Iqtisodiyot | 15:20 / 22.07.2024
2106
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tailand tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga yetkazmoqchi

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 170 foizga oshdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Shohrux G‘ulomov Tailand Tashqi ishlar vazirligi doimiy kotibi o‘rinbosari Busadi Santipitaks boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘ra, delegatsiya tarkibida Tailandning yirik kompaniyalari rahbarlari bor edi.

Tailand tomoniga O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz rejim taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Ijobiy natijalar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda – joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 170 foizga oshdi. Yaqin kelajakda qo‘shma investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish va tovar ayirboshlash hajmini 500 million AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, turizm, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid