Jahon | 20:10 / 30.07.2024
2294
3 daqiqa o‘qiladi

RF Davlat dumasi anonim Telegram-kanallarni reklama va repost qilishni taqiqlamoqchi

Rossiyada 10 ming va undan ko‘p obunachiga ega blogerlarni o‘z ma’lumotlarini “Roskomnadzor”ga berishga majburlamoqchi. Shaxsni aniqlashga yordam beruvchi ma’lumotlar maxsus reyestrga kiritiladi. Anonim internet resurslar reklama olishdan mosuvo bo‘lishadi, ularni istalgan repostlar yordamida tanitish taqiqlanadi.

Aleksdr Xinshteyn. Foto: iportal.ru

Tegishli o‘zgartirishlarni Rossiya Davlat dumasining informatsion siyosat bo‘yicha qo‘mitasi ma’qullagan. Qo‘mita rahbari, “Yedinaya Rossiya” a’zosi Aleksandr Xinshteynning ma’lum qilishicha, o‘zgartirishlar Telegram-kanallarga ham taalluqli bo‘ladi. Uning qayd etishicha, “bunday kanallarning ko‘pchiligi ta’sir doirasi bo‘yicha an’anaviy OAVlardan o‘zib ketgan”, biroq ularning egalari “tarqatilayotgan ma’lumotlar, jumladan, feyklar va boshqa taqiqlangan kontent uchun amalda biror bir mas’uliyatni his qilishmayapti”. Xinshteynning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi aynan shu vaziyatni o‘zgartirishga qaratilgan.

Xinshteynning qo‘shimcha qilishicha, keng ayditoriya qamroviga ega anonim kanallarni bloklashga urinilmaydi, biroq ular reklama joylashtirishi yoki donat yig‘ishi mumkin bo‘lmaydi, boshqa pabliklarga ularning postlarini repost qilish taqiqlanadi.

O‘zgartirishlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga kiritilmoqda. Blogerlarni anonimlikdan chiqarishga yo‘naltirilgan ma’lumotlar tarkibi va ularni “Roskomnadzor”ga taqdim etish tartibini ishlab chiqish hukumatga topshiriladi. Bu holatda ijtimoiy tarmoq tartibga soluvchining reyestriga kirgan kanallarni markirovka qilishi kerak bo‘ladi.

“Roskomnadzor”dagilar avvalroq ayni paytdagi vaziyatda “ijtimoiy tarmoq yoki messenjerda axborot tarqatayotgan foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishi muhim”ligini ta’kidlashgan edi.

“Bu inson kontentning tarkibi uchun o‘zining mas’uliyatini tushunishi kerak”, — deyishgan idoradagilar mazkur qonun darajasidagi o‘zgarishlar “feyklar, zo‘ravonlikka qarshi kurash, voyaga yetmaganlarni novonuniy xatti-harakatlarga jalb qilish va boshqa taqiqlangan ma’lumotlarni tarqatish”ga qarshi kurashish uchun muhimligini qayd etib.

Avvalroq xuddi shu Xinshteyn ijtimoiy tarmoqlarda pasport ma’lumotlari bo‘yicha qayddan o‘tishni joriy qilishni taklif qilgan edi. Xinshteyn bunday choralar telefon firibgarligidan tortib, terrorizm, ekstremizm va josuslikkacha bo‘lgan kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish uchun kerakligini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid