Jahon | 22:06 / 01.07.2024
7144
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya o‘z hududida AQShga 15 ta harbiy baza ochishga ruxsat berdi

Finlandiya parlamenti mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni ma’qullab, mamlakatdagi 15 ta harbiy bazaga kirishga ruxsat berdi, deb xabar beradi Yle nashri.

Foto: Reuters

Shartnomaga ko‘ra, AQSh ko‘rsatib o‘tilgan obektlarda o‘z harbiylari va harbiy texnikalarini joylashtira oladi. Finlandiya hukumati amerikaliklar foydalanadigan joylarning xavfsizligini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.

Finlandiya mudofaa vaziri Antti Hyakkyanenning so‘zlariga ko‘ra, Helsinki va Vashington mudofaa hamkorlishini yanada chuqurlashtirishni rejalashtirmoqda. AQSh xuddi shunday kelishuvni 20 dan ortiq davlat bilan imzolagan. Shartnoma amerikalik harbiylarning doimiy asosda Finlandiyada bo‘lib turishi uchun asos yaratadi.

Mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni ikki davlat o‘tgan yilning 18 dekabrida imzolagan. Kelishuv bilan tanishib chiqqan Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 15 ta obekt qatorida to‘rtta aviabaza, harbiy port va mamlakat shimolidagi temiryo‘l ham bor. Shuningdek, harbiy mol-mulklar uchun omborlar Rossiya chegarasiga eltuvchi yo‘llar chetiga joylashtiriladi.

Rossiyaning jangovarligi yuqori Shimoliy floti va strategik aviatsiyasi joylashgan joyga yaqin aynan shimoliy sharqiy qismda Finlandiya NATOga Rossiyaga qarshi turishda yordam bera oladi, degan edi avvalroq AQShning iste’fodagi general-mayori Gordon Deyvis. Finlandiya Rovaniyemi shahri yaqinidagi aviabazani ham modernizatsiya qiladi, u yerda 2026 yilga borib, AQShdan sotib olinadigan 64 ta F-35 qiruvchi samolyotlari joylashtiriladi. Mojaro yuz beradigan bo‘lsa, Rovaniyemi NATO kuchlarining mintaqaviy operativ markaziga aylanadi. Bu shahar orqali Shvvetsiyaning Tornio shahrigacha temiryo‘l tortilgan. Ushbu temiryo‘l Rossiya chegarasiga bir soatlik yo‘lgacha, Shimoliy flot joylashgan Murmansk shahriga 7 soatlik yo‘lgacha tortilgan.

Aprel oyi oxirlarida Rossiya armiyasi taktik yadroviy qurollar kompleksini Finlandiya bilan chegaraga ko‘chirgan. Chegaradosh Kareliyada “Iskander-M” operativ-taktik komplekslari joylashtirilgan, deb yozgandi «Izvestiya» RF Mudofaa vazirligidagi manbalariga asoslanib. Ham qanotli, ham ballistik raketalar, jumladan, yadroviy kallaklarni ham uchira oladigan «Iskander»lar alohida raketa brigadasi tarkibiga kiritilgan, u esa yaqinda tuzilgan Leningrad harbiy okrugining bir qismiga aylangan.

Leningrad harbiy okrugi tarkibiga, shuningdek, ilgari Kaliningrad va Murmansk oblastlarida joylashgan 11 va 14-armiya korpuslari ham kiritilgan.

Raketa brigadasini tuzish — bu Finlandiyaning NATOga axzo bo‘lganida javob, degan edi Boltiq dengizi flotining sobiq qo‘mondoni Vladimir Valuyev. Endi Rossiyaning alyans bilan chegarasi qariyb 1300 km.ga uzaydi, blok tarkibiga Yevropadagi eng yirik artilleriya qo‘shinlari kirdi. U 700 gaubitsa, 700 yirik kalbrli minomyotlar va 100 ga yaqin raketa komplekslaridan iborat.

Mavzuga oid