O‘zbekiston | 20:00 / 20.07.2024
14958
15 daqiqa o‘qiladi

Cheksiz qoidabuzarlik huquqi, sinovdagi Seagull va testdan yiqilgan “DTM” - hafta dayjesti

“Respublika GAI” boshlig‘i ishdan olindi: u iste’fosidan avval sohada bahsli o‘zgarishga qo‘l urdi. “O‘zavtosanoat” BYD'ning eng arzon modellarini ishlab chiqarmoqchi: va’daga vafo qilinsa, narx 13 ming dollardan oshmasligi kerak. Raqobat qo‘mitasi yirik kompaniyalar bilan sudlashishga tayyor: “Lukoyl” va “Korzinka”ga rasman ayblovlar e’lon qilindi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

YHXX boshlig‘i almashdi

Avtohalokatlarga oid tanqidlar fonida, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbari almashdi. Olim Saidov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga vazirlikda Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan polkovnik Sherzod Ibragimov tayinlandi.

Olim Saidov yo‘l harakati xavfsizligi tizimini 4,5 yil boshqardi, ya’ni unda ayanchli ahvoldagi tizimni butkul isloh qilish, yo‘llarda rosmana xavfsizlikni ta’minlash uchun yetarlicha vaqt bor edi. Shunga qaramay, yo‘llardagi behisob avariyalarga qarshi tayinli choralar ko‘rilmadi, eng progressiv islohotlar kechiktirildi, hatto qoidabuzar haydovchilar imtiyozlarga ko‘mildi.

Saidov ketishi oldidan tizimda qilgan oxirgi o‘zgarishlaridan biri uning 4,5 yillik faoliyatiga ramziy haykal bo‘ldi deyish mumkin. Bu o‘zgarishga ko‘ra, endi qoidabuzar haydovchilar million marta tezlikni oshirsa ham, faqat va faqat jarima bilan qutulaveradi, ustiga-ustak jarima to‘lashda million marta chegirmadan ham foydalana oladi. Vaziyatga qoidabuzarlar ko‘zi bilan qaraganda, yo‘llarda xohlagancha tezlikda yursa bo‘ladi, faqat buning uchun Ichki ishlar vazirligining tegishli fondiga to‘lov qilinsa bo‘ldi.

Gap shundaki, Olim Saidov ishdan olinishidan bir kun oldin, 17 iyulda imzolangan hukumat qarori bilan, yo‘l harakati sohasida qator yangiliklar belgilandi. Bu yangiliklardan biriga ko‘ra, tezlik qoidabuzarligi ko‘chma radarlar, xalq tilida aytganda “Nexia-3” yoki “uchoyoq” orqali qayd etilganida, haydovchilar YPX xodimidan radar ko‘rsatkichi bilan tanishtirishni va qurilmaning sertifikatini ko‘rsatishni talab qilish huquqidan mahrum bo‘ldi. Ayni shu huquq mobil radarga tushgan qoidabuzar haydovchilarga bu masalada sudlashish imkonini berayotgan edi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishga asosan, endi ko‘chma radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima rasmiylashtirish ham xuddi statsionar radarlardek bo‘ladi, ya’ni bu jarayonda haydovchi ishtirok etmaydi va eng asosiysi, huquqbuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi. Bu degani, bundan buyon tezlikni oshirganlik uchun hech kimga oshirilgan stavkalarda jarima qo‘llanmaydi.

Shu tariqa, takroran sodir etilgan tezlik qoidabuzarligiga oid ma’muriy kodeksdagi qoidalar amalda o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu qoidalar amaliyotda kamdan kam ishlayotgan bo‘lsa ham, har holda, bugunga qadar bir yil ichida 2 martadan 4 martagacha mobil radarga tushgan haydovchilar 2 yilga guvohnomasidan ayrilardi. Endi shu ham yo‘q. Shunday ekan, jarimalarini kolleksiya qiladigan qoidabuzar haydovchilar radar ko‘p deb shikoyat qilishdan oldin o‘ziga o‘zi savol berishi kerak: yiliga ming-minglab odamni o‘ldirayotgan fuqarolariga bunchalik mehribonlik, bunchalik istisnolar, bunchalik chegirmalar yana qaysi davlatda bor? Jiddiy aytganda esa, bunaqa qaror – “avtoterroristlar”ni tiyish kerakligini aytib bong urayotgan jamoatchilikni masxara qilishdan boshqa narsa emas.

Yo‘l harakati qoidalaridagi boshqa o‘zgarishlar

Hukumat qarorida belgilangan boshqa yangiliklarni ham qisqacha sanab o‘tsak. 1 avgustdan boshlab, auksion orqali olinmagan, standart narxdagi davlat raqamlari hozirgidek o‘sib boruvchi ketma-ketlik asosida emas, tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi. 1 dekabrdan boshlab esa avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va raqam berish bo‘yicha murojaatlarni onlayn yuborish imkoniyati yaratilishi kerak.

