Jahon | 12:43 / 12.07.2024
17988
5 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonda NATO sammiti yakunlandi. Asosiy ma’lumotlar

Alyans Ukraina «to‘liq Yevroatlantika integratsiyasi sari qaytmas yo‘lda» ekanini ma’lum qildi.

Michael Reynolds / EPA / Scanpix / LETA

Ukraina «to‘liq Yevroatlantika integratsiyasi, jumladan NATOga a’zolik bo‘yicha ortda qaytmas yo‘lda», deyiladi alyansning Vashingtonda o‘tkazilgan sammiti yakunida e’lon qilingan kommyunikeda. Uning matnida Kiyevni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlash va’dasi bayon etilgan; Ukrainaga alyansga qo‘shilish bo‘yicha taklif «ittifoqchilar rozilik berganida va shartlar bajarilganida» yuboriladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham delegatsiya bilan Vashingtonga keldi va ishtirokchi mamlakatlar vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Sammit vaqtida AQSh, Niderlandiya va Daniya Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib bergani e’lon qilindi. 

11 iyul kuni kechqurun esa Zelenskiyning Bayden bilan uchrashuvida Ukrainaga 225 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi e’lon qilindi. Undan Patriot zenit-raketa kompleksi batareyalari, NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun snaryadlar hamda boshqa o‘q-dorilar o‘rin olgan.

Sammit boshlanishidan oldinroq Ukraina AQShning uzoq masofali ATACMS raketalaridan Rossiyaning xalqaro tan olingan hududlari bo‘ylab zarbalar berilishiga ruxsatini olishdan umidvor edi, ammo bu borada qandaydir kelishuvga erishilgani to‘g‘risida hech qanday xabar chiqmadi — rasman ham, norasmiy tarzda OAV orqali ham.

Sammit yakunlariga ko‘ra, Rossiyani kelgusida ham saqlanib qoladigan «xavfsizlikka eng muhim va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» deb ataldi. Kommyunikeda «global xavfsizlikka jiddiy putur yetkazgan» Ukrainadagi urush uchun faqatgina Moskva javobgar ekani ta’kidlanadi. «Biz Rossiyaning 8 iyul kuni ukrain xalqiga, shu jumladan shifoxonaga qilingan dahshatli hujumlarini keskin qoralaymiz. Rossiya bu urushni zudlik bilan to‘xtatishi va BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z kuchlarini Ukrainadan to‘liq va so‘zsiz olib chiqishi kerak», — deyilgan bayonotda.

Shu bilan birga, kommyunikeda NATO Rossiya bilan qarama-qarshilikka intilmasligi va unga tahdid solmasligi ta’kidlanadi. Alyans mamlakatlari keskinlashuv xavfini kamaytirish uchun Moskva bilan aloqa kanallarini saqlab qolishga tayyorligini bildirgan.

Sammit ishtirokchilari Xitoyni qattiq tanqid qilgan. Yakuniy deklaratsiyada Pekin «alyansning manfaatlari, xavfsizligi va qadriyatlariga qarshi chiqishda davom etayotgani» qayd etilgan. Ittifoqchilar birinchi marta Xitoyni urushda Rossiyani qo‘llashda ochiqchasiga ayblab, Pekin tomonidan RFning «mudofaa sanoati bazasini keng miqyosda qo‘llab-quvvatlanishi»ga e’tibor qaratgan.

Xitoy bunga javoban, barcha ayblovlarni qat’iyan rad etib, ularni «noxolis, tuhmat va provokatsion» deb hisoblagan hamda alyans «sovuq urush qoldig‘i» ekanini qo‘shimcha qilgan. Xitoy TIV AQShni «tuhmatli yolg‘on» ishlab chiqarishda va Pekinning Yevroittifoq bilan hamkorligiga putur yetkazishga urinishda ayblagan. Tashqi siyosat idorasi alyansdan Osiyoni o‘z faoliyat sohasiga jalb etmasdan, «Shimoliy Atlantikadagi mintaqaviy mudofaa tashkiloti sifatidagi roli doirasida qolish»ni talab qilgan.

Sammit davomida Amerikaning uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollari Germaniyaga joylashtirilishi ma’lum bo‘ldi. Ikki mamlakatning 11 iyul kuni e’lon qilingan tegishli bayonoti SM-6 raketalari, Tomahawk va «hozirda Yevropadagi mavjud quruqlikdagi o‘t ochish vositalarinikiga qaraganda kattaroq masofaga ega bo‘ladigan» va hozirda ishlab chiqish jarayonida bo‘lgan gipertovushli qurollarni joylashtirishni nazarda tutadi. Bu sovuq urush davridan buyon ilk bor Germaniyada Rossiya hududidagi nishonlarga zarba bera oladigan qurollar joylashtirilishi bo‘ladi. RF TIVdagilar bu kelishuvni «eskalatsiya yo‘nalishidagi bo‘g‘in» va Moskvani «qo‘rqitish elementlaridan biri» deb atab, harbiy javob ishlab chiqilishiga va’da bergan.

Mavzuga oid