Jahon | 19:40 / 17.06.2024
16483
5 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov UBS Europe bankini sudga berdi

USM Holdings kompaniyasi asoschisi Alisher Usmonov Frankfurt shahri Yer sudiga UBS Europe SE (sobiq UBS Deutschland AG) banki ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi.

Foto: Sergei Karpukhin / REUTERS

Bu haqda «Kommersant’» nashriga tadbirkorning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Shtefani Rabenau ma’lum qilgan.

Da’vogarga ko‘ra, 2018–2022 yillarda bank GFR moliyaviy hokimiyatiga tadbirkor tomonidan go‘yoki yo‘l qo‘yilgan shubhali moliyaviy operatsiyalar to‘g‘risida «asoslanmagan bildirishnomalar seriyasi»ni jo‘natgan. Bu esa unga nisbatan «siyosiy tomondan motivlashgan surishtiruvlar» o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan.

Rabenau xonimning arizasida aniqlashtirilishicha, UBS banki GFR bosh bojxona direksiyasining moliyaviy monitoring bo‘limiga «o‘ndan ortiq, agar qasddan yolg‘on deyilmasa, absurd, asoslanmagan bildirishnomalar» jo‘natgan. Ularning orasida naqd pullar yechish va ijara to‘lovlarini to‘lashda «pul mablag‘larini yuvish» kabi bildirishnoma va gumonlar bo‘lgan. Bank bu holatda o‘z gumonlarini tasdiqlovchi birorta faktni taqdim etmagan, deya ta’kidlaydi advokat.

Bundan tashqari, 2022 yilda UBS’ning bildirishnomalari Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan surishtiruvlar boshlanishiga sabab bo‘lgan. Surishtiruvlar asnosida tergov organlari janob Usmonovga tegishli deya «xato xulosaga borgan» butun mamlakatdagi obektlar, jumladan, Bavariyadagi ko‘chmas mulk obektlarida va «Dilbar» yaxtasida tintuvlar o‘tkazilgan. Bu surishtiruv harakatlari OAVda keng yoritilgan va biznesmenga qarshi sanksiyalarni cho‘zish uchun ishlatilgan.

«Bank xizmatini ko‘rsatish va bank siri to‘g‘risidagi shartnomalar shartlariga ko‘ra, UBS mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiyligini buzgan, u haqida ishonchsiz ma’lumotlar va ta’kidlarni tarqatgan, shuningdek shaxs huquqlari to‘g‘risidagi umumiy qoidalarni qo‘pol ravishda buzgan. Shartnoma shartlarining bank tomonidan buzilishi moliyaviy zararlarga va Alisher Burhonovich Usmonovning nufuziga katta zarar yetkazgan. Mohiyatan, UBS aybsiz shaxsni noqonuniy jinoiy ta’qib qilishning fitnachisi va ishtirokchisiga aylangan va o‘z mijoziga sanksiya qo‘llanilishiga sabab bo‘lgan»,— deya ta’kidlaydi Shtefani Rabenau.

Biznesmenning vakili Peter Gauvaylerning qo‘shimcha qilishicha, yetkazilgan zarar miqdorini hozircha baholab bo‘lmaydi va yakuniy tarxda aniqlashtirishning imkoni yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, UBS uchun oqibatlar «sunami oqibatlari bilan teng bo‘lishi mumkin».

Alisher Usmonov 2022 yilning fevralida Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostiga tushgan edi. O‘sha yilning kuzida Myunxen prokuraturasi YeI tomonidan joriy etilgan cheklovlarga ters o‘laroq biznesmen o‘zining Germaniyadagi mol-mulklariga qarab turish uchun qo‘riqlash firmasiga to‘lov qilgani haqida bayonot bergan edi. Germaniyaning turli shaharlarida biznesmenga tegishli deb qaraladigan ko‘chmas mulk obektlarida tintuvlar o‘tkazilgan. 2023 yilning may oyida Frankfurt shahridagi Yer sudi tintuv uchun berilgan bu orderlar noqonuniy bo‘lgani, chunki «hech narsa bilan mustahkamlanmagan farazlar» asosida berilgani to‘g‘risida qaror chiqardi. 2024 yilning martida Germaniyada biznesmenning mol-mulklarida noqonuniy tintuvlar o‘tkazilishi munosabati bilan tekshiruvlar boshlandi. Bosh prokuratura xodimi va katta prokuror ish figurantlariga aylanishdi. Ular odil sudlovdan og‘ish va aybsiz insonni ta’qib qilishda ayblanmoqda.

Advokatlarga ko‘ra, Alisher Usmonovning UBSga qarshi sudlashishi misli ko‘ilmagan keysga aylanadi va Germaniya bank tizimi uchun huquq o‘rnatuvchi bo‘lishi kutilmoqda. Uni Leo Kirxning Deutsche Bank’ka qarshi sudlashishiga qiyoslashmoqda. Mediamagnat Kirx bank vakillari ularning ochiq bayonotlari Kirch Gruppe’ga nisbatan investorlar ishonchi o‘lishiga va kompaniyaning bankrot bo‘lishiga sabab bo‘lganlikda ayblagan edi.

Ko‘p yillik sudlashuv 2014 yilning boshiga kelib nihoyasiga yetgan. Deutsche Bank bu vaqtga kelib vafot etgan Leo Kirxning vorislari bilan kelishuvga erishgan va ularga 775 million yevro to‘lab bergan. E’tiborlisi shundaki, o‘shanda Kirxlar oilasining vakili bo‘lgan Peter Gauvayler ayni paytda Alisher Usmonovga yordam bermoqda. 

Mavzuga oid