Jamiyat | 10:19 / 25.06.2024
31003
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 7 yoshli qizaloq skuterga ikkita ukasini mindirib katta yo‘lga "sayr"ga chiqdi

Qizcha skuterga 5 va 2 yoshli ukalarini mindirib serqatnov katta yo‘l chetida harakatlangan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyatida skuterda katta yo‘lda harakatlanib ketayotgan 7 yoshli qizaloq va uning ikki nafar ukasi YHXB xodimlari tomonidan ota-onasiga sog‘-omon topshirildi.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 23 iyun kuni Samarqand tumani hududida sodir bo‘lgan.

YPX xodimlari M-37A xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab o‘z xizmat manziliga ketayotganda yosh qizalok ikki nafar ukasini mindirib olgan holda skuter boshqarib ketayotganini ko‘rib qolishgan.

So‘ng qizaloqlarning manzilini aniqlab, ularni ota-onasiga olib borib topshirishgan. Surishtiruvda, skuter boshqarayotgan qizaloq 7, ukalari esa 5 va 2 yoshda yoshda ekani ma’lum bo‘lgan.

“Hurmatli ota-onalar, turli transport vositalarini qarovsiz qoldirmang, voyaga yetmagan bolalarga skuter yoki boshqa transportlarni boshqarishga bermang”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid