Sport | 17:05 / 30.07.2024
36993
5 daqiqa o‘qiladi

Qilichboz Parijdagi oltin uchun rekord bonusga ega bo‘ldi

Hongkong Olimpiadadagi g‘oliblik uchun eng saxiy mamlakat.

Foto: Patrick Smith/Getty Images

Parijdagi Olimpiadada ayol shpagachilar turniri hongkonglik May Van Vivian Kongning g‘olibligi bilan yakunlandi. Endi ushbu sportchi vatanida katta mukofotga ega bo‘ladi — 6 million Hongkong dollari (768 500 AQSh dollari - o‘n milliard so‘mga yaqin). Hongkonglik atletlarga medallar uchun Olimpiada ishtirokchilari orasidagi eng yirik mukofot pullari va’da qilingan. Xitoyning avtonom hududi hisoblanadigan Hongkong Xalqaro olimpiya qo‘mitasining mustaqil a’zosi hisoblanadi va aholisi rasman Xitoy fuqarolari bo‘lsa-da, Olimpiadada o‘z jamoasi bilan ishtirok etadi.

Vivian Kong finalda fransiyalik Oryan Mayo-Breton bilan bellashdi, mezbon mamlakat kumush medal uchun ancha kamroq mablag‘ ajratgan — 42 980 dollar. Ushbu yo‘nalishda bronza olgan vengriyalik Ester Muhari ham undan ikki barobar ko‘proq pulga ega bo‘ladi — 88 ming dollar.

Ayollar o‘rtasidagi shpaga bo‘yicha bahslar finali Parij olimpiadasidagi eng aql bovar qilmas syujyetlardan birini taqdim etdi. Vivian Kong jahonning birinchi raqamli shpagachisi hisoblanadi, u turnirga jahon reytingini boshqarayotgan holda keldi. Lekin final davomida mezbonlar vakilidan 1:7 hisobida ortda qolayotgandi, ikkinchi bo‘limda ham hisob Mallo-Breton foydasiga 9:6 ko‘rinishida edi, ammo yakuniy bo‘limda hisob 12:12 ga aylandi va o‘yin overtaymlarga o‘tdi. Hal qiluvchi bo‘lim boshlanganidan 30 soniya o‘tgach esa hongkonglik sportchi aniq zarba berib, prezident Makron boshchiligidagi mahalliy muxlislarni shok holatga tushirdi.

Mamlakatlarning mukofot pullari nafaqat hukumatning Olimpiadaga qiziqishi, balki medal uchun imkoniyatlardan kelib chiqib belgilanadi. Sportchilari ko‘p medallarni qo‘lga kiritmaydigan mamlakatlarda taqdirlash yuqoriroq bo‘ladi.

Hongkong Parijdagi Olimpiada ishtirokchilari orasidagi eng saxiy mamlakat. Hongkong sport instituti g‘oliblik uchun 768 500 dollar, kumush va bronza medallar uchun — mos ravishda 384 ming va 192 ming dollardan to‘lab beradi. Jamoaviy bahslardagi medallar uchun mukofot ko‘proq: birinchi o‘rin uchun bir yarim million dollardan ko‘proq, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 768 va 384 ming dollardan beriladi.

Ushbu mamlakat vakillari pastroq natijalar uchun ham quruq qo‘yilmaydi: to‘rtinchi o‘rin uchun yakkalik bahslarda 96 ming, jamoaviy bahslarda 192 ming dollar mukofot ko‘zda tutilgan. Beshinchidan sakkizinchi o‘ringa qadar — individual va jamoaviy bahslardagi natijalar uchun mos ravishda 48 va 96 ming dollardan ajratilgan.

Bunday yuqori to‘lovlar bejiz emas — Hongkong Olimpiya o‘yinlarida tez-tez medal olmaydi. 2021 yil Tokio Olimpiadasida ushu jamoa vakillari jami oltita medal olgan (bitta oltin, ikkita kumush va uchta bronza), 2016 yilda biror sportchisi shohsupaga ko‘tarilmagan.

Hongkong yozgi Olimpiadalarda 1952 yildan buyon ishtirok etib keladi, faqat 1980 yildagi o‘yinlarda biror vakili bo‘lmagan. Vivian Kongning medali jami hisobda 10-medal bo‘ldi, u o‘z mamlakatining Olimpiadalarda oltin medal qo‘lga kiritgan uchinchi vakili bo‘ldi. Uning g‘alabasidan biroz o‘tib mamlakatdagi eng yirik temiryo‘llar korporatsiyasi u temiryo‘l transporti xizmatlaridan umrbod bepul foydalanishi mumkinligini ma’lum qildi.

  • Olimpiadaning to‘rtinchi kuniga kelib hongkongliklar tarixdagi eng yaxshi natijasini yaxshilab bo‘ldi, 30 iyul kun qilichbozlik bo‘yicha bahslarda Tokiodagi yagona oltin medal egasi Chung Ka Long navbatdagi oltin medalni qo‘lga kiritdi, shuningdek suzish bo‘yicha bahslarda Hugey Siobhan Bernadette bronza medal oldi.

Parijdagi o‘yinlarda eng saxiy jamoalar uchligidagi qolgan ikki jamoa ham Osiyo vakillari — Singapur (oltin uchun 737 ming dollar) va Tayvan (720 ming dollar). Singapurliklar yozgi O‘yinlarda 1948 yildan buyon ishtirok etib keladi va shu vaqtgacha jami beshta medal olgan (faqat bittasi oltin), tayvanliklar esa — 1956 yildan ishtirokini boshlagan va shu vaqtgacha 36 medalga ega chiqqan (yettitasi oltin).

Bu ikki jamoa hozircha Parijda medallar hisobini ochmadi.

Mavzuga oid