Jahon | 11:55 / 20.07.2024
4277
3 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab kompaniyalar global uzilishlar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatdi

Ko‘pgina mamlakatlarda Windows 10 operatsion tizimidagi nosozlik tufayli aeroportlar, banklar, ommaviy axborot vositalari va do‘konlar faoliyati to‘xtab qoldi. Yirik aviakompaniyalar parvozlarni to‘xtatdi.

Foto: AP

19 iyun, juma kuni ko‘plab mamlakatlarda Windows 10 operatsion tizimidagi global nosozlik tufayli aeroportlar, vokzallar, banklar, supermarketlar, telekanallar va davlat idoralari ishi to‘xtatildi.

Berlin aeroportida barcha kelish va ketishlar bir necha soatga to‘xtatildi. Eurowings yo‘lovchilarni uzoq kechikishlar haqida ogohlantirdi. KLM o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatdi. Shveytsariyaning Swiss shirkati bu unga ta’sir qilmaganini aytdi, biroq hamkor kompaniyalar bilan bog‘liq muammolar tufayli parvozlar kechiktirildi.

Keng tarqalgan nosozlik

Umuman olganda, uzilishlar AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Hindiston, Hongkong, Turkiya, Isroil, JAR, Britaniya va boshqa Yevropa mamlakatlaridagi kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi. London fond birjasi yangiliklar chop etishni to‘xtatdi. Britaniyaning Sky News telekanali va boshqa bir qancha mamlakatlardagi telekanallar efirga chiqa olmadi. Gadjetlarda ko‘k ekran paydo bo‘ldi: "Kompyuteringizga zarar yetkazmaslik uchun Windows to‘xtatildi", deb xabar beradi Sky News.

Amerikaning Microsoft korporatsiyasi Windows 10 operatsion tizimi CrowdStrike antivirus yangilanishidagi xato tufayli ishdan chiqqani haqida xabar berdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu kiberhujum emas va hozirdanoq "oqibatlarni yumshatish choralari" ko‘rilmoqda. CrowdStrike xatolik Windows yangilanishlarini yuborish bilan bog‘liqligini tasdiqladi. Bosh direktor Jorj Kurs shunday dedi: "Muammo aniqlandi, ajratildi va tuzatildi. Biz mijozlarni so‘nggi yangilanishlar uchun qo‘llab-quvvatlash portaliga yo‘naltirmoqdamiz va veb-saytimizda to‘liq, doimiy yangilanishlarni taqdim etishda davom etamiz. Bizning jamoamiz CrowdStrike mijozlarining xavfsizligi va barqarorligi uchun safarbar etilgan".

Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi global uzilishlar fonida mamlakat aeroportlarida texnik nosozliklar haqida hech qanday xabar olmaganini aytdi. "Maykrosoft" bilan bog‘liq vaziyat, birinchi navbatda, muhim axborot infratuzilmasi obektlarida xorijiy dasturiy ta’minot importi o‘rnini bosish muhimligini yana bir bor ko‘rsatmoqda", - deya ta’kidladi Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati. Moskvaning "Domodedovo" aeroporti nosozlik unga ta’sir qilmaganini tasdiqladi.

Mavzuga oid