O‘zbekiston | 13:15 / 16.07.2024
6540
2 daqiqa o‘qiladi

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun rasman vizasiz rejimni joriy qildi

15 iyuldan O‘zbekiston fuqarolari ushbu davlatda 60 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Bungacha O‘zbekiston fuqarolari aeroportga kelganlarida 60 AQSh dollari evaziga 15 kunlik turistik viza olishlari mumkin edi.

Foto: Reuters

Joriy yilning 15 iyul kunidan e’tiboran Tailand hukumati 93 davlat, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun, 60 kungacha vizasiz kirish rejimini rasman joriy qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muqaddam Tailandga fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 57 ta edi. Ro‘yxatga yangi kiritilgan 36 ta davlat qatorida Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston ham bor.

Yangi tartib barcha chegara postlari orqali Tailandga tashrif buyuruvchilar uchun amal qiladi. O‘z navbatida, mazkur tartib Tailand hukumati tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir tomonlama joriy etildi va ma’lum muddatdan so‘ng bekor qilinishi ham mumkin.

Tailand TIV ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Tailand o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan hukumatlararo kelishuvlar yuzasidan muzokaralar davom etmoqda.

15 iyulga qadar O‘zbekiston fuqarolari aeroportga kelganlarida 60 AQSh dollari evaziga 15 kunlik turistik viza olishlari mumkin edi.

Avvalroq O‘mon O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid