O‘zbekiston | 14:05 / 26.06.2024
2554
2 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ular farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish reglamenti tasdiqlandi 

Hukumat qarori bilan Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar, boshqa jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik holati to‘g‘risida quyidagi shakllarda murojaat qilinadi:

  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimga;
  • ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga yoki bevosita profilaktika inspektorlariga;
  • “112” yagona dispetcherlik xizmati hamda 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga.

Murojaat bo‘yicha 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
  • ijtimoiy xodim xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining holatini dastlabki tarzda baholash choralarini ko‘radi;
  • profilaktika inspektori xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtiriladi hamda zaruratga ko‘ra birlamchi ko‘mak xonalariga joylashtirish uchun tegishli dalolatnomani rasmiylashtirishga doir choralarni ko‘radi;
  • ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori tomonidan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari ularning roziligi asosida birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtiriladi.

Xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar “Inson” markazlari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid