylov o‘tkazishday qaltis harakat qilmaydi. To‘g‘ri, saylov o‘taverishi mumkin, lekin Netanyahu reytingi hozir tushgan. Shu sabab Likud kamroq ovoz olib qolishi mumkin. Gansning o‘rniga boshqani olib kelib yoki boshqa ishlar bilan vaziyatdan chiqishga urinadi.

Isroil qarorlar qabul qilishda qaltis vaziyatga tushib qoldi. HAMASni yo‘q qilolmaydi, yo‘q qilsa ham, kimni olib keladi hokimiyatga. Fathni olib kelsa, Mahmud Abbos hukumati kuchayib, yana Falastin davlati g‘oyasi kuchayadi. Bayden rejasiga rozi bo‘lsa, mag‘lubiyatini tan olgan bo‘ladi. Lekin HAMASni ham yo‘q qilolmaydi. Isroil armiyasi qudrati haqidagi tasavvurlar yo‘qoldi. G‘azoda Isroil askarlari o‘lyapti.

Netanyahu mana shu botqoqdan chiqishni xohlaydi. Saylovlar bo‘lsa, partiyasi o‘rni pasayishi yoki o‘zining o‘rniga boshqa odam ko‘rsatilishi mumkin. Shunda tarixga yutqazgan siyosatchi sifatida qoladi. Shuning uchun ham saylovni xohlamaydi va bunga yo‘l qo‘ymaydi. Hukumatni favqulodda hukumat deb e’lon qiladi urush paytida Isroil. Shu favqulodda hukumat bor hozir. Saylov o‘tkazish Netanyahu, partiyalarning siyosiy irodasiga bog‘liq.

Kamoliddin Rabbimov: Isroilda kuchlar nisbati Gans foydasiga emas. Netanyahu mavqeyi qaltislashdi. Lekin uning koalitsiyasida yetarlicha 64 ta a’zo bor. Gans tarafdorlari 8 ta, lekin ularning ham hammasi chiqib ketgani yo‘q.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid