16 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Qirg‘izistonga jo‘natilgan insonparvarlik yordami, Termizda tashkil qilinadigan yangi universitet, O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini bekor qilgan Tailand va UzAuto Motors tanlovidagi korrupsion holat — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Qirg‘izistonga insonparvarlik yordami
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara bojxona postida o‘nlab yuk mashinalarida O‘zbekiston prezidenti nomidan O‘zbekiston xalqidan Qirg‘iziston xalqiga insonparvarlik yordamlari yuborildi.
Insonparvarlik karvonini Andijon viloyati hokimi va qator mutasaddilar kuzatib qo‘ygan.
Ma’lumot uchun: 2024 yil 14 iyul kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tog‘ va adirliklarida kuchli jala yog‘ishi oqibatida sel toshqinlari sodir bo‘ldi.
Yangi oliy o‘quv yurtlari
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi.
Bu yil 805 ming abituriyent oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarida ishtirok etayotgani qayd etildi.
20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu sohadagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan edi.
Ayni paytda Surxondaryodagi Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutlarini yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi.
O‘zbekiston prezidentining 2023 yil sentabr oyida AQShga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.
Uning faoliyati 2024/25 o‘quv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga AQShda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.
Tadbirkorlarga subsidiyalarning yangi turi
Tadbirkorlarga ayrim turdagi subsidiyalar proaktiv shaklda ajratiladi.
Bu Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub’yektlariga ayrim turdagi subsidiyalarni proaktiv shaklda ajratish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
Loyihada qayd etilishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilganlarga, mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilganlarga subsidiya ularning murojaatisiz, soddalashtirilgan tartibda ajratiladi.
Uy interneti qamrovi oshmoqda
O‘zbekistonda o‘z uyida internetdan foydalanayotganlar ulushi oshgani ma’lum qilindi. Statistika agentligining uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlariga asosan, 2024 yilning yanvar-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 va undan katta yoshdagi aholining o‘z uyida internetdan foydalanayotganlar ulushi 79,2 foizni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun: bu ko‘rsatkich 2021 yilda 49,9 foizni; 2022 yilda – 59,6 foizni; 2023 yilda – 67 foizni tashkil etgan.
Tailandga viza talab etilmaydigan bo‘ldi
Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun rasman vizasiz rejimni joriy qildi: 2024 yil 15 iyuldan O‘zbekiston fuqarolari ushbu davlatda 60 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.
Bungacha O‘zbekiston fuqarolari aeroportga kelganlarida 60 AQSh dollari evaziga 15 kunlik turistik viza olishlari mumkin edi.
“Dunyo” axborot agentligining ma’lum qilishicha, muqaddam Tailandga fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 57 ta edi. Ro‘yxatga yangi kiritilgan 36 ta davlat qatorida Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston ham bor.
Yangi tartib barcha chegara postlari orqali Tailandga tashrif buyuruvchilar uchun amal qiladi. O‘z navbatida, mazkur tartib Tailand hukumati tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir tomonlama joriy etildi va ma’lum muddatdan so‘ng bekor qilinishi ham mumkin.
UzAuto Motors tanlovidagi korrupsion holat
“UzAuto Motors” AJ tomonidan 2024 yil 8 iyul kuni o‘tkazilgan 1,3 mlrd so‘mlik davlat xaridida yaqin qarindoshlarga tegishli kompaniyalar ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.
“Nexia-2” avtomobillarining eshigi uchun butlovchi qismlar yetkazib berish bo‘yicha 1,3 mlrd so‘mlik davlat xaridi yaqin qarindoshlarga tegishli ikkita kompaniya ishtirokida o‘tgan. Ulardan biri g‘olib, ikkinchisi zaxira g‘olibi deb topilgan. Bu haqda internetda berilgan ma’lumotni Aksilkorrupsiya agentligi tasdiqlab, ishni prokuraturaga oshirdi.
Agentlikka ko‘ra, xarid komissiyasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning bir qator talablarini buzgan, shu sababli buyurtmachiga xarid natijalarini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.
“O‘rganish jarayonida to‘plangan hujjatlar aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborildi”, deyiladi rasmiy axborotda.
Mavzuga oid
20:43 / 08.11.2024
8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:04 / 07.11.2024
7 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:35 / 06.11.2024
6 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:18 / 05.11.2024