Jamiyat | 16:44 / 10.07.2024
60050
8 daqiqa o‘qiladi

Hojimat Erkinovda oilaviy mojaro: U farzandi uchun qancha aliment to‘lashi kerak?

​​​​​​​Futbolchining turmush o‘rtog‘i u farzandi uchun to‘layotgan aliment miqdoridan norozi. Uning o‘zi esa arab klubidagi maoshi haqida ma’lumot bermoqchi emas. MIB undiruvni «Al-Vahda» klubiga qaratish ustida ishlamoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uz tahririyatiga O‘zbekiston milliy va olimpiya jamoalari a’zosi hisoblangan va hozirda BAAning «Al-Vahda» klubida faoliyat yuritayotgan Hojimat Erkinovning turmush o‘rtog‘i Madinabonu Rustamovadan aliment masalasida murojaat kelib tushdi.

U Erkinov daromadi ancha yuqori bo‘lsa-da, o‘zini ishsiz sifatida ko‘rsatib, farzandi uchun aliment pulini haqiqatda topayotgan daromadi hisobidan to‘lamayotganini aytmoqda.

Tahririyatga taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi buyrug‘i bilan vaqtincha ishsiz (!) deb ko‘rsatilgan qarzdor Hojimat Erkinovdan bir nafar farzandi ta’minoti uchun har oy ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilanadi.

Sud buyrug‘ida to‘lanadigan aliment miqdori har bir bola uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (1 mln 50 ming so‘m)ning 26,5 foizi, ya’ni 278 ming 250 so‘mdan kam bo‘lmasligi ko‘rsatiladi.

Ma’lumot uchun, Hojimat Erkinov ishsiz sifatida ko‘rsatilgan mazkur sud buyrug‘i chiqqan vaqtda u «Paxtakor» klubi tarkibida to‘p surgan va bu davr uchun unga ish haqi va mukofot pullari hisoblangan. Jumladan, Hojimat Erkinovning 2023 yil iyul-dekabr oylari uchun jami daromadlari 900 mln so‘mdan oshiqni tashkil etgan.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2024 yil 24 yanvardagi hal qiluv qarori bilan Hojimat Erkinovdan Madinabonu Rustamova foydasiga, farzandi voyaga yetguniga qadar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 100 foizi (1 mln 50 ming so‘m) miqdorida aliment belgilanadi.

M.Rustamovaning apellyatsiya shikoyatiga asosan ishni qayta ko‘rib chiqqan Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha hay’ati ajrimi (2024 yil 27 mart) bilan hal qiluv qarori qisman o‘zgartirilib, aliment miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (1 mln 50 ming so‘m)ning ikki baravari, ya’ni 2 mln 100 ming so‘m etib belgilanadi.

Madinabonu Rustamovaning aytishicha, Erkinov sud buyrug‘iga asosan ayni kundagi shartnomasi bo‘yicha «Al-Vahda» klubidan topayotgan jami daromadlarining to‘rtdan bir qismini aliment uchun to‘lashi kerak. Uning turmush o‘rtog‘ining arab klubidagi maoshi haqida ma’lumot olish uchun urinishlari natija bermagan.

Kun.uz muxbiri Hojimat Erkinov bilan bog‘lanib, vaziyat haqida fikrlari bilan qiziqdi.

«Aliment masalasiga kelsak, bilasiz, aliment to‘lamagan odam O‘zbekistondan chiqarib yuborilmaydi. Men hamma alimentlarimni to‘lab, joy-joyiga qo‘yganman. Bu haqdagi cheklarim ham bor, buni isbotlab berishim ham mumkin.

[2023 yil] oktyabr oyida bolam tug‘ilgan, meni dekabr oyida alimentga berishdi. Dekabrning o‘zida 4,5 ming dollar to‘lab berganman, keyin yanvar oyidan boshlab iyunga qadar 300 dollardan to‘lab kelaman. Menimcha, bu bir bolani eplab olishga yetadi», – dedi Erkinov.

U aliment uchun to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi cheklarni tahririyatga taqdim etdi. Unga ko‘ra, Erkinov 2024 yil 8 fevral kuni 63 mln 466 ming so‘m miqdorda alimentni 2023 yil dekabr oyi uchun to‘lagan. Bu uning aliment uchun ilk to‘lovi bo‘lgan va bu BAAning «Al-Vahda» klubi bilan shartnoma imzolaganidan 1 kun o‘tib amalga oshgan. Erkinov sud buyrug‘i chiqqandan buyon to‘lagan alimentining jami miqdori 86 mln 736 ming so‘mni tashkil qilgan.

Erkinov Kun.uz muxbiriga ham shartnoma shartlari sabab «Al-Vahda»dagi daromadini ochiqlay olmasligini ma’lum qilgan.

Futbolchi alimentdan qochyaptimi?

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov mazkur aliment ishi bo‘yicha Kun.uz’ga ma’lumot taqdim etdi.

Aliment pullari O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida olingan daromadlardan ham to‘lanishi lozim

Oila kodeksining 104-moddasiga ko‘ra, aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi.

Shu munosabat bilan sud tomonidan voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlash majburiyati yuklatilgan sobiq otalar yoki onalar nafaqat O‘zbekiston hududida, balki xorijiy davlatlardagi manbalardan olingan barcha daromadlardan aliment to‘lashi lozim.

«Fuqaro Erkinov Hojimat Botir o‘g‘liga nisbatan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 01.12.2023 yildagi sud buyrug‘iga asosan M.Rustamova foydasiga 1 nafar voyaga yetmagan farzandining voyaga yetguniga qadar oylik ish haqi va boshqa daromadining ¼ qismi miqdorida aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan.

Mazkur sud buyrug‘ini majburiy ijro etish maqsadida Majburiy ijro byurosining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan tegishli ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Ijro harakatlari davomida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, H.Erkinov 2024 yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi «Al-Vahda» futbol klubi bilan shartnoma imzolagan hamda ushbu davlat hududida daromad olmoqda. Biroq, qarzdor H.Erkinov BAA hududida olayotgan daromadlari to‘g‘risida majburiy ijro organiga ma’lumot taqdim etmagan va ushbu daromadlaridan farzandi ta’minoti uchun aliment to‘lamagan.

Hozirda qo‘zg‘atilgan ijro ishi yuzasidan H.Erkinovning aliment to‘lashi lozim bo‘lgan daromadlari hajmi, shu jumladan, BAAdagi manbalardan olgan daromadlari miqdorini mavjud xalqaro me’yoriy hujjatlar doirasida aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Qarzdor Hojimat Erkinov unga nisbatan qonunda belgilangan cheklovlar va javobgarlik choralari ko‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sud tomonidan o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda to‘liq bajarishi lozim», deyiladi MIB ma’lumotida.

Hojimat Erkinov haqida

Hojimat Erkinov Toshkentning «Paxtakor» klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, professional faoliyatini ijara asosida 2019 yil «Qo‘qon-1912» jamoasida boshlagan. 2020 yilda Olmaliqning OKMK klubi safida to‘p surgan yarimhimoyachi ikkinchi davrada «Paxtakor»ga qaytarilgan. U 2022 yil yozida Moskvaning «Torpedo» klubi tomonidan transfer qilingan bo‘lsa-da, Rossiya chempionatida o‘ynab keta olmadi va 2023 yil yana Toshkent klubiga qaytdi. 2024 yil 7 fevral kuni esa Birlashgan Arab Amirliklarining «Al-Vahda» klubi bilan shartnoma imzoladi. 23 yoshli hujumkor yarimhimoyachi joriy mavsum BAA Pro ligasida 9 o‘yinda maydonga tushib, bitta golga mualliflik qilgan.

Hojimat Erkinov O‘zbekiston olimpiya jamoasi safida Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olgan edi, ammo Abu-Dabi klubi uni Olimpiadaga qo‘yib yubormadi.

Dilshoda Shomirzayeva
Kun.uz

Mavzuga oid