Jahon | 13:37 / 24.06.2024
3210
3 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya - Vengriyaning YeIga raisligi asosiy yo‘nalishi 

Vengriya bosh vaziri YeIdan tashqarida Yevropa Ittifoqiga kirishni xohlovchi muhojirlarning arizalarini ko‘rib chiqish tarafdori ekanini aytdi.

Foto: Attila Volgyi/Xinhua/IMAGO

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘z mamlakatining 1 iyuldan boshlanadigan Yevropa Ittifoqi kengashiga raisligi eng muhim nuqtalari qatoriga yangi migratsiya strategiyasini kiritdi. «Eng muhim nuqtalar: biz Yevropa iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishni xohlaymiz, urushni tugatish tarafdorimiz va migratsiya muammosini hal qilish kerak», dedi u 23 iyun, yakshanba kuni Funke media-guruhi nashrlariga bergan intervyusida

Orban migratsiya masalasiga batafsil to‘xtaldi. U Germaniya federal kansleri Olaf Sholsning YeIdan tashqarida Yevropa Ittifoqiga kirishni xohlovchi muhojirlar arizalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha pozitsiyasini ma’qullashini ta’kidladi. 

Siyosatchining ta’kidlashicha, Vengriya allaqachon boshpana so‘rovlarini mamlakatdan tashqarida ko‘rib chiqish sxemasini yaratgan. «Agar muhojirlar Vengriyaga kelmoqchi bo‘lsa, avvalo, Serbiya poytaxti Belgraddagi elchixonasiga murojaat qilishlari kerak, agar Vengriya rasmiylari «yashil chiroq» yoqsa, migrantlar kira oladi, aks holda bu yuz bermaydi», dedi bosh vazir. 

Orbanning fikricha, to‘qqiz yil avval Yevropada migratsiya bilan bog‘liq vaziyat haqidagi ogohlantirishlari to‘g‘ri bo‘lgan. 2015 yilda migratsiya inqirozi avjiga chiqqanida, siyosatchi millionlab muhojirlarni qabul qilish uchun kampaniya olib borayotgan yevropalik siyosatchilarga murojaat qilib, shunday degandi: «Siz xohlagan narsani qilishingiz mumkin, bu sizning milliy qaroringizdir. Ammo chegaralaringizni noqonuniy migratsiyaga ochsangiz, bu katta xavf tug‘dirishini hisobga olishingiz kerak». 

Yevropa sudi Vengriyaga jarima to‘lash majburiyatini yukladi

13 iyun kuni Yevropa sudi Vengriyaga Yevropa Ittifoqining boshpana haqidagi amaldagi qonunchiligiga rioya qilmagani uchun 200 million yevro miqdorida jarima to‘lash majburiyatini yukladi. Vengriya, xususan, boshpana berish tartibiga kirishni cheklab qo‘ydi va boshpana izlovchilarni tranzit zonalarida noqonuniy ushlab turgan. Bu bilan Vengriya Yevropa Ittifoqining boshpana berish bo‘yicha umumiy siyosatini ataylab chetlab o‘tmoqda, bu esa Yevropa Ittifoqi qonunlari birligiga va a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlikka jiddiy xavf soladi, deya ma’lum qildi Yevropa sudi sudyalari.

Mavzuga oid