O‘zbekiston | 15:50 / 01.07.2024
4708
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlandi

Urganch tumanidagi MChJlardan birining rahbari xo‘jalik yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini tarmoqqa yashirincha ulab foydalanib kelayotgani fosh etildi. U jami 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Foto: Prokuratura departamenti

Respublikaning bir nechta hududida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Urganch tumanida faoliyat yurituvchi “V.B.” MChJ rahbari B.R. xo‘jalikning yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini tarmoqqa elektr hisoblagichdan tashqari yashirincha ulagani aniqlangan. Buning oqibatida 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi va hududiy ETK xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “U.B.” fermer xo‘jaligi rahbari U.R. xo‘jalik suv nasosini tarmoqqa yashirincha ulab, 223,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shuningdek, departamentning Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda o‘ “N.U.” va “Q.D.” fermer xo‘jaliklari rahbarlari yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulagani fosh etilgan. Buning oqibatda jami 215,3 mln so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlangan.

Departamentning Farg‘ona tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda esa “V.J.” fermer xo‘jaligida hamda YaTT A.A.ning avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr uskunalari hisoblagichdan tashqari elektr tarmoqlariga ulangani fosh etilgan. Bu orqali 146,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid