Jahon | 08:20 / 23.07.2024
3561
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatini Moliya vazirligi va Davlat departamentiga topshirdi

Jo Bayden Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha o‘z vakolatlarini AQSh Moliya vazirligi va Davlat departamentlari rahbarlariga topshirdi, deya xabar beradi Oq uy. Vakolatlarning bir qismi Rossiya Federatsiyasi muzlatilgan aktivlarini musodara qilish bilan bog‘liq.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

22 iyul, dushanba kuni Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden «Ukrainaliklarning iqtisodiy tiklanishi va imkoniyatlari to‘g‘risida»gi qonun doirasidagi vakolatlarini AQSh moliya vaziri Janet Yyellen va davlat kotibi Entoni Blinkenga topshirdi

Matnga ko‘ra, prezident Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukraina foydasiga musodara qilish imkoniyati bilan bog‘liq vakolatlarni topshiradi. Bundan tashqari, ushbu hujjatda ko‘rsatilgan vakolatlarni topshirish «bo‘lajak hukumat qonunlarining memorandumda ko‘rsatilgan qoidalar bilan bir xil yoki deyarli bir xil bo‘lgan har qanday qoidalariga nisbatan qo‘llanadi». 

Jo Bayden COVID-19 bilan kasallangan va karantinda

18 iyul kuni Jo Bayden koronavirus bilan kasallangani va Delaverdagi uyida o‘zini izolyatsiya qilgani ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, u bundan buyon ham davlat rahbariga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli ado etadi. 

Baydenning davolovchi shifokori Kevin O'Konnor 22 iyul kuni Oq uy rahbarida kasallik alomatlari deyarli yo‘qligini aytdi. 

Jo Baydenning saylovdan voz kechishi va Kamala Harris nomzodi

Jo Bayden 21 iyul kuni AQSh prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. Bayden tez orada xalqqa murojaat qilib, tafsilotlarni aytib berishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi muddatining qolgan qismida asosiy e’tiborini prezidentlik vazifalarini bajarishga qaratadi.

Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. «Demokratlar - birlashish va Trampni yengish vaqti keldi. Keling, buni qilaylik!» - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Keyinchalik amaldagi vitse-prezident Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Amerika OAV uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Prezidentning tasdig‘ini olish men uchun katta sharaf va men bu nomzodlikni qo‘lga kiritish va g‘alaba qozonish niyatidaman». Harris respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid