Jahon | 07:39 / 30.07.2024
2278
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Bosh shtabi: Kursk viloyatida 4 ta elektr podstansiyasiga zarba berildi

Ukraina xavfsizlik xizmati Kursk viloyatidagi «kamida» 4 ta elektr podstansiyasiga zarba berdi, deya xabar qildi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi.

Foto: Ukraina Qurolli kuchlari

Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») qoshidagi «Alfa» maxsus operatsiyalar markazi Kursk viloyatidagi «bir qator elektr podstansiyalariga» zarba berdi. Bu haqda 29 iyul, dushanba kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi. Hujumlar natijasida «kamida to‘rtta podstansiyada portlashlar» haqida ma’lum, «Kursk viloyatining Ponirovskiy, Kursk va Solnsevskiy tumanlarida elektr ta’minotida uzilishlar qayd etilgan», deyiladi xabarda.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiya energetika obektlariga hujum aynan qachon amalga oshirilganiga aniqlik kiritmayapti. Ayni vaqtda Kursk viloyati gubernatori Aleksey Smirnov avvalroq Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari 29 iyulga o‘tar kechasi mintaqa uzra 19 ta dronni urib tushirganini ma’lum qilgandi. «Solnsevskiy tumanida uchuvchisiz uchoq qoldiqlari elektr uzatish liniyalariga zarar yetkazgan», - dedi Smirnov. Yettita aholi punktida elektr energiyasi yo‘q edi, biroq gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, keyinroq elektr ta’minoti tiklangan. 

Rossiya boshqa mintaqalaridagi elektr inshootlarida yong‘inlar 

29 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasining boshqa hududlariga ham hujum uyushtirildi. Xususan, Oryol viloyati gubernatori Andrey Klichkov UUA hujumi natijasida «mahalliy elektr stansiyasiga zarar yetganini» xabar qildi. «Pepel» nashrining yozishicha, dronlar Belgorod viloyati Tomarovka qishlog‘idagi elektr podstansiyasiga ham hujum qilgan va u yerda yong‘in boshlangan. 

Ukraina Bosh shtabi: Rossiya sanoati - Ukrainaning qonuniy maqsadi

«Ukrainaga qarshi urush uchun ishlaydigan Rossiya sanoati bizning qo‘shinlarimiz uchun qonuniy nishondir», dedi Ukraina armiyasi vakillari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Kursk viloyatidagi to‘rtta elektr podstansiyasi, jumladan, Ukrainadagi rus qo‘shinlari uchun qurol-yarog‘ va harbiy texnikani olib o‘tuvchi Rossiya temiryo‘li ishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid