“Buni qamamaymiz” – JIB Mirobod tuman sudida sud boshlanmay uning yakuni ma’lum qilib qo‘yildi
Qishloqliklarni haqorat qilishi ortidan 15 sutka olgan qiz hodisasi hali unutilmay turib, ayni shu qilmishni undanda og‘irroq so‘zlar bilan takrorlagan qizga jarima qo‘llandi. JIB Mirobod tuman sudi raisi qonun va Sudyalar odobi kodeksini buzgan holda mazkur ish ko‘rilayotgan sud majlisiga kirib, hali ko‘rib tugallanmagan ish bo‘yicha qamoq jazosi berilmasligini aytgan.
“Qishloqlik”larni haqorat qilgan qizga nisbatan ishni ko‘rgan sud jarayonidagi bir epizod e’tiborni tortdi: boshqa sudya ishni ko‘rayotgan sud majlisiga tuman sudi raisi kirib kelgan va hali ko‘rib tugallanmagan ish bo‘yicha qamoq jazosi berilmasligini aytgan. Savol tug‘iladi: sudyaning erkinligi qayerda qoldi?
Qishloqliklarni haqorat qilishi ortidan 15 sutka olgan qiz hodisasi hali unutilmay turib, ayni shu qilmishni undanda og‘irroq so‘zlar bilan takrorlagan qizga jarima qo‘llandi.
“Zamon” informatsion dasturi tayyorlagan lavhada ko‘rinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida o‘sha qizga nisbatan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish ko‘rib chiqilishi arafasida mazkur sud raisi Sardor Sodiqov sud majlisi zaliga kirib, bloger va OAV xodimlari bilan muloqot qiladi.
Muloqot jarayonida sudi raisi ularga “huquqiy dars” berarkan, hali mazmunan ko‘rib chiqilmagan (!) ma’muriy ish mazmuni, huquqbuzarning shaxsi, unga qanday jazo tayinlanishi hamda buning asoslarini bilibmi yo bilmay avvaldan ma’lum qilib qo‘yadi.
“Agar buni hozir qamaydigan bo‘lsak, bunga ham teskari qarashi mumkin xalqimiz. Shuning uchun sizlarga bog‘liq, sizlar to‘g‘ri yoritib bersanglar tushunadigan qilib... Hamma tushunsin-da nega qamamayotganimizni. 41-moddada faqat jarima. Ham bu uyda gapiryapti-da, ko‘chada emas. Ko‘chada gapirganida boshqa gap edi. Va yana bitta asosiy narsasi, 3 yoshgacha bolasi borlarga, I va II guruh nogironlariga sud ma’muriy jazo sifatida qamoq jazosi berolmaydi”, degan sud raisi jurnalistlarga qarata.
Jurnalistlar hali ma’muriy ish bo‘yicha sud jarayoni boshlanmay uning xulosasi haqida bilib bo‘lgan.
Sud raisining ushbu xatti-harakatlarini huquqiy jihatdan tahlil qilib ko‘rdik.
“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi Sardor Sodiqovning xatti-harakatlarida boshqa sudyaning ish yurituvida bo‘lgan sud ishlariga aralashish alomatlari yaqqol ko‘rinadi. JIB Mirobod tuman sudi raisi boshqa sudyaning ish yurituvidagi “delo” bo‘yicha sud protsessiga kirib, fikr-mulohaza bildirishi ushbu ishni ko‘rib chiqayotgan sudyaning mustaqilligini cheklashga ham olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Vaholanki, Sudyalar odobi kodeksining 11-moddasida sud raisi (hay’at raisi) tashkiliy-ma’muriy vakolatlarini amalga oshirishda sudyalarning mustaqilligini cheklovchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi belgilab qo‘yilgan.
Sud raisi va sudyaning jurnalistlar oldida huquqbuzarga tayinlanajak jazo haqida gapirishi ushbu ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati bekor qilinishiga asos ham bo‘lishi mumkin.
Mazkur holatga Sudyalar Oliy Kengashining munosabati bilan qiziqdik. Ammo kengash axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov savollarimizni javobsiz qoldirdi.
Mavzuga oid
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024