Frontdagi vaziyat: Rossiya qo‘shini bir vaqtning o‘zida frontning ko‘plab uchastkalarida bosimni oshirmoqda
Ukraina eng qaynoq nuqtalarga zaxira kuchlarini olib kelmoqda - ammo ukrainlar mudofaasidagi inqiroz chuqurlashib bormoqda. RF qurolli kuchlarining bu yurishlari nimaga olib keladi?
Rossiya qo‘shini Toretsk shahri (Donetskdan shimolda) chekkalaridagi posyolkalarga yorib kirdi. Bu Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida navbatdagi inqirozli holatga olib keldi: qo‘mondonlik mudofaadagi teshiklarni yopish uchun zaxira qidirishga majbur. Ukraina qurolli kuchlari Toretsk aglomeratsiyasiga Kupyansk frontidagi bo‘linmalarni (95-desant-shturm brigadasidan) yuborgan. Ukraina armiyasining Kupyansk atrofidagi vaziyati ham yaxshi emas: Rossiya qo‘shini Oskol daryosi tomon yurmoqda, Ukraina qurolli kuchlarining Xarkiv, Donetsk va Luhansk oblastlari chegarasidagi yirik platsdarmiga ushbu daryo orqali ta’minot yetkazib beriladi — ushbu ta’minot yo‘li xavf ostida qolgan. Bundan tashqari, RF qurolli kuchlari Toretskdan shimolroqda, Chasiv Yar shahri hududida hamda g‘arbroqda — Avdiyivka frontida ham harbiy harakatlarini davom ettirmoqda. Bularning bari ukrain armiyasini oldinda og‘ir oylar kutayotganini anglatadi: hozircha Rossiya hujumlarini to‘xtatish uchun kuchlar yetarli emas. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv va Vovchansk uchastkalariga ham qo‘shimcha kuchlar yuborishda davom etmoqda. Bundan maqsad (unga erishishga esa hali ko‘p vaqt bor) — RF qurolli kuchlarini Xarkiv va Belgorod oblastlari chegarasidan surib tashlash va kuchlarni boshqa yo‘nalishlar uchun bo‘shatish hisoblanadi.
Xarkiv va Vovchansk
- Ukraina qurolli kuchlari Xarkivdan shimoldagi Gluboke qishlog‘ida rossiyaliklarning pozitsiyalariga muvaffaqiyatli hujumlar uyushtirdi: ular qishloqni g‘arbdan aylanib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan va uning shimoliy chekkalariga kirib kelgan. Endilikda Ukraina qurolli kuchlari Rossiya bo‘linmalari turgan ushbu qishloqni uch tomondan o‘rab olgan. Rossiya qo‘mondonligi qishloqqa ta’minot va qo‘shimcha kuchlar yetkazishga urinayotgan kolonnalar ukrainlarning dronlari zarbalariga yo‘liqmoqda. Ta’minotchilar nafaqat Xarkiv oblastida, balki Belgorod oblasti hududida ekanidayoq hujumga uchramoqda.
- Vovchanskda (Rossiya qo‘mondonligi katta ehtimol bilan bu yerga qo‘shimcha kuchlar olib kelgan, jumladan Baxmut frontidan ham) vaziyat chigalligicha qolmoqda. Ikki armiya kuchlari shaharning ko‘p qavatli binolaridan iborat kvartallarida hamda sanoat korxonalarida, shuningdek shahar chekkalaridagi pozitsiyalarni egallab turibdi va bu yerda aniq front chizig‘i o‘tkazib bo‘lmaydi: bir kvartalning o‘zida ham ukrain, ham rus bo‘linmalari turgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ko‘p hollarda bunday kvartallar raqib kuchlari tomonidan o‘rab turilgan bo‘ladi, u yerdagilarning ta’minoti esa — o‘q-dori, yegulik va ichimlik suv — dronlar orqali yetkaziladi.
- E’lon qilingan videolardan biriga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Volchya daryosini kechib o‘tib, shaharning janubiy qismiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo video (muallif unda Volchyaning janubiy sohilidagi Rossiya pozitsiyasi o‘qqa tutilganini aytgan) noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lishi — bu ukrain pozitsiyasi o‘qqa tutilishi haqida bo‘lishi ham mumkin.
- Shahar shimoli-sharqidagi vaziyat noaniqligicha qolmoqda, u yerda rus qo‘shini ham, ukrain qo‘shini ham muayyan pozitsiyalarni egallab turibdi.
Kupyansk fronti
- Ukraina qurolli kuchlari zaxiralari boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilganidan keyin nisbatan kuchsiz raqibga qarshi harakat qilayotgan Rossiya qo‘shini ukrainlar mudofaasi markazidagi Peschane qishlog‘iga yurish qilmoqda. Undan Oskol daryosigacha — 10 kilometr, Kupyansk-Uzlovoygacha — 12 kilometr masofa qoladi. Agar Ukraina qurolli kuchlari bu yurishni to‘xtata olmasa, unda yaqin haftalar ichida Kupyansk mudofaasida ham inqirozli holat yuzaga kelishi mumkin.
- Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari Kupyanskdan janubroqda — Svatove yo‘nalishida hamda Kreminna o‘rmonlarida jangovar tuzilmalardan lokal hujumlar uyushtirish uchun foydalanmoqda. Katta ehtimol bilan, ukrain qo‘mondonligi bu orqali Rossiya qo‘shinlarini Kupyansk yo‘nalishidan chalg‘itishni ko‘zlagan.
Seversk yo‘nalishi
- RF qurolli kuchlari Seversk shahridan janubda va janubi-sharqda lokal yurishlarini davom ettirmoqda.
- Uzoq muddatli janglardan (bu hujumlar bir yarim yil muqaddam boshlangandi) keyin ular Lisichansk neftni qayta ishlash zavodi va Seversk o‘rtasidagi Sporne qishlog‘ining kamida bir qismini egallagan.
- Spornega boshqa tomondan Razdolovka hududidan (uning bir qismi iyun oyida RF qurolli kuchlari tomonidan egallangandi) ham rus bo‘linmalari yurish qilmoqda. So‘nggi haftada ular shimoliy yo‘nalishda taxminan ikki kilometrga ilgarilagan.
Chasiv Yar
- RF qurolli kuchlari ukrainlar mudofaasidagi muhim shahar bo‘lgan Chasiv Yar shahridagi amaliyotning birinchi fazasini yakunlagan: shaharning sharqiy qismidagi Kanal mikrorayoni egallangan. Amaliyotning bu qismi uchun uch oydan ko‘proq vaqt ketdi va RF qurolli kuchlari shaxsiy tarkib va texnikalar borasida katta yo‘qotishlarga uchradi.
- Shahar markazi tomon yurishda davom etishni geografik joylashuv murakkablashtiradi: shahar markazi tepalikda va Severskiy Donets — Donbass kanalining narigi tomonida joylashgan. Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari Chasiv Yar markaziga ro‘paradan hujum qilishdan ko‘ra uni janub (Kleshchiyevka tomondan) va shimoldan (hali egallanmagan Kalinovka mikrorayoni tomondan) aylanib o‘tishni afzal ko‘radi.
Toretsk
- RF qurolli kuchlari uchta uchastkada kuchli hujumlar uyushtirgan holda Ukraina qurolli kuchlarining Toretsk aglomeratsiyasidagi (Chasiv Yardan janubda) mudofaa chizig‘ini yorib o‘tdi va ikki haftalik janglardan keyin kvartallar oralab besh-yetti kilometrga ilgariladi.
- Janglar Severskiy Donets — Donbass kanali yoqasidagi Drujba, Pivnichne (Severniy, sobiq Kirovo), Pivdenne (Yujniy, sobiq Leninske) posyolkalarida, Zalizne shahrida (sobiq Artemovo), shuningdek Nyu York posyolkasida (sobiq Novgorodske) davom etmoqda.
- Xabarlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Severskiy Donets — Donbass kanali bo‘yidagi va Nyu York hududidagi mudofaani yorib o‘tish uchun RF qurolli kuchlari ko‘plab kilometrlarga cho‘zilgan tunnellardan foydalangan. Ular bu yo‘l orqali harakatlanib, ukrainlar ortidan chiqishgan. Bunday taktika qishda Avdiyivkani shturm qilishda ham qo‘llangandi. Ikki holatda ham tunnellar rossiyaparast kuchlar 2014-2015 yillardan buyon nazorat qilib kelgan hududlardan qazilgan. Ularni qazish ishlari bir necha yil oldin boshlangan bo‘lishi ham mumkin.
- Nyu York va Yujniyda Rossiya qo‘shini ilk muvaffaqiyatlardan keyin ko‘p qavatli binolar joylashgan hududlarda ko‘cha janglari bilan andarmon bo‘lib qoldi va ukrainlarning yetib kelgan (jumladan, Kupyanskdan) zaxira kuchlarining qarshi hujumlariga uchramoqda.
Avdiyivka fronti
- Fevral oyida egallangan Avdiyivkaning g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy qismida olib borilgan bir necha oylik janglardan keyin RF qurolli kuchlari kelgusida Pokrovsk — Konstantinovka yo‘li (bu Chasiv Yar va Toretskdagi ukrain qo‘shinlarining asosiy ta’minot yo‘li hisoblanadi) yo‘nalishida amalga oshiriladigan yurish uchun platsdarm tashkil etish amaliyotini yakunladi.
- Ukraina qurolli kuchlari qariyb butunlay Volchya daryosi (Xarkiv oblastining Vovchansk shahrini oralab o‘tadigan shu nomdagi daryo bilan adashtirmaslik kerak) hamda Karlovske suv ombori ortiga surib tashlangan.
- Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari tez orada shimoli-g‘arbga, to‘g‘ridan to‘g‘ri Pokrovsk — Konstantinovka yo‘li bo‘ylab yoki shimolga — Konstantinovkaning o‘ziga zarba beradi, bundan maqsad Toretsk aglomeratsiyasini Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivka guruhini g‘arbdan uzib qo‘yish bo‘ladi.
Boshqa yo‘nalishlar
- Rossiya qo‘shini Maryinkadan shimoldagi Krasnohorivka shahrini egallashni yakunladi. RF qurolli kuchlarining janub va sharqdan hujum qilgan bo‘linmalari allaqachon shaharning shimoliy chekkasiga kirishgan.
- Katta ehtimol bilan, Rossiyaning bu yo‘nalishdagi keyingi nishoni Kuraxovo shahri bo‘ladi — bu Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubidagi asosiy ta’minot bazasi hisoblaadi. Kuraxovo yo‘nalishidagi hujumlar Krasnohorivka tomondan ham, Avdiyivka frontining janubiy qanotidagi Karlovka tomondan ham amalga oshirilishi mumkin.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024