Armiyaga qo‘shilayotgan ukrainalik mahbuslar va «jayra»ga aylangan rus tanklari. Urush suratlari
Ukrainada urushning 851-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- 24 iyun kuni Ukraina qurolli kuchlarining anneksiya qilingan Sevastopolga raketa zarbasi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. 150 dan ortiq kishi yaralangan.
- «Kalibr» rusumli ikki raketa Kiyev oblasti uzra urib tushirilgan, ikki kishi jarohatlangan.
- Belgorod oblastining Grayvoron shahrida kamikadze dron zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, uch kishi yaralangan.
- Rossiya Xarkivga boshqariluvchi aviabombalar bilan hujum qildi, bir kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar ham bor.
Sevastopol bo‘ylab raketa zarbasi
23 iyun kuni kunduzi RF mudofaa vazirligi ukrain qo‘shini anneksiya qilingan Sevastopolga «Amerikaning kassetali o‘q-dorilarga ega ATACMS raketalari» bilan hujum qilgani haqida xabar berdi. Harbiy idora tarqatgan xabarda aytilishicha, to‘rtta raketa urib tushirilgan. Yana bir raketa «havo hujumidan mudofaa vositalari ta’siri oqibatida yakuniy bosqichda parvoz trayektoriyasidan chetga og‘ib ketgan va shahar ustida portlagan». Raketa qoldiqlari shaharning turli qismlariga, jumladan plyajga ham tushgan, deyiladi anneksiya qilingan shahar ma’muriyati xabarida.
24 iyun kuni tongidagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, shundan ikki nafari bolalar, 153 kishi jarohatlangan. Anneksiya qilingan shahar ma’muriyati rahbari Mixail Razvojayev o‘ziga RF prezidenti Vladimir Putin telefon qilgani, qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga barcha zarur yordamlar ko‘rsatilishini va’da qilganini aytgan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Putin Sevastopolga zarba va Dog‘istondagi teraktlar yuzasidan chiqish qilishi rejalashtirilmagan.
Xarkiv bo‘ylab aviazarba
Rossiya qo‘shini 23 iyun kuni kunduzi Xarkiv bo‘ylab uchta boshqariluvchi aviabomba tashladi. Region rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, 12 kishi jarohatlangan, shundan ikki nafari voyaga yetmagan bolalar, bir kishi — 73 yoshli kishi halok bo‘lgan.
Urush davridagi ukrain mahbuslari
May oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarda ayblanib qamalganlarni harbiy xizmatga qabul qilishga ruxsat beruvchi farmonini imzolagandi. Ukraina hukumati ma’lum qilishicha, bir necha ming mahbus Ukraina qurolli kuchlari safiga qo‘shilish istagini bildirgan, jazoni o‘tayotganlardan 2750 nafardan ortig‘i esa allaqachon harbiy xizmatga yo‘l olgan.
Ukraina hukumati qamalganlarni harbiy xizmatga qabul qilish Rossiyada tarqalgan mahbuslarni yollash amaliyotidan jiddiy farq qilishini alohida qayd etgan. «Bizda yarim harbiylashgan guruhlar emas, bizda doimiy qurolli kuchlar. Bizda yaxshi ijtimoiy himoya tizimi yo‘lga qo‘yilgan, ular — ular Rossiyadagi kabi yarim harbiylashgan tuzilmalar vakillari emas, balki munosib, klassik askarlar. Qolaversa, bizda ko‘ngilli sxema, biznikilarni hech kim majburlamaydi, Rossiyada esa majbur qilishadi. Manyaklar, seriyali qotillar bunda ishtirok etishga qabul qilinmaydi, Rossiyada esa qabul qilinadi. Biznikilar vatanparvarlik ishtiyoqiga ega. Farq juda ulkan», — degan Ukraina adliya vaziri Denis Malyuska.
Rossiya tanklari dronlardan himoyalanishi
Rossiyalik harbiylar o‘z zirhli texnikalarni raqib dronlaridan himoyalashga urinib, tanklar ustiga qo‘lbola konstruksiyalar o‘rnatmoqda. Dronlardan himoya vositalari o‘rnatilgan T-80 tanklarini rossiyalik harbiylar «shoh mangal» deb atashadi, ukrainaliklar — «zirhlangan saroy». Dronlardan himoyalovchi temir panjaralar T-72 tanklari ustiga ham o‘rnatilmoqda, Rossiya nashrlari va harbiy muxbirlar uni «jayra» deb atashadi.
Mavzuga oid
22:23
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43
Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK
15:39