15 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Xorijiy va nodavlat oliygohlardan o‘qishni ko‘chirishga arizalar qabuli ochildi, metan zapravkalar uchun yangi talablar, yurtimizga kelayotgan sayyohlar va O‘zbekiston pasportining “kuchi” — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza qabuli boshlandi
Yurtimizda oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari boshlanishi barobarida, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish ham boshlandi.
Talabalar o‘qishini quyidagi oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish bo‘yicha arizalarni onlayn qabul qilish boshlandi:
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1000 ta o‘rindan birini egallagan);
- O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan;
- xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining O‘zbekistondagi filiallaridan.
Xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish 15 iyuldan 5 avgustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligi saytining «O‘qishni ko‘chirish (xorijiy va nodavlat)» bo‘limi orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalararo o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi saytida qabul qilinadi.
Gaz zapravkalar uchun qo‘shimcha talablar
Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari – yangi metan zapravkalar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi.
Lisenziya yoki ruxsatnoma olish uchun quyidagi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi kerak:
- Sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM MChJ tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganini tasdiqlovchi hujjat;
- Energetika vazirligining AGTKSh orqali siqilgan gaz sotish bo‘yicha yangi litsenziya olish Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvini tasdiqlovchi taqdimnomasi.
Amaldagi lisenziatlar uchun UZINFOCOM avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi 2025 yil 1 yanvardan boshlab majburiy hisoblanadi.
Transport infratuzilmasiga AQShdan investitsiya
O‘zbekiston va AQSh mamlakatda transport infratuzilmasi, geologiya va raqamlashtirishni rivojlantirish loyihalariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov AQShning Global infratuzilma va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlikning maxsus koordinatori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchisi Helayne Mats bilan uchrashdi.
Suhbat davomida tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, geologiya va raqamlashtirish loyihalariga xususiy moliyalashtirishni jalb qilish masalalarini muhokama qildi.
Ushbu tashabbus 2022 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida AQSh tomonidan ilgari surilgan. Maqsad rivojlanayotgan mamlakatlarda sifatli infratuzilmani rivojlantirish uchun investitsiyalarni safarbar qilishdir.
Tashabbus doirasida Qo‘shma Shtatlar grantlar, federal moliyalashtirish va xususiy sektor sarmoyalarini jalb qilish orqali besh yil davomida 200 milliard dollargacha, G7 mamlakatlari esa 600 milliard dollargacha mablag‘ ajratadi. Tashabbusni amalga oshirishda Jahon banki va BlackRock, Brookfield, Global Infrastructure Partners kabi xususiy investitsiya kompaniyalari ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar
2024 yilning o‘tgan 6 oyida O‘zbekistonga qancha sayyoh kelgani ma’lum qilindi. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 415,6 ming nafarga yoki 13,3 foizga oshgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga 3,5 milliondan ortiq chet el fuqarolari turistik maqsadda kelgan.
Eng ko‘p sayyohlar Qirg‘izistondan kelgan — 1 mln 57 ming. Tojikistondan ham deyarli shuncha — 1 mln 46 ming. Uchinchi o‘rinda qozog‘istonliklar – 668,4 ming.
Kuchli o‘nlikda Rossiya, Turkmaniston, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Italiya kabi davlatlar bor.
O‘zbekiston pasportining “kuchi”
O‘zbekiston fuqarolik pasporti “kuchlilik” reytingida 6 o‘rin ko‘tarildi va jahonda 79-o‘ringa joylashdi. O‘zbekiston pasportiga ega shaxslar oldindan viza olmagan holda 64 ta mamlakatga borishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2023 yilda o‘zbekistonliklar 59 ta davlatga vizasiz kira olgan va pasport bu borada 85-o‘rinda bo‘lgan.
Bu Viza va fuqarolik olish masalalari bo‘yicha xalqaro konsultativ markaz – Henley & Partners dunyo mamlakatlari pasportining an’anaviy yillik reytingida aks etgan.
Reytingda birinchi o‘rinni Singapur pasporti egallagan. Ular 195 ta davlatga vizasiz kira olishadi. Keyingi yuqori o‘rinlarni asosan Yevropa Ittifoqi davlatlari band etgan.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024