Isroil G‘azodagi qochoqlar lageriga zarba berdi. 71 kishi halok bo‘lgan
Isroil G‘azodagi navbatdagi qochoqlar lageriga seriyali raketa zarbalari yo‘lladi. Xon-Yunusdagi Al Mavasi lageriga berilgan raketa zarbasi oqibatida kamida 71 falastinlik halok bo‘lgan va 289 kishi yaralangan. Bu haqda HAMAS ta’siridagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bergan.
Al Jazeera telekanali raketa zarbasi nishoni Xon-Yunusdagi Al Mavasi qochoqlar lageri bo‘lganini ma’lum qildi. E’lon qilingan kadrlarda ham raketa palatkalarni vayron qilgani ko‘rinadi.
Isroil Mudofaa armiyasi TsAXAL zarba nishoni «tinch aholi orasiga yashiringan HAMASning yuqori martabali mulozimlari» bo‘lganini iddao qilgan. Ammo aynan qaysi hududga, kim tomonga zarba berilgani aytilmagan. Isroil tomoniga ko‘ra, zarba daraxtzor orasidagi saroy va bir nechta binolar bo‘lgan ochiqlikka yo‘llangan. TsAXAL hududning zarba berilganidan avvalgi va keyingi suratlarini ko‘rsatdi.
Isroilning Yisrael Hayom nashriga ko‘ra, zarba nishoni HAMASning jangovar qanoti yetakchisi Muhammad Deyf bo‘lgan. Aynan Deyf 7 oktyabrdagi Isroilga hujumning tashkilotchisi deb qaraladi. Times of Israel'ga ko‘ra, zarba berilgan obektda Muhammad Deyfdan tashqari HAMASning Xon-Yunusdagi qo‘mondoni Rafa Salmon ham bo‘lgan.
Al Jazeera zarba oqibatida vayron bo‘lgan BMT qoshidagi maktablardan birining vayronalari ostidan jasadlar olib chiqilayotgani va ommaviy qabrlarga ko‘milayotgan tasvirlangan videolar e’lon qildi. Telekanal bu raketa zarbalarini Al Mavasi qirg‘ini deb atamoqda.
Guvohlarning aytishicha, kamida 5 ta raketa qochoqlar lageridagi palatkalar orasiga tushgan. Tez yordam mashinalari ham tuproq ostida qolgani, 6 nafar shifokor yaralangani aytilmoqda.
HAMAS vakili Sami Abu Zuhri isroilliklar guruh yetakchilari bo‘lgan obektlarga zarba berganini yolg‘on deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarba faqat eskalatsiya kuchayishiga sabab bo‘ladi. Reuters'ga ko‘ra, bu zarba Doha va Qohirada o‘tayotgan tinchlik kelishuviga qanday ta’sir qilishi noma’lum. Isroil nashrlariga ko‘ra, bugun tunda Isroil xavfsizlik bo‘yicha delegatsiyasi Vashingtonga yo‘l oladi. Buning Xon-Yunusdagi zarbalarga aloqasi bor yoki yo‘qligi aytilmagan.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024