O‘zbekiston | 15:57 / 17.07.2024
11066
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov va Otabek Umarov Grozniydagi forumda Ramzan Qodirov bilan uchrashdi

16 iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov Chechenistonning Grozniy shahrida o‘tkazilayotgan Kavkaz investitsiya forumi doirasida hudud rahbari Ramzan Qodirov bilan uchrashdi.

Foto: Videodan kadr

Qodirov o‘z telegram kanalida suhbat chog‘ida qator sohalardagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilingani haqida yozgan.

U o‘z postida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni «muhtaram katta og‘a» deb atagan va yo‘llangan samimiy tilaklar uchun minnatdorchilik bildirgan.

«Chechenistonda biz O‘zbekiston bilan yaqin qardoshlik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz va bu aloqalarni yanada mustahkamlashga intilamiz.

Abdulla Nigmatovich muhtaram katta og‘amiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eng samimiy tilaklarini yetkazdi. Men Shavkat Miromonovichga iliq so‘zlar uchun minnatdorchilik bildiraman. Bosh vazir RF prezidentining yaqinda amalga oshirilgan tashrifi Rossiya va O‘zbekiston munosabatlarida yangi sahifa ochganini aytib o‘tdi.

Shubhasiz, O‘zbekiston boy ma’naviy-madaniy merosga ega davlat. Biz qardosh mamlakatimiz rahbariyatining madaniy, biznes va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qadamlarini yuksak qadrlaymiz.

Ishonchim komilki, Kavkaz investitsiya forumi hududlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar ochadi», — deb yozadi Ramzan Qodirov.

Shundan so‘ng Checheniston rahbari o‘zbekistonlik mehmonlarni Grozniy xalqaro aeroportidan kuzatib qo‘ygan

Ma’lumot uchun, 15 iyul kuni Grozniyda, Checheniston rahbari qarorgohida hamda «Pavilyon «Stroykar» ko‘rgazmalar markazida Kavkaz investitsiya forumi boshlangan. 

Bu yilgi forumning asosiy ko‘rgazma ekspozitsiyasi doirasida Dog‘iston, Checheniston, Ingushetiya, Shimoliy Osetiya – Alaniya, Qabordin-Bolqor, Karachayevo-Cherkesiya respublikalari, Stavropol o‘lkasi, shuningdek Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalarining investitsiya loyihalari taqdim etilmoqda. Respublikalar va Shimoliy Kavkaz federal okrugi kompaniyalari ekspozitsiyalari mintaqaning investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyatini, rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi yutuqlarini namoyish etishi, shuningdek, ishbilarmonlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va hamkorlar topish uchun platforma sifatida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid