Jamiyat | 18:24 / 10.07.2024
7366
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uchta mashina ishtirokidagi YTHda yo‘lovchi ayol halok bo‘lgani ma’lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda juda katta tezlikda harakatlangan Spark boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqdan oshib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan ikkita mashina bilan to‘qnashganini ko‘rish mumkin.

Foto: Videodan kadr

Avvalroq Kun.uz’da Toshkent shahrida 2 ta Spark va Honda mashinalari ishtirokida YTH sodir bo‘lgani va oqibatda uch kishiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahar IIB YHXBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisada og‘ir tan jarohati olgan yo‘lovchi ayol (u boshqaruvni yo‘qotgan Spark’da bo‘lgan) shifoxonada vafot etgan.

Hodisa tafsilotlariga ko‘ra, 2024 yil 9 iyul kuni soat 19:40 larda Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasida, 43 yoshli haydovchi ayol D.U. boshqaruvida bo‘lgan Spark, 40 yoshli erkak boshqaruvida bo‘lgan Spark va 22 yoshli yigit boshqaruvida bo‘lgan Honda bilan to‘qnashgan.

Oqibatda D.U. va uning boshqaruvida bo‘lgan Spark yo‘lovchisi 43 yoshli ayol hamda Honda yo‘lovchisi bo‘lgan 22 yoshli ayol shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan 43 yoshli ayol shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda holat tasvirlangan video tarqaldi. Unda D.U. boshqaruvida bo‘lgan Spark katta tezlikda harakatlanib kelib boshqaruvni yo‘qotgani va yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqdan oshib o‘tib, avval Honda bilan, so‘ng boshqa bir Spark bilan to‘qnashganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid