Jahon | 10:26 / 10.07.2024
4600
3 daqiqa o‘qiladi

Yyens Stoltenberg: Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi – NATO uchun bosh tahdid

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Rossiyaning Ukraina ustidan g‘alaba qozonishiga qo‘yib bera olmasligini ta’kidlab, ittifoqchilarni Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirdi.

​​​​​​​Yyens Stoltenberg. Foto: Getty Images

Yyens Stoltenberg alyans davlatlarini Rossiya agressiyasidan himoyalanayotgan Ukrainani kuchliroq qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Bu urush yakunlari global xavfsizlik tizimini keyingi o‘n yilliklar uchun belgilab beradi», — degan u Vashingtonda o‘tayotgan NATO sammiti ochilish marosimida.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, «agressiv qo‘shni sifatida Rossiya» bilan «risk va yo‘qotishlarsiz» variantning o‘zi yo‘q. «Eng katta to‘lov va eng katta risk Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi bo‘ladi. Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — degan bosh kotib. Uning qayd etishicha, Rossiyaning urushdagi g‘alabasi Vladimir Putinga, shuningdek, Eron, KXDR va Xitoydagi boshqa avtoritar yetakchilarga yanada dadillik baxsh etadi. «Erkinlik va demokratiyani himoya qilish fursati yetib keldi», — degan Stoltenberg.

Bir vaqtning o‘zida u Ukraina kabi yangi davlatlarni NATOga qabul qilishda davom etish kerakligini yoqlagan. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, sovuq urushdan so‘ng alyansning kengayishi Yevropani birlashtirgan, integratsiya uchun yo‘l ochgan va qit’aga tinchlik va farovonlik keltirgan. Xuddi o‘shanda bo‘lganidek, bugun ham «tiniq fikr va qat’iyat ko‘rsatilishi kerak», degan u.

Qayd etib o‘tish kerak, Ukrainani NATOga qabul qilish sammit kun tartibidan o‘rin olmagan.

AQSh poytaxtida ish boshlagan uch kunlik sammit mobaynida alyansning Kiyevga qurol-yarog‘lar jo‘natilishini muvofiqlashtiruvchi yangi qo‘mondonlik tuzilmalari, ukrainalik harbiylarni o‘qitish, moliyalashtirishni davom ettirish, harbiy yordam ko‘lamini kengaytirish va xavfsizlik sohasida yangi kelishuvlarni imzolash kabi masalalar haqida so‘z boradi. Boshqalar qatorida Stoltenberg yaqin 1 yil ichida Kiyevga 40 mlrd dollarlik kafolatlangan moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ochiq e’lon qilishini aytgan edi.

Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zoligi masalasi kun tartibida turmaganini avvalroq Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen ta’kidlab o‘tgan edi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid