O‘zbekiston | 19:47 / 30.07.2024
4934
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki nafar shifokorni ayovsiz kaltaklagan bemor va uning o‘rtoqlari qamoqqa olindi

Kaltaklangan shifokorlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazida zarur muolajalarni olmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Toshkent shahrida ikki nafar shifokor bemor va uning o‘rtoqlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgandi. SSV holat yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqladi

Unga ko‘ra, tibbiyot xodimlariga jiddiy tan jarohati yetkazgan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 3 nafar ayblanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanib, ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi tergov organi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.

Ayni paytda mazkur hodisa oqibatida jiddiy tan jarohati olgan shifokorlar — M.X. va H.U. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroxirurgiya bo‘limida malakali shifokorlar nazorati ostida tegishli muolajalarni olmoqda.

— Bir necha yildan buyon tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, avval hech bunday hodisaga duch kelmagandim, — deydi 1-son shahar klinik shifoxonasi mikroxirurgiya bo‘limi shifokori M.X. —  Ushbu voqeadan keyin oldimizga sog‘liqni saqlash vaziri kelib, holimizdan xabar oldilar. Ochig‘i, bu e’tibordan juda xursand bo‘ldim.

Vazir biz bilan muloqotda tezroq sog‘ayib ketishimizni va oilamiz bag‘riga qaytishimizni tilab, aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo belgilanishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. 

— O‘sha kuni bo‘lim mudiri qabul bo‘limiga bir bemor olib kelingani haqida xabar berdi, — deydi yana bir jabrlanuvchi shifokor H.U. — Shundan so‘ng darhol operatsiya xonasiga chiqdim. U yerga borganimda tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan bemor mikroxirurg-shifokorga qo‘l ko‘tarayotganini ko‘rib, ularni ajratmoqchi bo‘ldim. Biroq qolganini eslolmayman. 

Vazir biz bilan cuhbatda mana shunday qiyin vaziyatda ham o‘z xizmat vazifamizga sodiq qolganimiz uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Albatta, men shifokorlarga nisbatan bo‘layotgan bunday salbiy munosabatlarga tegishli huquqiy baho berilishiga ishonaman.

Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka binoan tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid