Bir surat tarixi - Nagasakida atom bombasi tashlanganda o‘lgan ukasini krematoriyga topshirish uchun navbatda turgan bola kim edi?
1945 yil avgust oyi boshlarida AQSh harbiylari Xirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlashadi. Oqibatda, 300 mingdan oshiq odam halok bo‘ladi. Tirik qolganlar nogironga aylanadi. Ko‘p o‘tmay AQSh armiyasi Yaponiyaga kiradi. Harbiylar orasida fotograf ham bor edi va u Nagasakiga borib suratlar olgan. Uning suratlari orasida o‘lgan ukasini krematoriyga topshirish uchun navbatda turgan bola surati ham bor.
Bugun vafot etgan ukasini ko‘tarib olgan yapon bola surati ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchraydi. Xo‘sh, bola kim va surat qachon tasvirga tushirilgan?
Ma’lum bo‘lishicha, suratning nomi “Krematoriy oldida turgan bola” (yoki “Krematoriy oldida turgan nagasakilik bola”) deb nomlanadi. (Krematoriy – o‘liklarni yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinadigan joy nomi) Surat amerikaliklar Nagasakiga atom bombasi tashlagandan so‘ng bir necha kun o‘tib tushirilgan.
Suratni AQSh dengiz piyoda qo‘shinlari korpusida xizmat qilgan Jo O'Donnell olgan. Bu shaxs urushgacha va undan keyin fotograflik qilgan bo‘lib, uning fotosuratlari ancha mashhur.
Yaponiyaga atom bombasining tashlanishi
1945 yil 6 avgust kuni AQShning B-29 (Enola Gay) bombardimonchi samolyoti (ekipaj komandiri polkovnik Pol Tibbets) Yaponiyaning Hirosima shahriga Little Boy (“Kichik bola”) deb atalgan atom bombasini tashlaydi. Bu bombaning kuchi 13–18 kilotonna trotil ekvivalentiga teng edi.
Oradan uch kun o‘tib, 9 avgust kuni uchuvchi Charlz Suini boshliq bo‘lgan B-29 Bockscar bombardimonchi samolyoti Fat Man (“Baqaloq”) atom bombasini Nagasaki shahriga tashlaydi. Bu bombaning kuchi 21 kilotonna trotil ekvivalentiga teng bo‘lgan.
Hirosimaga tashlangan bomba yerga yetmasdan 500 metr balandlikda portlaydi. Oqibatda havoda kuchli ovoz va chaqin sodir bo‘ladi hamda undan hosil bo‘lgan kuchli issiq shamol yerga qarab yo‘naladi va butun Hirosima olov ichida qoladi.
Portlash episentridan 2 kilometr radiusda bo‘lgan odamlar o‘sha zahoti kuyib ketadi. Portlash to‘lqini episentrdan 19 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi oynalarni sindirib yuboradi. Portlash paytida uning issig‘i yetib bormagan odamlar oradan biroz o‘tib yong‘inlar va radiatsiya to‘lqini tufayli halok bo‘ladi.
O‘sha paytda Hirosimada 340 ming kishi yashagan va bomba portlashi oqibatida ularning 166 ming nafari halok bo‘lgan. Boshqa bir manbada atom bomba tashlanishi paytida Hirosimada 245 ming nafar aholi bo‘lgani va ulardan qariyb 200 ming nafari halok bo‘lgani keltiriladi.
Xirosimadan kichikroq bo‘lgan Nagasaki ikkita kichik daryo vodiysida joylashgan, shaharni kichik tog‘ tizmasi ikkiga ajratib turadi. Nagasakida ham port borligi sababli u Yaponiya harbiylari uchun muhim nuqta sanalgan.
Shuningdek, bu shaharda Yaponiya armiyasi uchun harbiy texnikalar ishlab chiqargan Mitsubishi zavodlari joylashgan edi. Bundan tashqari, o‘sha paytda Nagasakida harbiy kemalar ham ishlab chiqarilgan.
Nagasaki shahri atom bombasi tashlanguncha uncha jiddiy hujumga uchramagan va vayron bo‘lmagan edi. Shaharda urushgacha 250 ming nafar, atom bombasi tashlanishi arafasida esa 200 ming nafar aholi bo‘lgan. Atom bombasi tashlanishi tufayli ularning yarmi halok bo‘lgan.
Nagasakiga tashlangan bomba ham yerdan 500 metr tepada portlaydi. Portlashdan so‘ng kuchli ovoz va chaqnash bilan tselsiy bo‘yicha ming darajadan oshadigan issiq to‘lqin shahar bo‘ylab yopiriladi.
Portlash episentridan 2000 metr radiusda biror-bir tirik jon qolmaydi, hammasi kuyib ketadi. Qolganlar esa shaharni qoplagan kuchli yong‘in va radiatsiya tufayli halok bo‘ladi. Nagasakiga tashlangan bombaning portlash kuchi 21 kilotonnaga yetadi.
Atom bombasi portlashidan so‘ng har ikki shahar o‘liklarga to‘lib ketadi. Odamlarning bir qismi portlash to‘lqini tufayli, boshqalari esa radiatsiya nurlaridan zaharlanib halok bo‘ladi.
AQSh harbiylari tomonidan ikkita shaharning batamom vayron etilgani xabarini olgan Yaponiya bosh vaziri Kantaro Suzuki va tashqi ishlar vaziri Togo Sigenori zudlik bilan ittifoqchilarga so‘zsiz taslim bo‘lishga rozi ekani haqida xabar yuboradi.
Shu tariqa, 1945 yil 15 avgust kuni Yaponiya taslim bo‘lgani e’lon qilinadi va shu bilan Ikkinchi jahon urushi tugaydi. Yaponiyaning so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi hujjatlar biroz keyinroq, 1945 yil 2 sentabrda imzolanadi.
Jo O'Donnell kim edi?
Yaponiya taslim bo‘lgandan so‘ng mamlakatga AQSh harbiylari kirib kelishadi. Ular orasida turli kasb vakillari ham bor edi. Fotograf Jo O'Donnell ham ulardan biri edi.
AQSh dengiz-piyoda qo‘shinlari tarkibidan xizmat qilgan bu shaxs Yaponiyaga qarshi urushda qatnashgan. Yaponlar taslim bo‘lganidan so‘ng o‘z bo‘linmasi bilan bu mamlakatga kirib borgandi.
Jo xizmat qilgan bo‘linma Yaponiyaga 1945 yil 28 avgust kuni birinchilardan bo‘lib kirib boradi. Shunda Jo o‘z komandirlaridan yashirincha Nagasakiga boradi va u yerda ko‘plab fotosuratlarni tasvirga tushiradi. “Krematoriy oldida turgan bola” fotosurati ham o‘shanda olingan edi.
Urushdan so‘ng AQShga qaytib borgan Jo O'Donnell Vashingtonda o‘z shaxsiy fotostudiyasini ochadi. Ko‘p o‘tmay uni Oq uyga chaqirishadi va AQSh prezidenti jamoasida fotograf sifatida ishlay boshlaydi.
Jo O'Donnell o‘z faoliyati davomida Harri Trumen va Jon Kennedining ko‘plab fotosuratlarini olgan. 1968 yilda u Oq uydagi xizmatdan ketadi.
Jo O'Donnell Nagasakida tasvirga olgan suratlarini hech qayerda e’lon qilmaydi va uzoq vaqt uyida saqlaydi. Sababi, o‘sha paytda Nagasakida holat juda ayanchli ko‘rinishda bo‘lgan.
Qolaversa, urushdan so‘ng Yaponiya va AQSh ittifoqchilarga aylanishadi. Agar Jo O'Donnell suratlarni e’lon qilsa, Yaponiya aholisida AQShga nisbatan nafrat uyg‘onishi va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarga ta’sir qilishi mumkin edi. Shu sababli ham fotograf suratlarni hech qayerda e’lon qilmaydi.
1989 yilda 77 yoshli Jo O'Donnell Kentukki shtatida yashaydigan singlisinikiga boradi. O‘sha yerda u Yaponiyaga atom bomba tashlanganda tirik qolgan qizcha Sadako Sasakining rasmiga ko‘zi tushadi.
(Sadako ota-onasi bilan Xirosimada yashagan va amerikaliklar bu shaharga atom bombasi tashlaganda nurlanib nogiron bo‘lib qolgan. U 12 yoshida vafot etgan.)
Shundan so‘ng Jo O'Donnell uyidagi Nagasakida tasvirga tushirilgan suratlarni eslaydi va ularni saralab e’lon qiladi. Fotograf o‘ta ayanchli ko‘rinishdagi suratlarni e’lon qilmaydi.
Jo O'Donnell e’lon qilgan suratlar orasida “Krematoriy oldida turgan bola” fotosurati ham bor edi.
“Krematoriy oldida turgan bola” fotosurati
“Krematoriy oldida turgan bola” fotosuratida yelkasiga atom bombasi portlashi tufayli o‘lgan ukasini ko‘tarib olgan bola tasviri ham bor. Jo O'Donnell uni Nagasakida krematoriy oldida navbatda turgan paytida tasvirga olgan.
O‘sha damni fotograf shunday eslaydi:
“Men o‘n yoshlardagi bir bola o‘tib ketayotganini ko‘rib qoldim. U yosh bolachani orqasiga bog‘lab olgan holda ko‘tarib yurardi. O‘sha paytlarda Yaponiyada biz bolalarning akalari yoki opa-singillari bilan o‘ynayotganini ko‘rardik. Lekin bu bola aniq boshqacha edi. Men uning bu yerga (krematoriyga) jiddiy sabab bilan kelganini ko‘rdim. Bola yalangoyoq va uning yuzi horg‘in edi. Yelkasidagi bolachaning boshi orqaga osilib qolgan, u xuddi qattiq uxlab qolganday ko‘rinardi. Bola shu yerda besh-o‘n daqiqa turdi. So‘ng oq niqobli erkaklar unga yaqinlashib, jimgina bolachani ushlab turgan arqonni yecha boshlashdi. O‘shanda men bolacha allaqachon o‘lganini ko‘rdim. Erkaklar jasadni qo‘llari va oyoqlaridan ushlab, olovga qo‘yishdi. Bola gavdasini tik tutgan holda qimir etmay, olovga qarab turardi. Shunda bola pastki labini shu qadar qattiq tishladi va undan qon oqa boshladi. Olov quyosh botayotgandek ohista yonardi. Bola o‘girilib, indamay ketdi”.
Fotograf suratlarni e’lon qilganidan so‘ng Yaponiya xotiralari haqida kitob yoza boshlaydi. Mazkur kitob 1995 yilda Yaponiyada, keyinroq AQSh va boshqa davlatlarda “Yaponiya 1945, yukxonadagi surat” nomi bilan chop etiladi.
“Krematoriy oldida turgan bola” fotosurati e’lon qilingach Nagasakidagi Tinchlikni targ‘ib qilish boshqarmasi rahbari Yositosi Fukaxori bolani qidirishni boshlaydi.
U bolaning suratini tarqatib, u haqda biladiganlarni o‘zi bilan aloqaga chiqishni so‘raydi. Shundan so‘ng juda ko‘p yaponlar unga xat yozishadi, qo‘ng‘iroq qilishadi va suratdagi bolani tanishlarini aytishadi.
Turli odamlar turlicha ism-shariflar aytishgani uchun bolaning kimligini, u tirik qolganmi yo‘qmi aniqlab bo‘lmaydi.
Suratni sinchiklab tekshirib ko‘rishganda ukasining o‘ligini ko‘tarib turgan bolada radiatsiya bilan zaharlanish alomatlari borligi aniqlanadi. Shundan kelib chiqib, u uzoq yashamagan degan xulosaga kelinadi.
2020 yil 8 avgust kuni Yaponiyadagi eng ommabop telekanallardan biri NHK tomonidan suratga olingan “Nagasakilik bolani qidirib” nomli hujjatli film namoyish etiladi.
Filmda “Krematoriy oldida turgan bola” surati tarixi hikoya qilinadi. Filmda qatnashgan turli mutaxassislar, tibbiy ekspertlar suratdagi bolada nurlanish kasalligiga chalinganlik alomatlari borligini, bunday holda uzoq yashab bo‘lmasligini aytishgan.
Mazkur film 2021 yilda Amerikaning bir nechta telekanallarida ham namoyish etiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
23:27 / 10.11.2024
Yaponiya Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli kemada yong‘in chiqdi
20:03 / 08.11.2024
Nissan savdolar tushib ketgani tufayli minglab xodimlarini ishdan bo‘shatadi
18:37 / 08.11.2024
Fuji tog‘iga birinchi qor yog‘di - bu 130 yildan beri kuzatilgan eng kech sana
17:26 / 07.11.2024