Jahon | 10:46 / 17.06.2024
4055
3 daqiqa o‘qiladi

«DXR»da rossiyalik jurnalist halok bo‘ldi

Rossiya xalqaro tashkilotlarni, jumladan YuNESKOni harbiy muxbir Nikita Tsitsagi o‘limini qoralashga chaqirdi.

Nikita Tsitsagi Foto: News.ru

Rossiyaning News.ru internet-nashri muxbiri Nikita Tsitsagi o‘zini «DXR» deb e’lon qilgan hududda joylashgan Vuxledar yaqinidagi Nikolskiy monastiri yaqinida halok bo‘ldi. Bu haqda News.ru portali 16 iyun, yakshanba kuni xabar berib, jurnalist u yerda reportaj tayyorlash niyatida bo‘lganiga ishora qildi.

Moskva tomonidan tayinlangan «DXR» «rahbari» Denis Pushilinning aytishicha, 29 yoshli harbiy muxbir Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Tsitsagi 2022 yildan buyon «DXR»ga muntazam tashrif buyurib kelgan. Fojiali voqeaning boshqa tafsilotlari ma’lum qilinmagan. 

Nikita Tsitsagi Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi, shuningdek, Lenta.ru, «Xolod» va «Novaya vkladka» internet-nashrlari bilan hamkorlik qilgan. «Novaya vkladka» loyihasi muxbir vafot etgan kuni, 16 iyunda Tsitsagining «chegaradagi kulrang zonaga aylangan tashlab ketilgan Shebekino» haqidagi reportajini qayta chop etdi. 2023 yil iyun oyida u ushbu hisobot uchun «Redkollegiya» mukofotini olgan.

Rossiya TIV hodisani qoralashga chaqirdi 

Xuddi shu kuni, 16 iyunda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova rossiyalik harbiy muxbir o‘limiga izoh berib, u Ukraina uchuvchisiz uchog‘i tomonidan «qasddan o‘ldirilgani»ni aytdi. Zaxarovaning eslatishicha, 13 iyun kuni NTV telekanalining suratga olish guruhi ham o‘qqa tutilgan, natijada operator Valeriy Kojin halok bo‘lgan va muxbir Aleksey Ivliyev og‘ir yaralangan.

«Biz tegishli xalqaro tashkilotlar va tuzilmalardan, birinchi navbatda jurnalistlarga hujum holatlariga javob berish bevosita mas’uliyati bo‘lgan YuNESKO bosh direktoridan bu jinoyatni zudlik bilan va qat’iy qoralashni talab qilamiz», - deya ta’kidladi Zaxarova.

Mavzuga oid