Jahon | 14:03 / 10.07.2024
6618
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi 50 kunlik humanitar qamal, Saudiyaga tahdid qilayotgan husiychilar va Orbanning taktikasi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Qatar poytaxti Dohada AQSh bosh vazvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns, qatar bosh vaziri, mamlakatning tashqi ishlar vaziri Muhammad Ol Soniy, Isroilning «Mossad» razvedka xizmati rahbari David Barnea va Misr razvedkasi rahbari Abbos Komil G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishmoqda.

Bu orada Isroil harbiylari yana G‘azo aholisiga o‘z uylarini tashlab boshqa joyga ko‘chishlari lozimligi to‘g‘risida buyruq berishgan.

Qariya erkaklar, ayollar va bolalardan iborat uzluksiz oqim G‘azo shahridan g‘arbga va janubga yo‘l olgani tasvirlari paydo bo‘ldi. Ayrimlar qariyalar va yaradorlarni qo‘lidan tutib olgan, yosh bolalar opichlab olgan, qo‘llarida esa sumka va kanistrlar ushlab olgan. Ogohlantirish yangragach, Isroil harbiy havo kuchlari G‘azo shahrining sharqiy qismiga intensiv aviazarbalar bergan.

Shaharning Daraj, Tuffah mavzelari va eski shahar qismi nishonga olingan.

Rossiyaning Kiyevdagi «Oxmadet» bolalar shifoxonasiga bergan raketa zarbasidan so‘ng ukrainalik bemor bolalarni Isroilda tekin davolashini e’lon qilgan yahudiylar hamon G‘azoga insonparvarlik yuklarini o‘tkazishmayapti.

Suv, oziq-ovqat, dori-darmonlar ortilgan yuzlab yuk mashinalari Misr va G‘azo chegarasidagi «Rafah» o‘tkazish punktida G‘azoning humanitar qamali sababli 50 kundan beri turib qolgan.

Urushning 277-kuniga kelib, G‘azoda halok bo‘lganlar soni 38 ming 243 kishiga yetdi. Yaralanganlar soni 88 ming 33 kishini tashkil etmoqda, deb xabar beradi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil harbiylari uchta ommaviy qirg‘inga sabab bo‘lgan bombalashlarni amalga oshirib, 50 kishining qurbon bo‘lishi va 130 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lishdi.

Shu paytgacha G‘azoda 21 mingdan ziyod yosh bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

Yamandagi vaziyat

Yamanda muhim siyosiy yetakchini ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Yamandagi husiychilar guruhi Yamanning xalqaro tan olingan hukumati bilan bog‘liq bo‘lgan va qariyb 10 yildan buyon hibsda saqlanayotgan siyosiy yetakchini ozod qilishi mumkin.

Bu haqda o‘tgan dam olish kunlari Ummonda BMT maxsus vakili Hans Grundberg boshchilik hibsdagilarni almashish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Yaman hukumatining muhim figurasi, «Isloh» partiyasi yetakchisi, 2015 yildan buyon husiychilar qo‘lida hibsda turgan Muhammad Qahtonni ozod qilish bo‘yicha muzokara olib borishgan.

Qahtonning ozod qilinishi ko‘p yillardan buyon bahs mavzusi bo‘lib kelmoqda. Uning almashtirilishi 2014 yildan buyon fuqarolik urushi iskanjasida qolgan Yamandagi vaziyatning normallashishini yengillashtirishi mumkin. Qahtondan tashqari husiychilar BMT agentligi, diplomatik missiyalar va boshqa tashkilotlarning kamida 45 xodimini hibsda ushlab turishibdi.

Bu orada husiychilar Saudiya Arabistoniga yangi urush bilan tahdid qila boshlashdi.

Husiychilar harakatining yetakchisi Abdulmalik al-Husiy videomurojaat orqali chiqish qilib, Saudiya Arabistoni bilan urushni qayta boshlash va hayotiy muhim nishonlarga zarba berilishi bilan tahdid qilgan.

Al-Husiy Saudiya Arabistonini HAMAS harakatining hibsga olingan vakillarini husiychilar qo‘lida hibsda turgan saudiyalik uchuvchilarga almashishni istamayotgani, shuningdek, husiychilarga ko‘plab iqtisodiy bosim choralarini qo‘llayotganlikda ayblagan.

Al-Husiy saudiyaliklarga «ko‘p ham amerikaliklarga ishonavermanglar», qabilida ogohlantirish bergan.

«AQSh Saudiya rejimi biz bilan total urushga kirishishini istaydi, lekin biz hech qachon ularning aqlsiz harakatlari oldida qo‘limizni pastga tushirmaymiz. Saudiya Arabistoni o‘zining ahmoqona harakatlarini berkita olmasligini tushunishi va noto‘g‘ri yo‘ldan qaytishi kerak», degan al-Husiy.

Ushbu tahdidlar Saudiya tashqi ishlar vaziri Faysal ibn Farhon tomonidan Yamandagi tinchlik yo‘l xaritasi imzolanishga tayyor bo‘lgani haqida e’lon qilganidan 4 kun o‘tib yangragan.

AQShdagi NATO sammiti

AQSh poytaxti Vashingtonda NATOning 75 yillik yubiley sammiti uch kun davomida o‘tkaziladi. Bu prezident Bayden uchun ham hal qiluvchi hafta bo‘ladi. Sammit Baydenning saylovoldi kampaniyasini qutqarib qolishi, yoki aksincha, uni batamom barbod qilishi mumkin, deb yozadi BBC.

Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatga kirishganidan so‘ng Bayden siyosiy jihatdan omon qolish harakatiga tushib qolgan. Bu jarayonni AQShda ham, jahonda ham sinchkovlik bilan kuzatishmoqda.

Vashingtonda o‘tayotgan NATO sammiti Baydenga vaqtinchalik nafas rostlab olish imkonini berishi yoki prezidentning so‘nggi kurashiga aylanishi mumkin.

Bayden bir necha bor saylovoldi kampaniyasidagi ishtirokini davom ettirishini ta’kidladi. U o‘z nomzodi borasida shubhalar va o‘ylovlar vaqti o‘tganini aytmoqda. Sammitda esa omon qolish uchun harakat boshlanadi.

Bayden uch kun davomida Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo davlatlar yetakchilarini qabul qiladi. Uchrashuvlar, ommaviy tadbirlar bo‘lib o‘tadi, ularning kulminatsiyasi payshanba kuni Bayden ishtirokidagi matbuot anjumani bo‘ladi.

Bayden xalqaro munosabatlarni teran tushunadi, binobarin bu sahnada o‘zini juda qulay his qilishi kerak. Lekin o‘rtaga tikilgan dov juda katta, agar uning chiqishi yana muvaffaqiyatsiz bo‘lsa bu halqaro va mamlakat ichida ham oqibatlar keltirib chiqaradi.

Agar u yana depsinib qolsa, demokratlar o‘rtasidagi sarosima yanada kuchayadi va Baydenning noyabrda bo‘ladigan saylovlarda g‘alabasi u yoqda tursin, ishtirokini savol ostida qoldiradi.

Baydenning ehtimolli qovun tushirishi Donald Trampning yana qayta prezident bo‘lishi va AQSh tashqi siyosati 180 gradusga o‘zgarishidan tashvishga tushib qolgan yevropalik ittifoqchilarning ham qo‘rquvini kuchaytiradi.

Orbanning taktikasi

Vengriya Yevropa Kengashida raislikni qo‘lga kiritgach, mamlakat bosh vaziri Viktor Orban jo‘shqin tashqi siyosiy faoliyat bilan shug‘ullana boshladi. U urushni tugatish niyatida ekanini aytib, Kiyev, Moskva va Pekinga bordi. Uning shubhali sa’y-harakatlari Yevropa Kengashida ma’qul ko‘rilmayapti.

Politico nashriga ko‘ra Orbanning «bo‘zchining mokisidek diplomatiyasi» o‘ziga qarshi ishlashi mumkin.

«Yevropa yetakchilari Orbanning o‘ta faolligidan ensalari qotmoqda. Yevrokomissiya rahbari va Yevropa Kengashi raisi Ursula fon der Lyayyen va Sharl Mishel o‘z xatti-harakatlari bilan Bryusselda janjal keltirib chiqarayotgan Vengriya yetakchisini tanqid ostiga olishdi», — deyiladi nashrda e’lon qilingan maqolada.

Yevropani ayniqsa Orbanning ikki yarim yildan buyon Ukrainaga qarshi qonli urush olib borayotgan va to‘xtash bilmayotgan Vladimir Putin huzuriga tashrifi g‘azablantirgan.

Yevropa Kengashidagi manbalar Orbanning xatti-harakatlari Vengriyaning raisligini «chippakka chiqargan». Kengashga a’zo davlatlar undan nihoyatda g‘azablangan.

«Bunday uchrashuvlar bilan raislik boshlanmasdan turib tugaydi», — degan Politico’ga manbalardan biri.

Nashrning qayd etishicha, Orbanning faolligi uning partiyasi o‘tgan parlament saylovlarida tanazzulga yuz tutgani bilan tushuntirilishi mumkin. Vengriya bosh vaziri amal kursisida qolish uchun yangi ittifoqchilarga tayanib, o‘z pozitsiyalarini kuchaytirishga urinmoqda.

«Orbanning taktikasi o‘ziga qarshi ishlashi mumkin. Yevropa Ittifoqi elchilari uning yaqindagi safarlarini 10 iyul kuni muhokama qilishmoqchi. Bu esa Yevropa kengashining rasmiylari og‘zaki muhokamalardan Budapeshtning raisligini cheklash bo‘yicha muayyan harakatlar boshlayotganini bildiradi», — deyiladi maqolada.

Vengriyani raislikdan mahrum qilish uchun sabab mojaroli safarlar chog‘ida Orban o‘z mamlakati nomidan emas, Yevropa Ittifoqi nomidan harakat qilgan. Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘zlarini oqlashga, Vengriya bosh vazirining xatti-harakatlari va gaplariga aloqalari yo‘qligini ta’kidlashga majbur bo‘lishgan.

Vengriyaga nisbatan yoqtirmaslik kayfiyati, jumladan Orban Ukrainaga moliyaviy yordamlarni bloklashda davom etayotgani tufayli oshib bormoqda.

Yevropa Ittifoqida Vengriyani raislikdan mahrum etish mexanizmlari bor. YeI yetakchilari bunga qo‘l urishadimi yoki Orbanga so‘nggi ogohlantirish berishadimi, bunisi hozircha noma’lum. Budapeshtdan statusni olib qo‘yish uchun Yevropa kengashidagi ovozlarning 4/5 qismi yetarli. 

Mavzuga oid