Jahon | 10:36 / 25.06.2024
3199
4 daqiqa o‘qiladi

Borrel: Gurjiston uchun «YeIga eshik» yopilishi mumkin

Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi uchun eshiklar uning rasmiylari tomonidan qabul qilingan «Xorijiy ta’sir to‘g‘risida»gi qonun tufayli yopilishi mumkin, deya ogohlantirdi Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel. Yevropa Ittifoqi yuqori darajadagi aloqalarni uzish bilan tahdid qilmoqda.

Foto: Johanna Geron / Reuters

Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumati tomonidan «Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida» gi qonun qabul qilingani uchun Gurjistonga nisbatan nomzod davlat maqomini bekor etish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda 24 iyun, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi. «Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun eshik ochiq. Lekin hukumat shu yo‘lda davom etsa, qilayotgan ishini davom ettirsa, bu eshik yopiladi va uning oqibatlarini gurji xalqi to‘laydi», - deya ogohlantirdi Borrel.

U gurji xalqining Yevropa hamjamiyatiga qo‘shilish istagini qayd etib, mamlakat aholisi aksariyati YeI bilan yaqinlashish tarafdori ekanini ta’kidladi. «Biz tinch aholi jabrlanishini, tinch aholiga og‘riq keltirishni istamaymiz», - deya qo‘shimcha qildi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Jozep Borrelning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar muhokama qilgan ilk qadamlarga Gurjistonga moliyaviy yordamni qisqartirish, xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirishni to‘xtatish va yuqori darajadagi aloqalarni to‘xtatish kiradi. 

AQSh Gurjistonga qarshi sanksiyalar e’lon qildi 

AQSh 6 iyun kuni mamlakat parlamenti «Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilganidan so‘ng bir necha o‘nlab Gurjiston rasmiylariga qarshi sanksiyalar kiritdi. AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi, qonunni qabul qilgan parlament a’zolari, shuningdek, namoyishchilarni tarqatib yuborishga mas’ul huquq-tartibot idoralari xodimlari kiritilgan. 

«Bu harakatlar Gurjistonning Yevropa kelajagiga putur yetkazishi xavfi va Gurjiston Konstitutsiyasi hamda uning xalqi xohish-istaklariga ziddir», dedi idora vakili Mettyu Miller. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar faqat birinchi qadamdir. Gurjiston o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmasa, yangi jazolarga duch keladi, deya qo‘shimcha qildi u.

Gurjistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun 

Gurjiston muxolifati Rossiyaning «chet el agentlari» haqidagi qonuni nusxasi deb ataydigan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun iyun oyi boshida kuchga kirdi. Gurjiston parlamenti raisi Shalva Papuashvili uni fuqarolar va muxolifatning keng ko‘lamli noroziliklari, shuningdek, prezident Salome Zurabishvili veto qo‘yganiga qaramay, 3 iyun kuni imzoladi.

Qonun kuchga kirgandan so‘ng, Gurjiston Adliya vazirligi 60 kun ichida barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishi va 20 foizdan ortiq mablag‘ni xorijiy manbalardan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari elektron portalini yaratishi shart. Ular 2023 yil uchun moliyaviy hisobotlarini e’lon qiladi. 

Gurjiston 2022 yil 3 martda Moldova bilan bir kunda, Ukrainadan ikki kun o‘tib Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. 

Mavzuga oid