Falastin rasmiylari Pekinda, Netanyahu esa Vashingtonda. G‘azo atrofidagi geosiyosiy vaziyat
Knesset Falastin davlatchiligini rad etish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Vashingtonga borgan Binyamin Netanyahuni amerikaliklar namoyishlar bilan kutib oldi. Bu vaqtda, Xitoy Yaqin Sharqdagi ikkinchi diplomatik yutug‘ini nishonlamoqda: FATH va HAMAS vakillari Pekinda Muvaqqat birlik hukumati tuzishga kelishib oldi.
“Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Bektosh Berdiyev bu jarayonlar yuzasidan o‘z tahlillari bilan o‘rtoqlashdi.
Bektosh Berdiyevning so‘zlariga ko‘ra, Isroil parlamentining Falastin davlatchiligiga qarshi rezolyutsiyasini kutilmagan deb bo‘lmaydi, chunki Isroil azaldan shunga o‘xshash, Falastin davlatchiligiga qarshi qonunlar qabul qilgan. Masalan, 2018 yil Isroil faqat yahudiylarning mamlakati degan qonunning qabul qilingani ham shov-shuv bo‘lgan edi.
“Bosh vazir Benyamin Netanyahu aynan Falastin davlatchiligiga qarshi bo‘lgani uchun ham hokimiyatda. Netanyahuning fikricha, Falastin (G‘azo va G‘arbiy sohil) yerlaridagi arablarning barchasi Iordaniyaga ko‘chib o‘tishi kerak va hududlar Isroil tarkibiga qo‘shilishi kerak. Biroq isroilliklarning hammasi ham Falastin davlati tuzilishiga qarshi deb bo‘lmaydi, chunki yahudiylar orasida ham Isroil davlati mavjudligiga qarshi va aksincha Falastin davlati tashkil topishi kerak degan qarashdagi jamoalarning siyosiy partiyalari ham bor. Hattoki Yair Lapid ovoz berish jarayonida ishtirok etmay zalni tark etdi. Falastin davlatchiligini rad etish to‘g‘risida rezolyutsiya bu butun Isroil xalqining irodasi deyishdan yiroqman”, – deydi u.
Isroil aholisining taxminan 73 foizini yahudiylar, 21 foizini arablar tashkil etadi. Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Isroil jamiyatida etnik arablarning soni ortib borishi hukumatni tashvishga soladi. 2024 yilning fevral oyida ham Knesset “xorijiy mamlakatlar tomonidan Falastin davlatini Isroil ruxsatisiz tan olmaslik” haqida qaror chiqargan edi, lekin global hamjamiyat o‘z yo‘nalishida davom etaveradi. AQSh boshchiligidagi Kollektiv G‘arbning dunyoda yakkahukmronlik davri o‘tdi, ko‘p qutblilik shakllanayotgan yangi davrda musulmon dunyosi Falastin, xususan Quddus shahridek masalada prinsipial pozitsiyada qolaveradi, deydi Rabbimov.
Ekspertlar sharhi bilan to‘liq holda video orqali tanishing.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024