Kiyevda odamlarni zaharlab o‘ldirgan oila – SSSRda o‘lim jazosi berilgan ayol kim edi?
1987 yilda Kiyevdagi maktabda uch o‘quvchi va 10 nafar o‘qituvchi zaharlanadi. Ikki bola va ikki o‘qituvchi vafot etadi. Qolganlar jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. Shifokorlar avvaliga bemorlar ichak infeksiyasi tufayli zaharlangan deb o‘ylashadi. Tekshiruvlarda ularning tanasida zaharli modda borligi aniqlanadi. Bemorlarni bufetda idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydigan ayol zaharlagani oydinlashadi.
Bugun SSSR davri haqida gap ketganda ayrimlar “jinoyatchilik yo‘q edi, odamlar farovon yashardi” deyishadi. Odamlarning qanchalik “farovon” yashagani bu alohida mavzu. “SSSRda jinoyatchilik yo‘q edi” degan gap esa mutlaqo yolg‘on.
Ma’muriy buyruqbozlik va zo‘ravonlik ustiga qurilgan bu davlatda har yili ko‘plab og‘ir jinoyatlar sodir etilardi. Biroq bu haqda hech qayerda xabar berilmas, ular ommadan yashirilardi.
Odamlarga “SSSRda odamlar baxtli va farovon yashayapti, giyohvandlik, jinoyatchilik umuman yo‘q” deb uqtirilardi. Aslida esa giyohvandlik ham bor edi, jinoyatchilik ham.
Hatto ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatlar ham sodir etilardi. Masalan, 1980-yillar boshida jinoiy guruh ko‘plab urush faxriylarini o‘ldirib, qimmatbaho orden va medallarini olib ketganda bu ish ham boshqa jinoyatlar kabi odamlardan sir tutiladi.
Bugun hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz Kiyevdagi maktabda o‘qituvchilar va o‘quvchilarning zaharlanishi hodisasi ham SSSR tarqab ketgandan so‘ng ommaga oshkor bo‘lgan. Ungacha bu fojia haqida uning ishtirokchilari va ularning yaqinlaridan boshqa hech kim bilmagan.
O‘shanda maktab oshxonasida idish yuvuvchi bo‘lib ishlagan ayol, uning singlisi va ota-onasi ko‘plab odamlarni zaharlashgan, ularning bir qismi halok bo‘lgandi.
Hodisa tafsiloti
1987 yil 17-18 mart kunlari Kiyevning Minsk rayonida joylashgan 16-maktabda 13 kishi zaharlanadi. Ularning 3 nafari o‘quvchilar, 10 nafari o‘qituvchilar edi.
Zaharlanganlar darhol shifoxonaga olib boriladi. U yerda ikki nafar o‘quvchi va ikki nafar o‘qituvchi vafot etadi. Qolganlar jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi.
Shifokorlar avvaliga bemorlar qattiq gripp bo‘lgan yoki ichak infeksiyasidan zaharlangan deb taxmin qilishadi. Biroq bir necha kundan so‘ng bemorlarning sochi to‘kila boshlaydi.
Shifokorlar ularni qayta tekshiruvdan o‘tkazishganda bolalar va o‘qituvchilar zaharlangani oydinlashadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va huquqni himoya qiluvchi organlar xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari va tergov boshlab yuboriladi.
Tirik qolganlardan ko‘rsatma olinganda ular 16 mart kuni tushlikda maktab oshxonasida ovqatlangandan so‘ng o‘zlarini yomon his qila boshlashganini aytib berishadi.
Tergov guruhi maktab oshxonasida tozalik va sifatga javobgar shaxsni so‘roq qilmoqchi bo‘lganida tibbiy xodim Natalya Kukarenko ommaviy zaharlanishdan ikki hafta oldin vafot etgani oydinlashadi.
Tergovchilarni Natalyaning o‘limi ham shubhalantiradi. Tibbiy xulosada uning o‘limiga yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani yozilgan bo‘lsa ham tergovchilar uning jasadini qayta tekshirib ko‘rishga qaror qilishadi.
Qayta tekshiruvlarda Natalyaning tanasidan og‘ir zaharli metall – Talliy moddasi asoratlari topiladi. Shundan so‘ng militsiya maktab oshxonasiga aloqador barchani – oshpazlar, farroshlar va idish yuvuvchi ayolni so‘roq qiladi. Ularning uylarida tintuv o‘tkazadi.
Maktab oshxonasida idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydigan Tamara Ivanyutinaning uyi tintuv qilinganda u yerda ichida noma’lum suyuqlik bo‘lgan idish topiladi. Suyuqlik tekshirib ko‘rilganda fanda “Klerichi aralashmasi” deb ataladigan Talliy moddasi va suv aralashmasi ekani aniqlanadi. Ayol darhol hibsga olinadi.
Tergov va boshqa jinoyatlar
Xo‘sh, ayol ancha noyob bo‘lgan zaharli moddani qayerdan olgandi? Tergov davomida Tamara zaharli moddani geologiya institutida ishlaydigan oilaviy tanishidan olgani aniqlanadi.
Shundan so‘ng tergovchilar Tamaraning singlisi Nina Matsibora, onasi Mariya Maslenko va otasi Anton Maslenko ham so‘roq qilishadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu oila o‘sha tanishidan avval ham bir necha marta Talliy moddasini olgan ekan.
Geologiya institutidagi ayolni so‘roq qilishganda u so‘nggi 15 yilda Tamara va uning oilasidagilarga kamida 10 marta Talliy moddasini berganini aytadi. Ayol Tamara va uning yaqinlari zaharli moddani kalamushlarni yo‘q qilish uchun so‘rashganini aytadi.
Tergov davomida Tamara va uning oilasidagilar zaharli moddani dastlabki yillarda kalamushlarni yo‘q qilish uchun ishlatganini, keyin esa uni odamlardan o‘ch olish qo‘llashganini aytishadi.
Maktabda sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanishgacha hech kim Tamara va uning oilasidan shubhalanmagan.
Tamara eng birinchi uzoq masofalarga yuk mashinasi haydaydigan erini zaharlaydi. 1976 yilda ayol erini shunchaki uning nomida bo‘lgan kvartirani o‘zlashtirish uchun zaharlab o‘ldiradi.
Eri o‘lgach Tamara yana turmushga chiqadi. Bu safar u ikkinchi eri Olegga qo‘shib uning ota-onasini (qaynona va qaynotasini) ham zaharlaydi. Ayolning maqsadi ularga tegishli hovlini egallab olish bo‘lgan.
Shundan so‘ng Tamara ikkinchi eridan qolgan katta hovlida yashay boshlaydi. Ayol hovlida chorva mollari boqadi va ularga po‘choq va boshqa ozuqalar yetkazib turish uchun maktab oshxonasiga idish yuvuvchi bo‘lib joylashadi.
Tamara maktabga ishga kelgach bu yerda o‘zi bilan urishib qolgan partiya tashkilotchisi (partorg)ni, keyinroq ximiya o‘qituvchisini zaharlaydi. Partorg vafot etadi, ximiya o‘qituvchisi tirik qoladi.
Tamara ximiya o‘qituvchisini zaharlamoqchi bo‘lib uning ovqatiga Klerichi aralashmasidan qo‘shadi. Biroq u ovqatini oshxonada o‘tirgan ikki o‘quvchi bilan birga tanovul qiladi.
Bir kishining ovqatini uch kishi bo‘lishib yegani uchun doza pastroq bo‘ladi va shu sababli o‘qituvchi hamda ikki o‘quvchi tirik qolishadi.
Tergov davomida Tamaraning singlisi Nina Matsibora ham erini zaharlab o‘ldirgani oshkor bo‘ladi. Nina yoshi o‘zidan ancha katta bo‘lgan erini o‘ldirib, uning Kiyev markazidagi kvartirasini egallab olgandi.
Tamaraning ota-onasi ham bu ishdan chetda qolishmaydi va ular qo‘shnini zaharlab o‘ldirishadi. Qo‘shni ularga tunda televizorni ovozini baland qilib qo‘yavergani uchun yoqmay qolgandi.
Bu orada Tamara maktabda o‘zi bilan kelishmovchilikka borgan oshxona nazoratchisini va yana bir necha kishini zaharlaydi.
Eng oxirida u maktab o‘quvchilarini zaharlashga qaror qiladi. Tamara o‘quvchilarga ovqatlanib bo‘lgach, stol-stulni tartibga keltirib ketishni aytganda ular ayolni masxara qilib chiqib ketishgandi.
Ayol bir necha nafar o‘quvchini zaharlamoqchi bo‘ladi va ularga beriladigan ovqatga zahar qo‘shadi. Biroq o‘sha paytda oshxonaga o‘qituvchilar ham kirib qolishadi. Tamara ularga ham zahar qo‘shilgan ovqatdan suzib berishga majbur bo‘ladi.
Shu tariqa yana 13 kishi – uch nafar o‘quvchi, 10 nafar o‘qituvchi zaharlanadi. Ularning to‘rt nafari shifoxonada vafot etadi.
Sud va oliy jazo
Tergovchilar tergovni tugatib ishni sudga oshirishadi. Ayblanuvchilar 45 yoshli Tamara Ivanyutina, uning 42 yoshli singlisi Nina Matsibora, 79 yoshli otasi Anton Maslenko, 77 yoshli onasi Mariya Maslenko ustidan sud boshlanadi.
Sudda ayblanuvchilar 11 yil davomida Talliy moddasi qo‘shib tayyorlangan Klerichi aralashmasi yordamida ko‘plab odamlarni zaharlab o‘ldirishgani isbotlanadi.
Umumiy hisobda Tamara, uning singlisi va ota-onasi 40 nafar odamni zaharlashgani, ularning 13 nafari halok bo‘lgani aniqlanadi. Jabrlanuvchilarning 29 nafarini Tamara zaharlagan va ularning 9 nafari vafot etgan bo‘lib chiqadi.
Sud jarayoni bir yil davom etadi. Tamara so‘nggi so‘zida o‘z ayblarini mutlaqo tan olmaydi va tirik qolgan jabrlanuvchilardan hamda o‘lganlarning qarindoshlaridan kechirim so‘rashni xohlamaydi.
Sud Tamara Ivanyutinani oliy jazo – o‘limga hukm qiladi. Hukm otib o‘ldirish yo‘li bilan ijro etilishi belgilanadi. Tamaraning singlisi Nina Matsibora 15 yil, otasi Anton Maslenko 10 yil va onasi Mariya Maslenko 13 yil qamoq jazosi olishadi.
Tamara sud hukmidan norozi bo‘lib appelyatsiya beradi. Biroq yuqori sud instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldiradi. Keyingi sud jarayoni ham yana bir yil cho‘zilgani uchun hukmni ijro etish kechikib ketadi va Tamarani 1990 yil 6 dekabr kuni otib o‘ldirishadi.
Uning singlisi Nina 15 yil qamoq muddatini to‘liq o‘tab, 2002 yilda ozodlikka chiqadi (uning keyingi taqdiri noma’lum). Tamaraning ota-onasi qamoqdaligida vafot etadi.
Tamara va uning oila a’zolari sodir etgan jinoyat yashiriladi. Jinoyat, sud jarayoni va hukm haqida hech qayerda xabar berilmaydi. Bu jinoiy ish tafsilotlari ham boshqalari kabi SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ommaga oshkor bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, SSSRda Ikkinchi jahon urushidan keyin uch nafar ayol o‘lim jazosiga hukm qilingan:
- Tamara Ivanyutina - qotilliklar uchun;
- Berta Borodkina – Gelenjik partiyaning yuqori lavozimli amaldorlari uchun yashirin fohishaxonalar tashkil etgani va davlatning juda katta pullarini o‘zlashtirgani uchun:
- Antonina Makarova-Ginzburg – ikkinchi jahon urushi paytida nemislarga sotilgani va keyin uzoq yillar davomida familiyasini o‘zgartirib, jazodan qochib yurgani uchun.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
”Temir Bella” – Gelenjikdagi restoranlar xo‘jayini bo‘lgan ayol nega o‘lim jazosiga hukm qilingandi?
Mavzuga oid
19:39 / 21.11.2024
SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar
08:31 / 21.11.2024
RF hujumi tahdidi tufayli Kiyevdagi bir qancha elchixonalar yopildi
14:41 / 20.11.2024
YeI davlatlari AQSh yordami qisqarsa ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
12:17 / 13.11.2024