Jahon | 11:42 / 28.06.2024
9528
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina «urush cho‘zilishi»ni istamaydi

Uning aytishicha, ittifoqchilar bilan birgalikda tayyorlanadigan tinchlik rejasi bir necha oy ichida taqdim etilishi kerak.

Foto: Getty Images

Ukraina «urushni cho‘zish»ngi istamayapti, ittifoqchilar bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha reja esa bir necha oy ichida tayyor bo‘lishi kerak, dedi Bryusseldagi konferensiyada prezident Volodimir Zelenskiy. Uning so‘zlari videosi Yevrokengash rahbari Sharl Mishel tomonidan e’lon qilingan.

«Bizda vaqt ko‘p emas, chunki bizda jang maydonida, shuningdek tinch aholi orasida yaralanganlar va halok bo‘lganlar ko‘p. Shuning uchun biz bu urush yillar mobaynida davom etishini istamaymiz», — degan Zelenskiy.

Prezident Ukraina ikkinchi tinchlik sammitiga qadar tinchlik rejasini tayyorlashni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilgan. Ikkinchi uchrashuv qachon va qayerda o‘tkazilishiga Zelenskiy aniqlik kiritmagan.

Avvalroq prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Igor Jovkva «Interfaks-Ukraina» agentligi bilan suhbatda ikkinchi sammitni 2024 yil yakuniga qadar o‘tkazish rejalashtirilayotganini aytgandi. Ofis rahbari Andrey Yermak uchrashuvga Rossiya vakillari taklif etilishi mumkinligini aytgan.

Bundan oldinroq keyingi sammitda Rossiyadan vakillar ishtirok etishi mumkinligini Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba ham istisno etmagandi. «G‘oyaga ko‘ra, keyingi sammit urushning yakunlanishi bo‘lishi kerak. Va, albatta, buning uchun muzokaralar stolida boshqa tomon ham kerak bo‘ladi. Bu aniq», — degan u.

  • Tinchlik sammiti 15-16 iyun kunlari Shveytsariyadagi Byurgenshtok shahrida bo‘lib o‘tgandi. Bu Ukraina tomonidan «tinchlik formulasi»ni muhokama qilish bo‘yicha bildirilgan tashabbus edi — Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash uchun mazkur hujjatning bandlari bajarilishi kerak. 
  • Uchrashuvda tashabbusdagi faqat uchta band muhokama qilingan: yadroviy xavfsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek asirlar almashuvi va deportatsiya qilingan ukrain bolalar qaytarilishi. Tadbirda 90 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashdi, yakuniy deklaratsiyani 85 mamlakat imzoladi.
  • Sammit arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ma’lum qilgandi. Prezidentning talablari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ukrain qo‘shinini Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan olib chiqish; Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi; RFning anneksiya qilib olingan hududlari Kiyev tomonidan tan olinishi; sanksiyalar bekor qilinishi. Zelenskiy Putinning talablarini «ishonib bo‘lmaydigan ultimatum» deb atagan.

Mavzuga oid