O‘zbekiston | 12:56 / 13.07.2024
6311
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qoidabuzar avtobus haydovchilari “qora ro‘yxat”ga kiritilmoqda

Poytaxtda “qora ro‘yxat”ga tushgan avtobus haydovchilari soni 197 kishiga yetgan. Mas’ullar bunday haydovchilar qayta ishga olinmasligini ta’kidladi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrining Shota Rustaveli ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan 67- hamda 18-sonli avtobus haydovchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, deb xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat”.

Avtobuslar svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmay harakatlaanib, belgilanmagan joyda to‘xtab, yo‘lning o‘rtasida yo‘lovchilarni tushirib qoldirgan.

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘ygani, o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilib qo‘pol qoidabuzarlikni amalga oshirgani uchun ushbu haydovchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, 18-sonli avtobus haydovchisi “Toshshahartransxizmat”ning “qora ro‘yxat”iga kiritilgan.

Qayd etilishicha, bunday elektron bazaga kiritilgan haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmaydi. Hozirda bunday haydovchilar soni 197 nafarga yetgan.

Avvalroq “Toshshahartransxizmat” 2024 yilning o‘tgan 2-choragida avtobus haydovchilari 1 392 ta qoidabuzarlik sodir etganini e’lon qilgandi.

Mavzuga oid