Pentagon: Ukraina Rossiya hududiga AQSh qurollari bilan zarba berishi mumkin
Pentagon matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga Rossiyaga zarba yo‘llash uchun Amerika qurollaridan foydalanishga berilgan ruxsat faqatgina Xarkiv viloyati yaqinidagi hududga tegishli emas.
Ukraina qurolli kuchlari nafaqat Xarkiv viloyati yaqinida, balki Rossiya hududidagi har qanday harbiy obektlarga zarba berish uchun Qo‘shma Shtatlar tomonidan taqdim etilgan qurollardan foydalanishi mumkin. Bu haqda 20 iyun, payshanba kuni Pentagon matbuot kotibi, AQSh harbiy-havo kuchlari general-mayori Patrik Rayder ma’lum qildi.
«Javob o‘t ochish qobiliyati bu siyosatning maqsadi. Rossiya qo‘shinlarining chegaradan o‘t ochayotganini ko‘rib, Ukraina ham AQSh tomonidan taqdim etilgan o‘q-dorilar yordamida quruqlikdagi kuchlarga javob qaytarishi mumkin, degan xulosaga keldik», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi. Rayder buni Ukraina armiyasining «o‘zini himoya qilish» harakati, «ular bunday imkoniyatga ega bo‘lishi kerak», deb asoslab berdi.
Avvalroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan Amerikaning PBS telekanaliga bergan intervyusida xuddi shunday fikrda gapirgan edi. Jurnalistning Rossiya hududiga Amerika qurollari yordamida zarba yo‘llashga ruxsat berilganligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Oq uy vakili: «Bu geografiya masalasi emas», dedi. «Agar Rossiya Ukrainaga o‘z hududidan hujum qilsa yoki hujum qilmoqchi bo‘lsa, Ukrainaga chegaradan o‘tib unga hujum qilgan kuchlarga javob qaytarishga ruxsat berish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi Sallivan.
G‘arb davlatlari Ukrainaga Rossiyadagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
May oyi oxirida Rossiyaning Xarkiv viloyatiga hujumlari kuchayishi fonida bir qator davlatlar o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainaga Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga hujum qilish uchun o‘zlari taqdim etgan qurollardan foydalanishga ruxsat berdi.
Bunga javoban Moskva Qo‘shma Shtatlarga Ukrainaning unga berilgan Amerika qurollaridan foydalanish bo‘yicha qarorlari «jiddiy oqibatlarga olib kelishi» bilan tahdid qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbga «assimetrik javob» imkoniyati haqida gapirdi.
AQSh va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik shartnomasi
13 iyun kuni Jo Bayden va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina yetakchisi ham taklif etilgan G7 sammiti chog‘ida 10 yillik xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi. U Ukrainani himoya qilish uchun Amerika qo‘shinlarini yuborish va Vashingtondan Kiyevga hech qanday moliyaviy majburiyatlarni o‘z ichiga olmaydi.
Biroq kelishuvda aytilishicha, Ukrainaga qurolli hujum yoki bunday hujum tahdidi yuzaga kelgan taqdirda AQShning yuqori martabali rasmiylari 24 soat ichida ukrainalik hamkasblari bilan uchrashib, javob choralari va Ukraina mudofaasi uchun zarur bo‘lgan ta’minotni muhokama qiladi.
Bayden bu kelishuv Ukrainaning Shimoliy Atlantika ittifoqi yo‘lidagi qadamlardan biri ekanligini ta’kidladi. Avvalroq yana 15 davlat, jumladan Germaniya, Fransiya va Britaniya Ukraina bilan xuddi shunday xavfsizlik kelishuvlarini tuzgan edi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024