O‘zbekiston | 21:45 / 04.07.2024
7036
6 daqiqa o‘qiladi

4 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Mirziyoyevning ShHT sammitidagi chiqishi, Umra tashkilotchilarining litsenziyalanishi, start olayotgan «Tashabbusli budjet» va «Hududgazta’minot»ning yangi rahbari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mirziyoyevning ShHT davlat rahbarlari kengashidagi chiqishi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. U ShHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Mamlakat yetakchisi ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tayotganini qayd etdi.

«Yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xatarlar kuchayib bormoqda. Bu davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va raqobat ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik tobora o‘sayotgan vaziyatda kechmoqda.

Bunday murakkab vaziyatda ShHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti bugungi voqelikda ShHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidladi.

«Biz «ShHT oilasi» jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur», — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizlikni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib bormoqda.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha Samarqand tashabbusini amalga oshirish dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ShHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston yetakchisi ShHT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladigan «Sharq-G‘arb» va «Shimol-Janub» yo‘nalishlarida inklyuziv transport tizimini shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

«Transport yo‘laklarining ko‘p variantli bo‘lishi bu — butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir», — dedi prezident.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari XXR Raisi Si Jinpingni Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik missiyasini qabul qilgani bilan tabrikladi.

Umra ziyoratini tashkil qilish litsenziyalanadigan bo‘ldi

Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ bo‘ladi. Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarlik BHMning 200 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qo‘mita tomonidan Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 10 baravari (3mln 400 ming so‘m) etib belgilangan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

«Tashabbusli budjet» start olmoqda

«Tashabbusli budjet»ning ikkinchi mavsumiga 6 iyuldan start beriladi. Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Bitta loyihaning eng yuqori qiymati 1 mlrd 360 mln so‘mni tashkil etadi.

Loyihalar 6−26 iyul oralig‘ida qabul qilinadi.

Loyihalarni saralash 26 iyul – 15 avgust, targ‘ibot qilish: 15 avgust – 22 avgust va ovoz berish: 22 avgust – 1 sentabr sanalari davomida o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, «Tashabbusli budjet»ning 2024 yil birinchi mavsumiga 3,39 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgandi.

Prokuror «Hududgazta’minot»ga rahbar bo‘ldi

2019 yildan bugungi kunga qadar «Hududgazta’minot» AJ boshqaruv raisi bo‘lib ishlab kelgan texnika fanlari doktori Bahodir Eshmurodov lavozimidan ozod qilingan.

Uning o‘rniga Andijon viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Marufxon Xo‘jayev jamiyat boshqaruv raisi etib tayinlandi.

Marufxon Xo‘jayev 2023 yilning avgust oyidan buyon Andijon viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi. Bungacha O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

«Hududgazta’minot» AJda boshqaruv raisi sifatida bugungacha Bahodir Eshmurodov ishlagan. U 2019 yildan beri ushbu lavozimda edi. 2002 yildan beri gaz sohasida mehnat qilib kelayotgan Eshmurodov texnika fanlari doktori hisoblanadi.

Mavzuga oid