O‘zbekiston | 17:23 / 18.07.2024
7625
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va Japarov qo‘shma loyihalarni ishga tushirdi

Qirg‘izistonning Chuy viloyatida O‘zbekiston hamkorligida Cobalt, Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Farg‘ona va Namanganda ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ikki tomonlama muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Jumladan, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Chuy viloyatida zamonaviy yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Xususan, u yerda Cobalt, Onix va Tracker  rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladi.

Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Mavzuga oid