O‘zbekiston | 14:01 / 19.06.2024
17011
5 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektori keksa fuqaroning uyi va pulini o‘zlashtirib olgani aniqlandi

Profilaktika inspektori o‘z jinoyatini yashirish maqsadida turar joyni hadya shartnomasi orqali turmush o‘rtog‘iga qayta rasmiylashtirib bergan. O‘zlashtirib olgan puliga esa opasining nomiga Lacetti sotib olgan. Prokuratura aybdorga nisbatan chiqarilgan sud hukmini adolatsiz va noqonuniy deb topib, uni bekor qilish haqida protest keltirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda JIB Nukus shahar sudi sudyasi tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz olib tashlab, hukm chiqargani haqidagi xabarlar tarqaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan Nukus shahar IIO FMB profilaktika inspektori A.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan.

“Tergovda to‘plangan dalillarga ko‘ra, profilaktika inspektori A.M. o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Ye.ning yaqin qarindoshlari yo‘qligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Inspektor go‘yoki Ye.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurgani to‘g‘risida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirib, uni uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.

So‘ngra, u O.Ye.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. ko‘magida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turar joyni o‘zining nomiga rasmiylashtirgan. Profilaktika inspektori qilgan jinoyatlarini yashirish maqsadida turar joyni turmush o‘rtog‘i O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, Ye.O.ning juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Shuningdek, u jabrlanuvchi Ye.O.ning ojizligidan foydalangan holda qo‘lga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, inspektor O.Ye.ning bankdagi omonat hisobraqamida saqlanayotgan juda ko‘p miqdordagi pullarini bank xodimlarini go‘yoki egasiga berish uchun olayotganiga ishontirib, qo‘lga kiritishga ham erishgan. So‘ngra ushbu mablag‘ga opasining nomiga Lacetti mashinasini xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, profilaktika inspektori A.M.ga Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi, 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, 243-moddalari hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

“Biroq Nukus shahar sudi sudyasi 2024 yil 7 iyundagi sud hukmiga asosan tergov organi tomonidan A.M.ga Jinoyat kodeksining 169, 228, 243-moddalari bilan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlab, uni Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topgan hamda 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 2 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.

Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, u Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Ye.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 mln 50,7 ming so‘m pullarni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan”, deya ta’kidlangan prokuratura munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari o‘rganilib, mazkur sud hukmi ro‘yi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirilgan.

Mavzuga oid