Bundan tashqari, elektromototsikl, moped va skuterlar uchun alohida davlat raqam belgilari joriy etiladi. Bunday mayda transport vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shaharlarda tobora ko‘payib borayotgan elektrosamokat, elektr skeytbord va segveylarda tezlikni 10 km/soatdan oshirish taqiqlandi, ular faqat yo‘lning avtomobil qatnov qismida tezlikni 20 km/soatgacha oshirishi mumkin.

Texnik ko‘rik bo‘yicha ham ayrim o‘zgarishlar bor. Hozirda yengil avtomobillar asosan xususiy markazlarda “texosmotr”dan o‘tyapti, endilikda tadbirkorlarga Damas, mikroavtobus, avtobus va yuk mashinalarini ham texnik ko‘rikdan o‘tkazishga ruxsat berilmoqda. Texnik ko‘rikdan o‘tish bo‘yicha murojaatni ham onlayn yuborish mumkin bo‘ladi, bunda haydovchiga ko‘rikdan o‘tkazish vaqti va joyi haqida onlayn xabarnoma jo‘natiladi.

Botir Zokirov qurilish vaziri lavozimidan ketdi

Yana bir iste’fo Qurilish vazirligida ro‘y berdi. Vazir Botir Zokirov 5 yil davomida egallab kelgan kursisini tark etdi. Prezident huzuridagi yig‘ilishda e’lon qilingan bu iste’fo uning sog‘ligi bilan izohlandi. Bu o‘rinda, bir necha oydan keyin “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi qonun kuchga kirishini eslab o‘tish maqsad muvofiq. Chunki Botir Zokirov yirik qurilishlar bo‘yicha trillionlab so‘mlik davlat buyurtmalarini tendersiz olib kelgan “12-trest” nomli kompaniya bilan affillangan edi. Uning o‘rniga qurilish vaziri vazifasini bajarish vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovga topshirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, xalq tilida “GASN” deyiladigan qurilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkazilib, vakolatlari kengaytiriladi, inspektorlar dronlardan foydalana boshlaydi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytirilishi kutilyapti.

Bu xabarlar fonida, O‘zbekiston arxitektura va qurilish sohasi faxriylari kengashi nomli tashkilot ochilayotgani ma’lum bo‘ldi. Hukumat qaroriga ko‘ra, faxriylar kengashi shaharsozlik sohasidagi dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi. Kengash raisi vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi, bu tashkilotga zarur sharoitlar qilib beriladi, xususan “Malibu” rusumli 2 ta xizmat mashinasi ajratiladi.

BYD'ning eng arzon modellari mahalliylashtirilishi mumkin

O‘zbekistonda Seagull va E2 elektromobillarini ishlab chiqarish boshlanadi. BYD'ning eng arzon bu ikkita modeli hozir mahalliy laboratoriyada sinovdan o‘tkazilyapti. Bu haqda xabar bergan “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati sinov jarayonidan ayrim lavhalarni namoyish etdi.

Ma’lumot uchun, hozir, elektromobillar uchun boj o‘rnatilmagan sharoitda, O‘zbekiston bozorida E2 15 200 – 16 500 dollar atrofida, Seagull esa 13 500 – 14 500 dollardan sotilmoqda. Avvalroq Jizzaxdagi BYD zavodi direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD'lar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishiga va’da bergandi.

“O‘zavtosanoat”ning 15 iyul kungi axborotida aytilishicha, BYD'ning budjet modellarini sinovdan o‘tkazish bilan parallel ravishda, O‘zbekiston bozorida sotiladigan avtomobillar uchun yangi standartlar ham ishlab chiqilyapti. Bu standartlar xizmat ko‘rsatish va kafolat shartlari, ekologik me’yorlar, akkumulyatorlarni qayta ishlash va utilizatsiyaga oid talablarni o‘z ichiga oladi. Bu yangilikdan keyin, mahalliy standartlar mahalliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish uchun notarif to‘siqqa aylanishi mumkinligiga oid xavotirlar paydo bo‘ldi. Bu holatda, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik ham tashqi savdoni notarif to‘siqlardan tozalashga yordam bermaydi.

Avtomobil importiga notarif to‘siqlar masalasi ayni kunlarda Qirg‘izistonda ham aktual bo‘lib turibdi. Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston bilan birgalikda tashkil etilgan mamlakatdagi birinchi avtomobil zavodi – Tulpor Motors'ni raqobatdan himoya qilish uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etmoqchi. Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Aynura Usenbekovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yig‘im miqdori qancha bo‘lishi hisoblab chiqilyapti.

Chuy viloyatidagi zavod faoliyatining birinchi bosqichida Chevrolet Tracker, Onix va Cobalt avtomobillari yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqariladi. Shu hafta Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi vaqtida zavod faoliyatiga rasman start berildi. Davlat rahbarlari, shuningdek, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 MWlik ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishini ham boshlab berdi, bu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib beriladi.

Raqobat qo‘mitasi “Lukoyl” va “Korzinka”ga chora ko‘rmoqchi

“Lukoyl”ning O‘zbekistondagi sho‘’basi monopol mavqeyidan foydalangan holda qo‘lga kiritgan asossiz daromadini qaytarishi kerak. Kompaniyaga nisbatan surishtiruv o‘tkazgan Raqobat qo‘mitasi shunday qarorga keldi. Qo‘mitaga ko‘ra, “Lukoyl” texnik oltingugurt mahsulotini birjaga kamroq miqdorda chiqarib, 10 foizdan 50 foizgacha narx oshishiga erishgan. Antimonopol organ qaytarishni talab qilayotgan summa hozircha ma’lum emas. Shuningdek, ayblovga “Lukoyl”ning ham munosabati noma’lum. Kompaniya bu talabni asossiz deb hisoblasa, masala sudda hal bo‘ladi.

Ayni paytda Raqobat qo‘mitasi boshqa bir yirik kompaniya bilan sudlashishi aniq bo‘lib ulgurdi. Qo‘mita “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ini reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor deb topdi va jarima qo‘llash bo‘yicha sudga ariza kiritishini e’lon qildi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organiga ko‘ra, supermarketlardagi “eng arzon narx” deb e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shunday mahsulotlar narxlaridan farq qilmaydi.

“Korzinka” asoschisi Zafar Hoshimovning izohlashicha, “Kundalik xaridlarga eng arzon narx” dasturi bu reklama emas, tarmoqning yangi narx siyosati shunday nomlanadi. Bu dastur doirasida eng xaridorgir mahsulotlar narxiga supermarket qo‘yadigan ustamalar pasaytirilgani, chakana savdoda hech qaysi sotuvchi kundalik tovarlar uchun “Korzinka”chalik keng qamrovli va doimiy past narxlarni bermayotgani aytilmoqda. Ma’lumot uchun, ikki o‘rtada sud bo‘lib, davlat organining qo‘li baland kelgan taqdirda, riteyler 17 mln so‘mdan 24 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu holatda “Korzinka” “Eng arzon narxlar” degan lozungidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Davlat oliygohlariga kirish imtihonlari boshlandi. Testlarda 800 mingdan oshiq abituriyent qatnashadi. Qabulning ilk kunlarida ma’lum bo‘lishicha, sobiq Davlat test markazi, hozirda Bilimni baholash agentligi deb ataluvchi tashkilot huquqshunoslik bo‘yicha testlarni tuzishda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan. Abituriyentlardan madhiyaga hurmatsizlik yoki metrodagi qoidabuzarlik uchun qanaqa jazo belgilangani so‘ralmoqda. Agentlik o‘zini oqlashga urindi, lekin rasmiy izoh, qabul masalalari bo‘yicha ekspert Xushnudbek Xudoyberdiyev aytganidek, yolg‘on va safsafatadan iborat bo‘ldi.

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etdi. 15 iyuldan boshlab, o‘zbekistonliklar bu davlatda 60 kungacha vizasiz qolishlari mumkin. O‘tgan hafta e’lon qilingan Henli indeksida O‘zbekiston fuqarolari 64 ta mamlakatga oldindan viza olmasdan borishi mumkinligi qayd etilgandi. Taqqoslash uchun, qozog‘istonliklar 79 ta, qirg‘izistonliklar 65 ta davlatga vizasiz borish huquqiga ega. 40 dan ortiq davlat fuqarolarida esa viza degan tashvishning o‘zi yo‘q: ular deyarli hamma mamlakatga vizasiz boraverishadi.

“Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 53 yoshli sudlanuvchi uyushgan jinoiy guruh tuzish, zo‘ravonlik, tovlamachilik va boshqa moddalarda ayblanib, o‘ta xavfli retsidivist deb topildi va qamoqxonada giyohvandlikdan majburiy davolanishi belgilandi. Qudratullayevning o‘g‘illaridan biriga 9 yil, yana biriga 11 yil berildi, akasi esa 10,5 yilga qamaldi. Ish doirasida jami 37 kishi hukm qilinib, ulardan 6 nafari o‘ta xavfli retsidivist deb topildi. Sudlanuvchilardan biri hukm chiqqan kunning ertasiga vafot etgani aytilmoqda.

Rossiya tomonida turib Ukrainada jang qilish uchun yollangan bir necha o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi. Jinoyatchilar Rossiyadagi qamoqdan qutulish uchun “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga yollangan. Harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan namanganlik erkak 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Janglarda qatnashmay, faqat istehkom qurilishida ishtirok etganini aytgan ohangaronlik fuqaro esa 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga safarbar qilindi. Yana bir erkak jang qilmasdan, harbiy lagerdan qochib ketganini aytib, Amudaryo tuman sudidan 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini oldi.

O‘zbekiston 2024 yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi. Jizzaxdagi litsey o‘qituvchisi Ostonada o‘tgan olimpiadada o‘quvchiga yordam bergani uchun, 4 nafar o‘quvchidan iborat butun jamoaning natijalari bekor qilingan va o‘zbek delegatsiyasi musobaqadan chetlashtirilgan. Ayni paytda O‘zbekistonning keyingi biologiya olimpiadalaridagi ishtiroki ham so‘roq ostida qolmoqda. Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston jamoasining Olimpiadadagi ilk o‘yini 24 iyul, chorshanba Ispaniyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid