Jahon | 15:00 / 23.07.2024
1961
3 daqiqa o‘qiladi

Microsoft’dagi global uzilishdan so‘ng vaziyat normal holatga qaytdi

«Ko‘p sohalarda vaziyat normal holatga qaytmoqda, biroq ko‘plab kompaniyalar hali ham muammolarni bartaraf etmoqda», deb xabar berdi Germaniya Axborot texnologiyalari xavfsizligi federal idorasi. 

Foto: Michael Nagle / Bloomberg

Ko‘pgina mamlakatlarda aviakompaniyalar, shifoxonalar va televideniyeda uzilishlarga olib kelgan Microsoft tizimlaridagi jiddiy nosozlikdan so‘ng vaziyat asta-sekin barqarorlashmoqda. «Ko‘plab sohalarda vaziyat normal holatga qaytmoqda, biroq ko‘plab kompaniyalar hali ham muammolarni bartaraf etmoqda», — deb xabar berdi Germaniya Axborot texnologiyalari xavfsizligi federal idorasi (BSI). AQSh va Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida havo qatnovi tiklandi. Berlin aeroporti yana muammosiz ishlamoqda. 

Microsoft korporatsiyasida global uzilish 19 iyul kuni CrowdStrike kiberxavfsizlik kompaniyasining antivirus dasturiy ta’minotidagi nuqsonli yangilanish tufayli yuz berdi. Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, Windows operatsion tizimida ishlaydigan 8,5 million qurilma (kompyuterlarning bir foizdan kamrog‘i) zarar ko‘rgan. 

Uzilish Microsoft Azure, Microsoft Defender, Microsoft Intune, Microsoft OneNote, OneDrive for Business, SharePoint Online, Windows 365, Viva Engage, Microsoft Purview, PowerBI, Microsoft Fabric, Microsoft Teams va Microsoft 365 admin center kabi dasturlarga ta’sir ko‘rsatdi. 

Ko‘plab mamlakatlarda keng ko‘lamli muammolar

Microsoft Azure’dagi nosozlik tufayli aviakompaniyalar, aeroportlar, banklar, ommaviy axborot vositalari va tibbiy tizimlar ishida muammolar yuzaga keldi. Windows 10 operatsion tizimida ishlovchi qurilmalar ekranida BSOD (ko‘k ekran) xatosi ko‘rindi. Shu fonda Germaniya, AQSh va boshqa mamlakatlarning aviakompaniyalari parvozlarni to‘xtatdi, Britaniyaning Sky News telekanali efirda vaqtincha tanaffus oldi, odamlar kasalxonalarga yozila olmadi va hokazo.

Microsoft ta’kidlashicha, nosozlikdan zarar ko‘rgan qurilmalar foizi kichik bo‘lsa-da, sezilarli iqtisodiy va ijtimoiy ta’sir «CrowdStrike muhim xizmatlarni taqdim etuvchi tashkilotlar tomonidan qo‘llanishini ko‘rsatadi». Kompaniya bayonotida aytilishicha, CrowdStrike Microsoft’ga vaziyatni tezroq hal qilishga yordam beradigan yechim ishlab chiqishda ko‘mak ko‘rsatdi.

Rossiyaga uzilish ta’sir ko‘rsatmadi, chunki mamlakatda CrowdStrike yechimlari deyarli yo‘q, Microsoft esa bir yil oldin Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumidan keyin kiritilgan sanksiyalar tufayli ko‘pchilik rus mijozlarini Azure’dan uzib qo‘ydi. 

Mavzuga oid