Mikolayivga zarba oqibatlari va yo‘q qilingan Abrams’lar uchun mukofotlangan harbiylar. Urush suratlari
Rossiya Mikolayivga zarba berdi. Raketalar portlashi oqibatida bir bola va ikki ayol halok bo‘lgan. Ko‘p qavatli turar joy binosi va bolalar bog‘chasi hujumga uchragan
RF qurolli kuchlari 19 iyul kuni Mikolayiv bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Mikolayiv oblasti ma’muriyati rahbari Vitaliy Kimning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, X-59 rusumli qanotli raketalardan biri shahardagi aholi yashash kvartallaridan birida portlagan. Buning oqibatida uch kishi halok bo‘lgan — 13 yoshli bola (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra — 12 yoshli) Kirill Dyadyushko va ikki ayol: biri 53, ikkinchisi — 63 yoshda bo‘lgan. 24 kishi yaralangan, shundan to‘rt nafari bolalar. Portlash to‘lqini va parchalar to‘qqizta ko‘p kvartirali uylarni va bolalar bog‘chasi binosini shikastlagan. Avvalroq Ukraina bosh prokurori ofisi zarba ikki ko‘p qavatli bino o‘rtasidagi bolalar bog‘ining o‘yin maydonchasiga kelib tushgani haqida xabar bergandi. Quyida Mikolayiv o‘qqa tutilishi oqibatlari bartaraf etilishi va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilishi aks etgan suratlar.
Rossiyaliklar Severskka hujum qilmoqda va chor atrofni o‘qqa tutmoqda
RF qurolli kuchlari 19 iyul kuni, kun yarmida Donetsk oblastining Slovyansk shahridan 12 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Raygorodok posyolkasini o‘qqa tutdi.
RF qo‘shini Raygorodokdan 33 kilometr masofadagi Seversk shahri tomon janub va sharqdan yurish qilmoqda — ular allaqachon Razdolovka va Ivano-Darevka qishloqlarini egallagan. Aftidan, Rossiya qo‘mondonligi keyinroq Donetsk oblastining Ukraina nazoratida qolayotgan asosiy shaharlari Slovyansk va Kramatorskka yetib borish uchun Severskni egallashni rejalashtirgan.
Raygorodokda XIX asr oxiridan buyon mel qazib olinadi. Posyolka shimolida konlar chiqindilaridan iborat 55 metr balandlikkacha bo‘lgan tepaliklar joylashgan. RF qo‘shini keng ko‘lamli urush boshidan buyon Raygorodokni o‘qqa tutib keladi. 2022 yil oktyabrida rossiyalik harbiylar chekinayotib to‘g‘onni portlatishi tufayli posyolkani suv bosgandi. Quyidagi fotoxronikada — ukrain o‘t o‘chiruvchilari posyolka o‘qqa tutilishi vaqtida chiqqan yong‘inni o‘chirishi jarayoni aks etgan.
Urushda har kuni harbiy texnikalar yo‘q qilinadi. Rossiya armiyasi ta’mirlash rotasi harbiylari ularni qanday ta’mirlamoqda?
Rossiya va Ukraina Bosh shtablari har kuni frontda raqibining o‘nlab harbiy texnikalari yo‘q qilingani haqida xabar beradi. Masalan, RF mudofaa vazirligi iddao qilishicha, keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Ukrainaning 16 mingdan ortiq tanklari va boshqa zirhli jangovar mashinalari, 12 mingta dala artilleriyasi qurollari va minomyotlari, qariyb 24 mingta harbiy avtomobil texnikalari va hokazolar yo‘q qilingan. Ukraina tomoni esa Rossiyaning sakkiz mingdan oshiq tanki, 15 mingtadan artilleriya tizimlari va jangovar zirhlangan mashinalari, 20 ming avtomobil, ikki mingdan oshiq qanotli raketalari hamda 12 mingdan oshiq dronlari yo‘q qilingani haqida xabar qilgan. Aslida ham shunday bo‘lganini operativ baholash deyarli imkonsiz.
Davlat propaganda nashrlari xabarlariga ko‘ra, Rossiyaning zarbaga uchragan harbiy texnikalari jang maydonidan chiqarilib, «maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilayotgan hudud ichkarisiga» olib ketiladi — aynan qayergaligiga aniqlik kiritilmagan. Bunday joylarda ularni ta’mirlash rotalari harbiy xizmatchilari tuzatishga harakat qiladi. Quyidagi fotoreportajda — «Markaz» qo‘shinlar guruhining ustalar rotasi faoliyati ko‘rsatilgan, bu harbiylar «avtomobil va gusenitsali texnikalarni tiklash» bilan band. Ustaxona devorlarida sovetlarning Ikkinchi jahon urushi davriga oid propaganda plakatlarini ham ko‘rish mumkin: «Za Rodinu-mat!», «Neustanno izuchat boyevuyu texniku! Otlichno znat svoyu spetsialnost!» va «Konchil rabotu — idi v banyu» kabilar.
Abrams tanklarini yo‘q qilgan rossiyalik harbiylar taqdirlandi
RF mudofaa vazirligi 16 iyul kuni Ukraina frontida Amerikaning M1 Abrams rusumli tanklarini yo‘q qilgan harbiylarni taqdirlash marosimi o‘tkazilgani haqida xabar berdi. Mukofotlar Donetsk oblastining Avdiyivka yo‘nalishida jang qilayotgan «Markaz» guruhi harbiy xizmatchilariga topshirilgan. Bir tank uchun 500 ming rubldan pul mukofoti Yekaterinburgdagi «Fores» kompaniyasi tomonidan ajratilgan.
Kompaniya vakili Ilya Potanin rossiyalik harbiylar yoz davomida Ukraina qurolli kuchlari ixtiyoriga yetib kelishi kutilayotgan F-15 va F-16 qiruvchi samolyotlarini yo‘q qilganlik uchun ham mukofotlar berilishini va’da qilgan. Potaninning so‘zlariga ko‘ra urib tushirilgan ilk qiruvchi samolyot uchun pul mukofoti miqdori 15 million rublni tashkil etadi.
Chasiv Yar uchun janglar davom etmoqda
Ukraina qurolli kuchlarining qirol Daniil nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi Donetsk oblasti Baxmut shahri g‘arbidagi Chasiv Yarni mudofaa qilmoqda, Rossiya qo‘shini bu joyni egallash uchun 2024 yil aprelidan jiddiy harakat boshlagandi. Hozirda, ukrain harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, front chizig‘i va asosiy harbiy harakatlar Severskiy Donets-Donbass kanali bo‘ylab o‘tmoqda, bu kanal ikki tomon uchun suv to‘sig‘i hisoblanadi. Rossiya armiyasi frontning bu uchastkasida Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalariga qaraganda son jihatdan ustunlik qilmoqda.
24-brigada shifokorlari dala sharoitida qurilgan barqarorlashtirish punktlarida yarador jangchilarni o‘ziga keltirish va jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish bilan shug‘ullanmoqda. Jabrlanuvchi birinchi tibbiy yordamdan keyin front ortidagi hududlarga evakuatsiya qilinadi, u yerlarda to‘liq davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Quyida shifokorlar Chasiv Yar atrofida qanday sharoitlarda ish olib borayotgani aks etgan suratlar.
Mavzuga oid
16:43
Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK
15:39
So‘rovlar: Ukraina va Rossiyada ko‘pchilik tinchlik muzokaralarini xohlayapti
13:43
Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini yubordi
11:26